Azimbek Xushmamatov

Azimbek Xushmamatov
O'zbek tili va adabiyot universiteti talabasi

Taqrizlar

14-noyabr, 2025

Qodiriyning "Mehrobdan chayon"i haqida ko‘plab taqrizlar yozilgan, tahlillar qilingan. Men ham asarni o‘qib chiqdim va bugungi postda kitobga boshqacha nigoh bilan diktatura prizmasi bilan qarab ko‘rmoqchiman.

Yuzaki qaraganda asar Anvar va Ra'noning muhabbati va ular bir-biriga yetishishi yo‘lidagi to‘siqlar haqida. Bu to‘siqlarning eng kattasi esa Qo‘qon xoni Xudoyor.

Albatta, Xudoyorning diktaturasi (diktatura deyish mumkinmi buni yoki yo‘q bilmayman) XX asr qo‘rquv diktatorlaridan yoki XXI asr manipulyativ diktatorlaridan farq qiladi. Asar muhabbat haqida bo‘lgani va Xudoyorxon 2-darajali qahramon ekanligi uchun uning jinoyatlariga ko‘p to‘xtalib o‘tilmaydi. Lekin asardagi xonga yaqin bo‘lgan uning huzurida ishlaydigan qahramonlarning ta'riflaridan klassik diktatorlar tomonidan amalga oshiriladigan jinoyatlar Xudoyor tomonidan ham qilingani seziladi. "Mehrobdan chayon" xonlar diktaturasini o‘rganishda qo‘l keladigan ajoyib asar.

Shunday kitoblar, filmlar, seriallar borki unda biror tarixiy fojea fonida muhabbat qissasi tasvirlanadi. Bunga yorqin misol "Titanik" filmi. "Mehrobdan chayon"ni ham bemalol mana shunday asarlar sirasiga kiritish mumkin. Zero Qodiriyning o‘zi ham asarni "Xudoyorxon va munshiylari hayotidan tarixiy ro‘mon" deb boshlaydi. Bu ham Anvar va Ra'no hayoti o‘z yo‘liga ekani va Xudoyorning dastidan Qo‘qonda yuzlab yoki minglab odamlar bu ikki qahramonning taqdirini boshidan kechirgani va hammasida ham intihoda yaxshilik g‘alaba qozonmaganini anglatadi. Asardagi "Qirq qizlar" nomli bob voqealikdagi fojeani yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi.

Asar so‘nggida Abdulla Qodiriy mehrobdagi chayon mulla Abdurahmon ekanini ta'kidlaydi. Kitob yozilganiga 4 yildan so‘ng bir asr to‘ladi va mehrobdagi boshqa chayonlarni ham izlab ko‘rganim uchun Abdulla bobo meni kechiradi.

Yuqoridagi fikrlar subyektiv hisoblanadi. Men diktatorlar mavzusiga juda qiziqqanim va doim ularni o‘rganib borishim sababidan Qodiriyning ushbu buyuk asariga ham ayni prizmadan qarashga harakat qildim.

2024-yilning aprel oyida Odil Ahmedovning biografiyasi bo'lgan "Orzuning shonli yo'li" kitobini o'qidim. Sovg'a qilgan odamga alohida rahmat :)

Kitobda men o'yinini ko'rgan o'zbekistonliklar ichida eng yaxshisi bo'lgan Odil Ahmedovning hayot yo'li, boshidan kechirgan qiyinchiliklari, futbolchi bo'lib yetishish yo'lidagi to'sqinliklar haqida hikoya qilinadi. Kitob tili, syujet tuzilishi, dizayn va yana bir qator narsalar bo'yicha savollarim bor. Lekin shunga qaramay Odil Ahmedovning hayot yo'li haqida yaxshigina ma'lumot oldim.

To'g'ri men bu kitobni o'qib, 2010-yillardagi "Paxtakor"–"Bunyodkor" qarshiligi, "Anji"dagi yulduzlar bilan munosabatlar, "Krasnodar"dagi faoliyat, "Arsenal" haqidagi mish-mishlar, Fransiya klubidan bo'lgan takliflar haqida ko'proq ma'lumot olmoqchi edim. "Orzuning shonli yo'li" esa asosan Odilning bolaligi haqida. Men O'zbekistonda biografik asarlar ko'proq yozilishini istayman. So'nggi vaqtlarda bu janrga qiziqishim juda ortgan.

Hozir o'qiyotgan kitobimga kelsak bu Go'zal Yaxinaning "Zulayho ko'zlarini ochyapti" asari. Muallif Toshkentda ijodiy kecha o'tkazishini eshitib, bu asarni o'qishni boshlagandim va yaxshi tezlik ham olgandim (3-4 kunda 100 bet). Keyinchalik ijodiy kechaga akkreditatsiya ololmasligimiz aniq (tashkilotchilar bizni ignor qilgani uchun Xudo ularni ignor qilsin) bo'ldi va asar qolib ketdi. Hozirda esa yana kuch topib, o'qishni davom ettirmoqchiman.

14-noyabr, 2025

Universitetimni yaxshi ko'raman. Sirtqi ta'limda o'qiganim uchun o'zi 20 kungina univerga boramiz va shu orada o'zbek adabiyotiga mansub 4-5 ta asar o'qish vazifasi beriladi. Bu safar ularni barchasini o'qishga qaror qildim. Ularning orasida G'afur G'ulomning "Shum bola" asari bor edi.

Qoravoy menda qiziqish uyg'otmasligi mumkin edi, lekin adabiyot o'qituvchisining tahlili meni qiziqtirdi. Qisqa vaqt ichida o'qib / eshitib chiqdim. Hamma-hamma tahlillar-u, asarga nisbatan ishlatilgan maqtovlarga ishongan holda bir savol hayolimga keldi. Hozirgi o'zbek o'quvchisi bu asarni nima uchun o'qishi kerak?

Post shu savol atrofida aylanar ekan o'qimaganlar uchun asar nima haqida ekaniga ham to'xtalib o'tsak. G'afur G'ulom asarni 1936-yilda yozgan va o'sha paytlarda jamiyatda bo'lgan muammolarni bola tilidan hikoya qilgan. Har bir voqea bo'yicha alohida xulosa chiqarish, o'sha davr bo'yicha tasavvurga ega bo'lish mumkin.

Odamni xafa qiladigan tomoni esa "Shum bola"dagi muammolar hozir ham aktual. O'tkir Hoshimov bir paytlar "Haqiqiy badiiy asar vaqt va o'quvchi chig'irig'idan o'tgan bo'lishi kerak", degan ma'noda gap aytgan. "Shum bola" ham ma'lum davr muammolarini ko'targan, zamon va odamlar almashganidan keyin unutiladigan asar bo'lgan. Ammo afsuski hali ham Qoravoyning boshidan kechirganlarini o'qib, bugungi kunga parallellar topish mumkin.

Orzudagi O'zbekistonda "Shum bola"ni o'sha 1930-yillarda vatan ahvoli qanday bo'lganiga yoki muallifning asarlariga qiziqqan odamgina o'qishi kerak. Hozirgi kun bilan solishtirib, "mana bu narsa hali ham o'zgarmabdi", deyish uchun emas.

O‘zbek adabiyotini o‘rganar ekansiz, unda yangidan-yangi qahramonlar chiqishda davom etadi. Men "1984" asarini o‘qiyotgan vaqtim qachondir o‘zbek tilida ham, O‘zbekistonda ham shunday asar yozilarmikan, degan savol tug‘ilgandi. Lekin bunday asar Karimov davrida yozilgani va O‘zbekistonda nashr etilgani hayolimni bir chetiga ham kelmagandi.

Adabiyot ustozimning va yana boshqa bir-biridan mustaqil odamlarning aytishicha Ahmad Aʼzam ismli yaxshi yozuvchi bo‘lgan (boshqa yaxshi ishlar ham qilgan, ularni internetdan o‘qib olasiz). Uning "Ro‘yo yohud G‘ulistonga safar" antiutopik asarini o‘qib chiqdim (men haligacha Karimov va antiutopik asar degan so‘zlarni bitta postda ishlatayotganimga hayron qolyapman).

Kitobda bosh qahramon adashib, qattiq intizom o‘rnatilgan hayoliy G‘uliston davlatiga borib qoladi. Unda barcha odamlar o‘z tanasini to‘liqligicha zanjir bilan o‘raydi va butun umrini shunday o‘tkazadi. Ular bolaligidanoq zanjirga burkanadi, mamlakatda g‘ayriinsoniy zanjir mafkurasi olib boriladi, boshqa davlatlardagi zanjirsizlar adashgan bandalar sifatida ko‘riladi.

G‘uliston hech kimga ko‘rinmaydigan bir hukmdor tomonidan boshqariladi, hamma unga sig‘inadi. Bu o‘rinda asarda "1984" elementlarini sezish mumkin. Lekin asosiy farq shundaki, Ahmad Aʼzam qahramoni G‘ulistonga adashib kelib qolsa, Oruell personaji o‘sha jirkanch va inson erkiga zid davlatda yashaydi. Siz G‘ulistondan qachondir chiqib ketishingizga ishonasiz, Uinston bilan birga esa otuvga hukm qilinasiz. Ahmad Aʼzam asarida kelajakka bo‘lgan umid seziladi. Bir qator epizodlarda buni ko‘rish mumkin.

Antiutopik asarlarning asosini insonning fundamental huquqlarini cheklovchi holatlar egallaydi. Asarning deyarli har bir epizodida Karimov qurgan davlat bilan parallellar keltirish mumkin. Ammo xulosa bu haqda emas.

Sen istalgancha cheklovlar kiritishing, qanaqadir ko‘rinmas qora ro‘yxatlar yuritishing, xalqni oldinga boshlashi mumkin bo‘lgan shoirlarning ovozini o‘chirishing, erkin fikrga ega odamlarni vatandan quvishing mumkin. Lekin hech qachon adabiyotni mag‘lub eta olmaysan. Eng dahshatli totalitar tizimlarda ham G‘ulistonga o‘xshash asarlar yozilgan, yozilmoqda va yoziladi!

14-noyabr, 2025

Katta yozuvchilar asarlarini o‘qir ekanmiz, albatta, bolalar tilidan yozilgan asarga ko‘zimiz tushadi. Masalan, G‘afur G‘ulomning "Shum bola" asariga adib "ijodining cho‘qqisi" deya qaralsa, Chingiz Aytmatovning "Oq kema" asari yozuvchining sermahsul ijodida alohida ajralib turadi.

Bunday uslub asosan kattalar aytolmagan haqiqatlarni bolalar tili bilan bemalol ayta olish uchun ishlatiladi. Chunki kattalar qo‘rqqan baʼzi narsalardan bolalar umuman hayiqmaydi. Ikki asarni qiyosiy tahlil qilar ekanmiz, Qoravoy atrofida ham, Aytmatovning bolakayi atrofida ham deyarli ijobiy qahramonlarni ko‘rmaymiz (ijobiylar ham yakunda salbiyga aylanib ketadi). Ikki asarda ham atrofimizdagi olam juda chirkin ekani ko‘rsatiladi. Bolalar katta bo‘ladi va ushbu chirkin dunyoning bir qismiga aylanadi yoki Aytmatov qahramoniga o‘xshab...

Yana qirg‘iz adibining folklor bilan ishlash qobiliyatiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Yozuvchi qaysidir tarixiy syujetni oladi, uni o‘zi yashab turgan dunyoga moslab qayta yozadi va buni yashirib ham o‘tirmaydi. U doim asarlarida mana shu tarixiy syujetni ham keltirib o‘tadiki, biri ikkinchisini to‘ldirish uchun xizmat qiladi. Bu orada Borxesning "Bu dunyoda faqat 4 ta hikoya bor", degan fikri ham tasdiqlanadi.

14-noyabr, 2025

Dostoyevskiyning "Jinoyat va jazo" asarini tugatdim. Asar uchta liniyadan tashkil topgan. Bular, jinoyat, jazo va muhabbat liniyasi. Raskolnikov insonlar ikki turga, oddiy odamlarga va favqulodda odamlarga bo'linadi, deb hisoblaydi.

O'zining Napaleon bo'lish g'oyasi uchun, katta-katta yaxshi ishlarni qilish uchun kichik jinoyatlarga ruxsat beriladi, degan fikrini isbotlash uchun u kampirni o'ldirgani boradi. Inson g'oyalardan tashkil topadi deya ishoniladi. Raskolnikov ham hayotining mazmuniga aylangan fikrni realizatsiya qiladi. Ammo bu kutilganidek bo'lib chiqmaydi.

Qahramon bu qotillik orqali o'zimni o'ldirdim deya xitob qiladi. Demak u jinoyat orqali g'oyani o'ldirganini ham tan oladi. Mana shundan keyingi bo'shliq esa unga azob beradi. Toki u Sonya obrazi bilan tanishmaguncha, muhabbatni topmaguncha. Mana shu yo'lda topgan muhabbati o'zini kechirishga, poklanishiga sabab bo'ladi. Muhabbat qutqaradi!

Biz suhbatlarimiz davomida asarda ikki yoki uch bora eslab o'tilgan bir personajga e'tibor qaratdik. Bu Raskolnikov uylanaman, degan biroq erta vafot etgan kasalmand qiz. Bizda savol tug'ildi, Raskolnikov uni haqiqatan sevganmi yoki oliyjanoblik qilmoqchi bo'lganmi? Raskolnikov sevgan, chunki kampirni o'ldirish rejasi haqida u bilan suhbatlashardim, deydi. Menimcha, bunday reja duch kelgan odam bilan gaplashilavermaydi. Shuningdek, qiz bunga qarshi edi deydi. 

Qizning bunga qarshi bo'lgani sababidan jinoyat sodir etilmay turgani va uning o'limidan so'ng Raskolnikov bunday mudhish xatoga yo'l qo'ygani ham tasodif emas. Bosh qahramon qalbida bo'shab qolgan muhabbatning o'rnini nafrat qoplaydi va kampir o'ldiriladi. Shuning uchun ham asarni muhabbatdan muhabbatgacha deyish mumkin. Chunki aynan Sonya Marmeladova Raskolnikovdek osiy bandani ham sevish mumkinligini ko'rsatadi va uni qutqaradi.

Logo Logo © 2025 Mutolaa.uz