Nurislom To‘xliyev

image
3
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
badia

Nurislom Toʻxliyev 1947-yil 6-mayda Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 1965-yili oʻrta maktabni tamomlab Samarqand Davlat universitetining Tarix fakultetiga talabalikka qabul qilingan. 1969-yili Samarqand Davlat pedagogika instituti “siyosiy iqtisod” (hozirgi “Iqtisodiyot nazariyasi”) fani oʻqituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1970-1973-yillarda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) Davlat universitetining Iqtisod fakulteti “Siyosiy iqtisod” kafedrasining kunduzgi taʼlim aspiranturasida tahsil olgan. 1973-yilda aspiranturani “siyosiy iqtisod” ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish bilan tugallab, Samarqand Davlat pedagogika institutida oʻqituvchilikni davom ettirgan.
1974-yildan Samarqand viloyat partiya komiteti propaganda va agitatsiya boʻlimi lektori, lektorlar guruhi rahbari, boʻlim mudiri oʻrinbosari vazifalarida ishlagan. 1979-yil Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti propaganda va agitatsiya boʻlimi instruktori lavozimiga ishga oʻtkazilgan. 1984-1989-yillarda Oʻzkompartiya Markaziy Komiteti fan va oʻquv yurtlari boʻlimi mudiri oʻrinbosari va mudiri lavozimlarida ishlagan. 1986-yilda Oʻzbekiston Oliy Soveti deputati, Oʻzkompartiya MarkaziyKomiteti aʼzoligiga nomzod etib saylangan.
1989-yili “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti direktori-bosh muharriri lavozimiga tayinlangan. U nashriyotga rahbarlik qilgan 25-yil davomida koʻp jildli universal “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”, “Toshkent”, “Bolalar”, “Xotin-qizlar” ensiklopediyalari, 4 jildli Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadislar toʻplami (oʻzbek tiliga oʻgirilib), 5 jildli oʻzbek tilining izohli lugʻati, ikki jildli ruscha-oʻzbekcha lugʻat kabi oʻnlab fundamental nashrlar amalga oshirilgan.
1983-yili doktorlik dissertatsiyasini “siyosiy-iqtisod” ixtisosligi boʻyicha himoya qilgan. 1993-yilda “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti” ixtisosligi boʻyicha professor unvoni, 1997-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni berilgan. U “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi” (2001). 3 nafar fan doktori va 20 ta fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilgan. 40 dan ortiq monografiya, oʻquv qoʻllanmasi, darslik va boshqa kitoblar muallifi. Ular orasida “Osiyova bozor” (1992), “Bozorga oʻtishning mashaqqatli yoʻli” (1999), “Oʻzbekiston Respublikasi” (oʻzbek, rus, ingliz tillarida), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” (2018), “Oʻzbek modeli: taraqqiyot tamoyillari” (2014), “Osiyo taraqqiyot modeli” (2015), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti anatomiyasi” (2019), “Moya strana” (2012), “Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya: rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlari” (2020), “Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida yangi trendlar” (2021) kabi kitoblar, iqtisodiyot va turizm boʻyicha 13 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalari bor. 200 dan ortiq ilmiy, ilmiy-publitsistik maqolalari turli respublika gazeta va jurnallarida chop etilgan.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, “Islom ensiklopediyasi” boʻlimi mudiri, oʻrindoshlik asosida Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti kafedra mudiri (1989-2009), professori lavozimlarida ishlab keladi.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz