Svetlana Aleksiyevich

image
2
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
qissa

Svetlana Aleksiyevich 1948-yil 31-mayda Ukrainaning gʻarbidagi Stanislav, hozirgi Ivano-Frankovsk shahrida tugʻilgan. Onasi – ukrain, otasi – belorus. Ularning oilasi keyinchalik Belorussiyaga koʻchib oʻtadi. Oʻrta maktabni tugatgandan keyin maktabda tarbiya­chi, tarix va nemis tili oʻqituvchisi boʻlib ishlagan, shuningdek, tuman gazetasida muxbir boʻlib xizmat qilgan. 1972-yili Belorussiya davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. Shundan keyin qator gazeta va jurnallarda turli lavozimlarda ishlagan. 2000-yildan Italiya, Fransiya, Germaniyada yashagan. 2013-yildan buyon yana Belorussiyada istiqomat qilmoqda.
Svetlana Aleksiyevich badiiy-hujjatli asarlar yaratadi. Ales Adamovich va Vasil Bikovni oʻzining ustozlari deb hisoblaydi.
Dastlabki “Urush ayollar ishi emas” asarini u 1983-yilda yozib tugatgan. Bu Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ayollar xotirasi asosida yozilgan hujjatli qissa boʻlib, bir qismi 1984-yilning boshlarida “Oktyabr” jurnalida eʼlon qilingan, yana bir necha boblari oʻsha yili “Nyoman” jurnalida chop etilgan. Qissadagi bir necha esdaliklar tsenzorlar (patsifizm, naturalizm va sovet ayollarining qahramonona timsoliga dogʻ tushirish ayblovlari bilan) yoki muallif tomonidan olib tashlangan; lekin qator boblar keyingi nashrlarda toʻldirilgan. Bu asar 1985-yili bir yoʻla bir necha nashriyotlarda alohida kitob tarzida nashr qilingan, 1980-yillarning oxirlariga kelib uning umumiy adadi 2 milliondan oshgan. Dastlabki asari bilan tilga tushgan adiba 80-yillarning oʻzidayoq oʻnga yaqin mukofotlar, jumladan, sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasining Nikolay Ostrovskiy nomidagi mukofotiga sazovor boʻlgan.
Yozuvchining ikkinchi “Soʻnggi shohidlar: bolalarga xos boʻlmagan hikoyalar” asari 1985-yilda chop etilgan, u asosan Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini bolaligida boshdan kechirgan odamlarning xotiralaridan tashkil topgan. “Temir tobutdagi yigitchalar” (ruscha nomi – “Sinkovыe malchiki”) 1989-yilda nashr qilingan boʻlib, Afgʻonistondagi urushda oʻz farzandlaridan judo boʻlgan onalarning iztiroblarini aks ettiradi. S. Aleksiyevichning navbatdagi asari 1993-yilda dunyo yuzini koʻrdi. “Ajal yoʻldan ozdirganlar” hujjatli qissasi sobiq Ittifoqda roʻy bergan keskin ijtimoiy oʻzgarishlar oqibatida kelib chiqqan keng koʻlamdagi xudkushlik, yaʼni odamlarning oʻz joniga qasd qilishi muammosiga bagʻishlangan.
Insoniyat boshdan kechirayotgan iztiroblarni yuragiga yaqin oladigan S. Aleksiyevich 1986-yilda roʻy bergan Chernobil halokati oqibatlari bilan ham jiddiy shugʻullanadi va bu halokat guvohlari bilan boʻlgan qator suhbatlarni toʻplab, “Chernobil tavallosi” qissasini eʼlon qiladi.
Yozuvchining “Sekond hend vaqti” (“Vremya sekond xend”) deb nomlangan navbatdagi kitobi 2013-yilda nashr qilindi. Unda mamlakat tarixining fuqarolar ongiga taʼsiri, xususan “sovet kishisi” fenomeni shakllanishi muammolari tahlil qilinadi.
S. Aleksiyevich asarlari ingliz, fransuz, nemis, shved, polyak, xitoy, norveg va boshqa tillarga tarjima qilingan. Faqat “Chernobil tavallosi” asarining oʻzi jami 4 milliondan ortiq nusxada chop etilgan.
Adibaning ijodi yigirmadan ortiq turli nufuzli xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan. U 2013-yili adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti olishga asosiy daʼvogarlardan biri edi. Biroq mukofot kanadalik yozuvchi Elis Manroga nasib etdi. Nihoyat 2015-yilda “turfa rang ijodi – davrimizda insoniyat azob-uqubatlari va matonatiga qoʻyilgan haykal”, degan taʼrif bilan adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti S. Aleksiyevichga berildi. S. Aleksiyevich mustaqil Belorussiya tarixida Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan dastlabki yozuvchi boʻldi.
Yozuvchining ijodiga tanqidchilar turlicha baho beradilar. Koʻpchilik uni “badiiy-hujjatli nasrning tengsiz ustasi”, deb taʼriflaydi, ammo Aleksiyevich asarlariga “bozorbop, yuzaki jurnalistik tadqiqotlar”, deb baho beruvchilar ham yoʻq emas. Taniqli fransuz olimi Jan Rossio 2000-yilda yozgan taqrizida “Chernobil tavallosi” asari haqida shunday degan: “Muallif voqealarga baho bermaydi va hech kimni ayblamaydi, biroq Chernobil halokatining ijtimoiy oqibatlari haqida barchani bir tan-u bir jon boʻlib mulohaza yuritishga undaydi. Ayni shu bois Aleksiyevichning asarlarini turli tillarga tarjima qilish maqsadga muvofiq”.
“Urush ayollar ishi emas” asari S. Aleksiyevich ijodida alohida oʻrin tutadi. Bu hujjatli qissa asosida qator kinofilmlar suratga olingan, sahna asarlari qoʻyilgan. Kitob oʻziga xos uslubda yozilgan boʻlib, Ikkinchi jahon urushi voqealari bevosita urush ishtirokchilari tilidan bayon qilinadi. Muallif asarda inson matonatini, qahramonligini tarannum etadi.
Bugungi kunda jahonning zabardast yozuvchilari orasida oʻz oʻrniga ega S. Aleksiyevich barcha asarlariga “Orzular nidosi” degan umumiy nom bergan boʻlib, ayni yoʻnalishdagi ijodini davom ettirmoqda.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz