Ilyosbek Musurmonov

Ilyosbek Musurmonov
Tarixchi va Kitobxon. Telegram: t.me/Ilyosbek_reads

Taqrizlar

28-fevral, 2025

Muqaddima - Ibn Xaldun

Ibn Xaldunning bu asari "Kitob Al Ibar" (ibratlar to'plami) asariga yozilgan muqaddima hisoblanadi. Jami 7 ta kitobdan iborat. Bu to'plam sotsiologiya uchun o'ta muhim manbadir.

Muqaddima asari Xaldunning dastlabki mulohazalaridir. Kitob uchta yirik bobga va bir bo'limga bo'linadi.

📚 Asarni avvalida tarix ilmi, uning fazilatlari, tarixchilar duch keladigan xatolar va uning sabablari borasida muhokama olib boriladi.

 

❗️Xaqlalar va elatlarning holatlari vaqt o'tishi bilan o'zgarishini inobatga olmaslik tarixshunoslikning yashirin xatolaridan biridir.



U tarixni "o'z mohiyatiga ko'ra insoniylik jamiyati haqidagi xabar" deb tariflaydi. "Xabar o'z tabiatiga ko'ra yolg'on ehtimoli bilan birga keladi". Shunday ekan xabarlarda gi haqiqat yoki yolg'onni ajratish uchun esa insoniylik jamiyatiga (insonlar madaniyati, jamoaviy an'analari) qarash kerak degan mulohaza yuritadi.

1️⃣  Asarning ilk bobi "Umumiy nuqtai nazardan inson svilizatsiyasiga nigoh" nomi bilan kelgan (tarjimada).

Bu bobda inson uchun ijtimoiy tashkilot (davlat) o'ta zarur deb hisoblanadi. Shuningdek tabiatning inson va uning fe'l - atvoriga ta'siri haqida so'z boradi. Masalan sovuq iqlimda yashovchilar hissiyotga kam berilib, aqliga tayanib ish qilsa, issiq o'lkalardagilar asosan hissiyotga ko'proq berilishi haqida yozgan. Dunyoni yetti iqlimga bo'lib barcha iqlim joylashuvlarini keltirib o'tadi. 

Bunda tashqari havoning inson terisi rangiga ta'siri, unumdor tuproqlarning insonga ta'siri haqida so'z boradi. Bob yakunida Vaxiy, karomat, tush,  va tushdagi voqealarni hayotda ro'y berishi, nafsiy va shaytoniy tushlar va bular insondagi uch xil ruhlar tufayli bo'lishi haqida yozgan.

2️⃣ Ikkinchi bob ko'chmanchi xalqlarga bag'ishlangan. Unda Badaviylar va o'troq aholi o'rtasidagi farqlar tahlil qilinadi.

Misol uchun Badaviylar (ko'chmanchi) jismonan bardoshli, oddiy hayot kechirishi tufayli hech qanday hashamat paydo qilmasligi, ularda asabiyat (birdamlik) kuchli bo'lishi va erkinlikka moyil bo'lishi (o'troq aholi markaziy hokimiyatlarga bo'ysunishga majbur) haqida yozgan va turli misollar bilan buni isbotlangan.

Bobda urushlarda mag'lub bo'lganlar g'oliblarga doim taqlid qilishi (ularning madaniyatiga o'tib borish), birdamlik asosan din bilan birga bo'lgandagina kuchli bo'lgani haqida so'z boradi.

3️⃣ Uchinchi bob esa davlat, podsholik, xalifalik va ulardagi ba'zi holatlar haqida so'z boradi. Masalan, sulolaviy kuchga faqatgina birdamlik bilan erishish, davlat kuchayganda birdamlikka ehtiyoj yo'qolishi va bu tufayli ichki nizolar sodir bo'lishi (davlat qurishda sheriklar endi kerak bo'lmasligi yoki ularning katta vakolatga chiqib olishi) kabi masalalar yuritiladi.

Bu bob bizga qudratli davlat asosi faqat din bo'lishi va davlat buyukligi uning asoschilari ko'pligiga bog'liq deb hulosa chiqaradi. Davlatda turli qabilalar soni ko'p bo'lishi  uni yemirilishiga olib keladi deb uqtiradi.

Asar qonunlar asosan yumshoq yuritilishi kerak deydi. Aks holda mahkum inson qalbi qotib boradi. Bu unga erkinlik bermaydi natijada qo'rqoq jamiyat paydo bo'ladi degan bir hulosani bizga beradi.

⚡️ Xulosa. Asar sotsiologiya uchun o'ta qimmatli manba. Kitob orqali insonlarning o'zaro aloqalari va rivojlanishidagi bog'liqliklarni bemalol tushunish mumkin. Bu esa bizga jamiyat haqida yangi bilimlar beradi. Buni bilish insonga jamiyatdagi o'zgarishlarni oldindan sezish hissini beradi. Xaldun Tarixni sabablar fani deb ham qarasa kerak. Ya'ni tarixni faqatgina voqeani bilish  uchun emas, nega aynan shunday bo'lgani sababini bilish kerakligi ta'kidlanadi. Shu ma'noda o'qigan inson o'zi uchun tarix fanini qaytadan kashf qiladi. Chunki asar meni tarix fani haqidagi qarashlarimni o'zgartira oldi.

Kitobni iloji boricha mutaxassis o'qishi kerak deb o'ylayman. Chunki asar tushunarsiz so'z, atama, joylashuv va ismlarga to'la. Masalan "svilizatsiya" so'zini mutaxassis bo'lmasangiz qanday ma'noda yozilganini tushunmaysiz. Qiziqish uchun olganlar ilmiy asarlar o'qishda yuqori saviya egasi bo'lmasangiz kitobga vaqt sarflab o'tirmang.

#taqriz #kitob 

 T.me/Ilyosbek_reads

✨  Yuqumlilik - Yona Berger

 

Xarid paytidagi qarorlarning 20 foizidan 50 foizigacha qismini mish - mishlar hal qiladi.



📚 Asar marketing, reklama va ijtimoiy psixologiyaga bag'ishlangan bo'lib, nima uchun ba’zi narsalar odamlar orasida virus kabi tarqaladi, boshqalari esa yo‘q degan savolga javob izlaydi. 

Bergerning fikricha, eng samarali reklama odamlar o'rtasidagi shaxsiy muloqot orqali bo'ladi.

Berger o‘z kitobida muvaffaqiyatli va ommalashgan mahsulot yoki g‘oya yaratish uchun oltita muhim omilni ta’kidlaydi. U bu tizimni STEPPS deb nomlaydi. Bular:

 

✅ Ijtimoiy qiymat.



Odamlar o‘zlarini aqlli, qiziqarli yoki bilimli ko‘rsatadigan narsalar bilan bo‘lishishni yaxshi ko‘rishadi. Agar mahsulot yoki g‘oya odamga obro‘ qo‘shsa, u boshqalar bilan bo‘lishishni xohlaydi. Misol sifatida Jentrani yoshlar orasida ommalashib ketishini olishimiz mumkin.

 

🔁 Turtkilar.



Kunlik hayotimizda ba’zi narsalar bizni muayyan narsalarni eslashga undaydi. Agar biror mahsulot yoki g‘oya doimiy esga tushsa, u tez tarqaladi. Huddi Juma kuni juma tabriklari tarqatishgani kabi (bu yerda Juma kuni turtki bo'lib beradi). Yoki-da yangi yil kelganda hamada oliviya salati esga keladi.

 

💥 Hissiyot.



Kuchli hissiyotlar (quvonch, g‘azab, hayrat, qo‘rquv) odamlarni qandaydir narsalar bilan bo‘lishishga undaydi. Odamlar hissiy jihatdan ta’sirli narsalarni boshqalar bilan ulashishga moyil bo‘lishadi. Misol uchun hayratlanganingizda uni tezroq sherigingizga aytib berishga shoshilganingiz kabi.

 

👀 Ommaviylik.



Agar biror mahsulot yoki g‘oya ko‘zga tashlanadigan bo‘lsa, u tez tarqaladi. Odamlar ko‘rgan narsalarini tez eslab qolishadi va boshqalar bilan bo‘lishishadi. Nafaqat ko'rgan, balki odamlarga taqlid qilib ham foydalanishadi. Misol uchun ovqatlanishga kirganingizda sheriklaringiz nimani hoxlasa siz ham shuni buyurtma berganingiz kabi. Yangi qurilgan “Tashkent City” yoki “Magic City”ga borgan odamlar ijtimoiy tarmoqlarda suratlarini joylashadi, shu tariqa bu joylar yanada mashhur bo‘ladi.

 

🎯 Amaliy qiymat.



Foydali yoki hayot uchun kerakli maslahat yoki mahsulotlar odamlar orasida tez tarqaladi. Misol uchun grip tekkan sherigingizga o'zingiz sinab ko'rgan dorini tavsiya berishingiz kabi. 

 

📖 Hikoyalar.



Yaxshi hikoya orqali odamlar mahsulot yoki g‘oyani eslab qolishadi. Agar brend yoki mahsulot kuchli hikoya bilan bog‘langan bo‘lsa, u oson tarqaladi. Ya'ni insonlar biror gapni aytishayotganida asosan boshidan o'tkan hikoya bilan boshlashadi. Shu tufayli g'oyalaringizni biror hikoyaga joylash aytiladi.

💡Xulosa. Mana shular yuqumlilikning olti tamoyilidir. Kitobni tushunish osson, u bizga g'oyangiz muvaffaqiyatga erishish uchun u haqida gapiradigan odamlar bo'lishi kerak deydi. Shu uchun ham asosan insonlarni qanday gapirtirish kerakligi haqida tavsiyalar beradi.

Kitobni  nafaqat biznes sohasidagilar, balki o‘z sohasida ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan har bir kishi o‘qib chiqishi kerak deb o'ylayman.

#kitob #taqriz

@Ilyosbek_reads

Logo Logo © 2025 Mutolaa.uz