Aleksandr Pushkin

image
4
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
4.0
Reyting
Janrlari:
qissa

Pushkin Aleksandr Sergeevich [1799. 26. 5 (6. 6), Moskva – 1837. 29. 1 (10. 2), Peterburg] – rus yozuvchisi, yangi rus adabiyotining asoschisi.
Otasi Sergey Lvovich qadimgi dvoryanlar qavmidan, onasi Nadejda Osipovna esa Pyotr I qoʻlida tarbiya koʻrgan habash – A. P. Gannibalning nabirasi boʻlgan. Pushkinda nafis soʻzga mehr-muhabbatning paydo boʻlishida rus xalq qoʻshiqlari hamda ertaklarini yaxshi bilgan enagasi Arina Rodionovnaning taʼsiri, ayniqsa, kattadir. Oʻsha davrning eng nufuzli oʻquv yurtlaridan biri – Peterburg yaqinidagi Sarskoye selo (hozirgi Pushkin shahri) litseyida oʻqish (1811–17) Pushkinning shoir va erksevar inson sifatida shakllanishida muhim omil boʻlgan. Pushkin litseyni tugatgach, Peterburgga koʻchib borgan va tashqi ishlar kollegiyasida kotib lavozimida ishlagan. U Peterburgda xizmat qilgan yillar (1817–20) Rossiyaning tarixiy taraqqiyoti uchun muhim bir davr edi.
Pushkinning dastlabki sheʼrlari 1913-yilda matbuot yuzini koʻrdi. U litseyda oʻqib yurgan kezlarida 120ga yaqin sheʼr va 2 doston (tugallanmagan) yozadi. Litsey bilan xayrlashuv kechasiga bagʻishlangan sheʼri esa shu kechada qatnashgan G. R. Derjavinning yuksak bahosiga sazovor boʻlib, u Pushkinning buyuk shoir boʻlib yetishishini bashorat qiladi. Keyinchalik Pushkin rus jamiyatida uygʻonib borayotgan erksevarlik kayfiyati taʼsirida “Erkinlik” (1817), “Chaadayevga” (1818), “Qishloq” (1819) singari sheʼrlarni yaratadi.
Pushkinga qadar rus sheʼriyatida qasida, marsiya, xat singari har bir sheʼriy janr klassitsizm tomonidan belgilangan qatʼiy qonun-qoidalar asosida yozilgan. Pushkin litsey lirikasidan farqli oʻlaroq, Peterburg davri ijodida sheʼriy janrlar oʻrtasidagi chegaralar va uslubiy farqlarni bartaraf etib, rus sheʼriyati taraqqiyoti uchun yangi badiiy ufqlarni ochib bergan (“Ruslan va Lyudmila”, 1820).
Pushkin ijodining tadrijiy yoʻlini shartli ravishda 4 bosqichga ajratish mumkin. Agar 1813–16-yillarni oʻz ichiga olgan l bosqichda Pushkin oʻz zamondoshlarining badiiy tajribasini oʻzlashtirgan boʻlsa, 2-bosqich (1817–20)da Pushkin ijodining gʻoya va mavzular olami kengayib, u oʻz uslubiga erishish yoʻlida badiiy izlanishlar olib borib, kitobiy til bilan jonli xalq tilini oʻzaro yaqinlashtirdi. Shoirning 1820–24-yillar ijodida (3-bosqich) romantizm ustuvorlik qildi. Ammo koʻp oʻtmay, Pushkin qahramonni poetiklashtirish va voqelikni ehtiros bilan tasvirlashda davom etgan holda romantik tasvir metodidan chekindi. Pushkin ijodining 1925-yildan boshlangan 4-bosqichida obrazlar va mavzular koʻlamini chegaralashning har qanday koʻrinishini rad etuvchi, fikr bilan tuygʻuni, haqiqatni tadqiq etish bilan “jonli tasavvur”ni oʻzaro uygʻunlashtirishga asoslangan realistik tizimni ishlab chiqdi.
Pushkinning rus jamiyatidagi erksevar kuchlar taʼsirida yozilgan zulm va krepostnoylikni fosh etuvchi sheʼrlari chor hukumatida norozilik kayfiyatini uygʻotdi. 1819-yilda Pushkinning “Yashil chiroq” toʻgaragida ishtirok etishi esa Aleksandr I ni nihoyatda gʻazablantirdi. U 1820-yil mayida Pushkinni Yekaterinoslavga surgun qildi. Shoir Yekaterinoslavga yetib kelishi bilan xastalikka yoʻliqadi va shu yerda qoʻnoqda boʻlgan general N. N. Rayevskiyning oilasi bilan birga dastlab Kavkazga, keyin Qrimga yoʻl oladi.
Rossiyaning janubida yashash Pushkin ijodida yangi davrning boshlanishiga imkon berdi. U dastlab J. Bayron taʼsirida romantik dostonlarini yozdi. Pushkin romantizmining ilk namunasi – “Kavkaz asiri” dostoni (1820–21) 20-yillardagi erksevar yoshlar kayfiyatini ifodalagani uchun ular oʻrtasida katta muvaffaqiyat qozondi. Pushkin voqelikni romantik boʻyoqlar bilan tasvir etishda davom etib, “Aka-uka qaroqchilar” (1821–22) va “Boqcha saroy fontani” (1923) dostonlarini yaratdi. “Loʻlilar” dostoni esa Pushkinning ijodiy tadrijida roʻy bergan jiddiy burilishning samarasi boʻldi. Pushkinning romantik dostonlari va shu yillar lirikasi (“Demon”, “Dengizga” ) yagona gʻoyaviy-badiiy yoʻnalishga ega boʻlib, ular psixologik tasvirning teranligi, ruhiy olam, tabiat va tevarak-atrofdagi hayotiy hodisalar oʻrtasidagi aloqalarning rang-barangligi bilan ajraladi.
1824-yil Pushkin xizmat vazifasidan ozod etilib, Mixaylovskoye qishlogʻi (Pskov)ga surgunga yuboriladi. Ikkinchi marta tazyiqqa uchragan shoir qisqa muddatli ruhiy ezilishdan soʻng mutolaaga berilib, shu atrofdagi aholining ertak va qoʻshiqlarini toʻplaydi, “Boris Godunov” tragediyasi (1825), “Graf Nulin” dostoni, “Qurʼonga tadabbu”, “Andrey Shenʼe”, “19-oktyabr” va boshqa mashhur sheʼrlarini yozadi, “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romani ustidagi ishni davom ettiradi. “Boris Godunov” Pushkinning dramaturgiya sohasidagi dastlabki tajribasi boʻlsa-da, shoir unda Shekspir anʼanalariga tayangan holda dramatik sanʼatning yangi yoʻllarini kashf etadi, xalq bilan hokimiyat oʻrtasidagi munosabatni asar markaziga olib chiqadi. “Boris Godunov”ni yaratish asnosida ishlab chiqilgan badiiy tamoyillar (tarixiylikka intilish, insoniy kechinmalarni barcha ranglari bilan mujassamlashtirish, xarakterlarga xos hayotiy murakkablikni ochish va b.) Pushkinning keyingi ijodida oʻz samaralarini berdi.
20-yillar oxiri – 30-yillar boshlarida Pushkin ijodida realizm tantana qilib, u “Graf Nulin”dan tashqari, “Poltava” (1828–9), “Kolomnadagi uy” (1830), “Mis chavandoz” (1833) dostonlari va keyinchalik shoirning “kichik tragediyalar”ini tashkil etgan baʼzi bir pyesalari hamda nasriy asarlari (“Belkin qissalari”, “Kapitan qizi” va b.)ni yaratadi. Pushkin shu davrda lirikada badiiy realizmning yuksak bosqichiga erishadi.
20-yillarning 2-yarmida Pushkin “Yevgeniy Onegin” ustidagi ijodiy ishini davom ettirdi. Sheʼriy romanning 1833-yilda toʻla holda nashr etilishi rus adabiyoti tarixida ulkan voqea boʻldi. Garchand sheʼriyatning bu janri rus adabiyotida keyinchalik izchil davom ettirilmagan boʻlsa-da, bu asarda kashf etilgan yangi realistik tasvir metodi va yangi estetika tamoyillari rus adabiyotining keyingi taraqqiyoti uchun gʻoyat katta ahamiyatga molik boʻldi. Pushkin asarda polifonik tasvir usulining shunday yoʻllarini topdiki, ular voqelikni keng qamrab olish, muhim hayotiy muammolarni tasvir doirasiga olib kirish, epik va lirik ibtidolarni uzviylashtirish imkonini berdi. Natijada romanda Pushkin yashagan davrning muhim masalalari oʻz inʼikosini topdi, oʻsha davrda keng tarqalgan kishilar xarakteri tarixiy, ijtimoiy va maishiy sharoit fonida zoʻr mahorat bilan tasvir etildi.
Pushkin 1830-yil kuzini Boldino qishlogʻida oʻtkazdi. Rus adabiyoti tarixiga “Boldino kuzi” sifatida kirgan bu davrda shoir “Kolomnadagi uy” dostoni, “Belkin qissalari”, shuningdek, boshqa “kichik tragediyalar”ini ijod qildi. Bu asarlarning har biri, ayniqsa, “Xasis ritsar”, “Oʻlat chogʻidagi bazm”, “Tosh mehmon”, “Motsart va Saleri” “kichik tragediyalar”i olamshumul ahamiyatga molik masalalarni koʻtarganligi bilan Pushkin ijodida alohida bir sahifani tashkil etadi.
Pushkin 1831-yil yozida sharoit taqozosi bilan davlat idoralarida ishlashga majbur boʻladi. U tashki ishlar kollegiyasida xizmat qilar ekan, davlat arxivida ishlash imkoniyatidan foydalanib, Buyuk Pyotr tarixini yozmoqchi boʻladi. Arxivda ishlash Pushkinga Rossiyaning tarixi va hozirgi davridagi murakkab masalalarni toʻgʻri tushuntirish imkonini beradi. U siyosiy tuzum, “yangi maʼrifat”, Yevropa mamlakatlari mohiyati toʻgʻrisida oʻylab, tanqidiy xulosalarga keladi va feodal tuzumning chiriganiga ishonch hosil qiladi. Pushkinning “Mis chavandoz” dostoni uning dunyoqarashida roʻy bergan ana shunday oʻzgarishlarning natijasi sifatida maydonga keladi. Rossiyaning yangi, kapitalistik taraqqiyot bosqichiga oʻta boshlagani Pushkinning “Pikovaya dama” (1833) qissasida oʻz  tajassumini topgan.
Pushkin 30-yillar Rossiya tarixi bilan qiziqib, Pugachyov qoʻzgʻolonining paydo boʻlish sabablarini qunt bilan oʻrgandi, qoʻzgʻolon sodir boʻlgan joylarga borib, rus xalq qoʻshiqlari, ertak va rivoyatlarni yozib oldi. Pushkin Pugachyov qoʻzgʻoloni haqida toʻplagan bu materiallardan “Pugachyov tarixi” asari (1833), “Dubrovskiy” (1832–33) va “Kapitan qizi” (1833–36) qissalarida samarali foydalandi. Rus xalq ogʻzaki ijodi namunalariga qiziqish natijasida Pushkinning “Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak” (1830), “Shoh Sulton haqida ertak” (1831), “Baliqchi va baliq haqida ertak” (1833), “Oltin xoʻrozcha haqida ertak” (1834) singari folklor motivlari bilan sugʻorilgan asarlari maydonga keldi va bu asarlar Pushkin ijodidagi xalqchillikning yanada oshishiga sababchi boʻldi.
Pushkin 1831–32-yillarda doʻstlari tomonidan nashr etilgan “Literaturnaya gazeta” (“Adabiyot gazetasi”)da faol ishtirok etib, adabiyotda xalqchillik va realizmning tantana qozonishi uchun kurashdi. Uzoq davom etgan saʼy-harakatdan soʻng 1836-yil aprelida “Sovremennik” (“Zamondosh”) jurnalining 1-sonini chiqarishga muvaffaq boʻldi. Pushkinning rus adabiyoti oldidagi xizmatlari buyuklashgan va ijodiy faoliyati yangi-yangi qirralar kasb etib borgani sayin uning atrofidagi qora kuchlar tobora birlasha va faollasha boshladilar. Shuning natijasi oʻlaroq uning J. Dantes bilan dueli uyushtirilib, ulugʻ rus shoiri halok etildi.
Pushkinning rus madaniyati taqdiridagi roli benihoya buyuk. U yangi rus adabiyotiga asos solish bilan birga rus adabiy tilining ham shakllanishiga ulkan hissa qoʻshdi. Rus adabiyotida realizm va xalqchillik tamoyillarining, qator sheʼriy janrlarning shakllanishi va taraqqiyoti Pushkin nomi bilan chambarchas bogʻlik,. Pushkinning rang-barang ijodi nafaqat keyingi rus adabiyoti, balki musiqa, teatr, balet, rangtasvir singari sanʼat turlarining ham rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Boshqa qardosh adabiyotlar qatori 20-asr oʻzbek adabiyotining taraqqiyotida ham Pushkin ijodining taʼsiri sezilarlidir.
Toshkentda Pushkin nomida koʻcha, maydon bor. Pushkinning tugʻilgan kuniga 170-yil toʻlishi munosabati bilan 1969-yil Toshkent shahrida shoirga haykal oʻrnatilgan. (Naim Karimov)

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz