Murod Mansur

image
4
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
qissa roman

Murodjon Mansurov toshkentlik, Choʻlpon otaning yonbagʻridagi Qatortolda bogʻbon oilasida 1941-yilda tavallud topgan. Otasi Mansurxoʻja Toʻraxoʻja oʻgʻli mirishkor bogʻbon boʻlgan. U oʻgʻli Murodjon bolaligida olamdan oʻtgan. Boʻlajak yozuvchi onasi Karomatxon Umarxoʻja qizining tarbiyasida voyaga yetgan. Oʻrta maktabdan soʻng Toshkent politexnika institutining qurilish fakultetiga oʻqishga kirgan. Uni tugatgach, injener-loyihachi boʻlib ishlagan. Shu yillardan boshlab unda ijodga mayl uygʻonib, ocherk, lavha, hikoyalar yoza boshlagan. “Qalamimni koʻrib, respublika markaziy gazetasi “Qizil Oʻzbekiston”ga (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) chaqirib olishdi”, – deya yozadi muallif oʻz tarjimai holida. Shundan soʻng oʻsha gazetaning Fargʻona viloyati boʻyicha muxbiri boʻlib ishlaydi. Keyin “Yoshlik” jurnali bosh muharrir oʻrinbosari boʻlib xizmat qiladi. Soʻng esa “Sharq yulduzi” jurnalida faoliyat koʻrsatadi. Murodjon Mansurovning birinchi asari “Aziz inson” (1963) deb atalgan boʻlib, u yozuvchining mushtipar, mehribon va zahmatkash onasi haqida edi. Asar maʼlum sabablarga koʻra bosilmay qolgan. Shundan buyon adibning oʻndan ortiq qissa va romanlari chop etilgan. Uning “Sadarayhon” (1965), “Umr chorrahalari” (1972), “Qirgʻoqlar” (1975), “Hammaning yashagisi keladi” (1980), “Yombi” (1988) kabi qissalari, “Mangu jang” (1985), “Gunohi azim” (1995) kabi romanlari talabchan kitobxon tomonidan iliq qarshi olingan. Uning uch jildlik “Judolik diyori” romanining 1-2-3-4 kitoblari nashr etilib, kitobxonga taqdim etilgan. Asar maʼlum maʼnoda sarguzasht xarakterida boʻlib, unda oʻz diyoridan adashib, hamon toʻzib yurgan qavm hayoti va kechinmalari islomiy bir maʼrifat, maʼnaviyat yogʻdulariga omixta tarzda ifoda etiladi. Murodjon Mansurov yaratgan qissalar va ayniqsa, “Mangu jang” romani oʻzining hayotiyligi va samimiyligi, tilining sodda va shiraliligi bilan ajralib turadi. “Judolik diyori” (2001-2003) esa hali koʻp bahslarga yoʻl ochsa ajab emas. Yozuvchi 2014-yil 12-oktyabr kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz