Ernest Xeminguey

image
10
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
5.0
Reyting
Janrlari:
qissa hikoya roman

Amerikalik yozuvchi. 1917-yildan Kanzas-Sitida jurnalist-reportyor sifatida ish boshlagan. 1-jahon urushi qatnashchisi (1914-18). Xeminguey 1928-yilgacha Parijda, 1939-60-yillarda Kubada yashadi. Dastlabki hikoyalar kitobi – “Bizning zamonda” (1924). “Quyosh chiqadi” (1926, inglizcha nashrlarda “Fiyesta” nomi bilan chop etilgan),“Alvido, qurol!” (1929) romanlarida urushning bemisl mantiqsizliklari, inson haq-huquqlari, erkiga tajovuz, ayni paytda, insoniy mardlik, qadr-qimmat va muhabbatning har qanday yovuz kuchlardan ustunligi yorqin ifodalangan. 1930-yillarning 1-yarmida Xeminguyey ijodida tushkunlikni kuzatish mumkin. Shu davrda yozuvchi hayot yoʻlini qayta mulohaza qilib koʻrishga, oʻz ijodining muayyan yoʻnalishlarini aniqlashga intiladi. Natijada “Peshindan keyingi oʻlim” (1932), “Afrikaning yashil tepaliklari” (1935), “Gʻolibga bayroq berilmaydi” (1933) hikoyalar toʻplami dunyo yuzini koʻradi. “Hoʻkizning shohi”, “Frensis Makomberning baxti”, “Kilimanjaro qorlari” (1936) hikoyalari, “Toʻqchilik va yoʻqchilik” (1937) romanida Xeminguyey ijodiy yuksalishi koʻzga tashlanadi. Xeminguyey asarlarida dastlabki jurnalistik kuzatuv oʻrnini tahliliy, qiyosiy mulohaza va mushohadalar egallaydi. U har qanday urushni qoralaydi, shu tufayli insoniyat aziyat chekayotganiga eʼtibor qaratadi. Inson huquqlari yoʻlida, ozodlik kurashida yolgʻiz maydonga tushishning halokatli oqibatlarga olib kelishini oddiy kishilar obrazi orqali ifodalaydi. Xeminguyey 1931–39 -yillari ispan xalqining milliy ozodlik kurashida harbiy muxbir sifatida qatnashadi. Shu yillarda uning bir necha ocherk va reportajlari, “Motam qoʻngʻirogʻi” (1940) romani chop etiladi. Bu asarlardagi qahramonlar xalq ozodligi yoʻlida fashizmga qarshi kurashadilar, insoniyat taqdiri uchun oʻzlarining masʼul ekanliklarini qalban his etadilar, kishilar bilan birga iztirobga tushadilar, xavf-xatardan qutulish choralarini izlaydilar. 2-jahon urushidan keyin Xeminguyey ijodida yangi davr boshlangan. Biroq bu davrda yuzaga kelgan “Xavfli yoz” va “Okeandagi orollar” romanlari avvalgilariga qaraganda badiiy jihatdan ancha boʻsh asarlar sanaladi. Lekin maʼlum muddat oʻtib, Xeminguyey insonning ruhiy holatini tadqiq etish bilan jamiyatdagi mavjud vaziyatni ochib berishga qodir asarlarni yaratdi. Badiiy jihatdan ancha yuksak boʻlgan “Daryoning nariyogʻida, daraxtlar soyasida” (1950) romani, “Chol va dengiz” (1952) qissasi Xeminguyeyga katta shuhrat keltirdi. Xeminguyey 20-asrda oʻzigagina xos boʻlgan qatʼiy xolislikka asoslangan xarakterli uslubni yaratdiki, keyinchalik Amerika qitʼasidan yetishib chiqqan yozuvchilar bu uslubga tez-tez murojaat qiladigan boʻlishdi.“Chol va dengiz”, “Alvido, qurol!” va boshqa asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Nobel mukofoti laureati (1954)

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz