Ivan Turgenev

image
7
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
5.0
Reyting
Janrlari:
hikoya komediya ertak

Turgenev Ivan Sergeevich [1818. 28. 10 (9. 11), Oryol – 1883. 22. 8 (3. 9), Parij yaqinidagi Bujival qishlogʻi; Sankt-Peterburgdagi Volkovo qabristoniga dafn etilgan] – rus yozuvchisi. Peterburg universitetining falsafa fakultetini tugatgan (1837). Turgenevning dastlabki romantik sheʼrlari va “Steno” dramatik dostoni (1834) talabalik yillarida yozilgan. Turgenev Peterburgdagi oʻqishni tugatgach, Berlinga borib (1838), falsafa va klassik filologiya boʻyicha maʼruzalar tinglagan. 1841-yil Moskvaga qaytib kelgan, N. V. Gogol, S. T. Aksakov singari yozuvchilar bilan tanishib, badiiy ijod bilan shugʻullana boshlagan. Turgenevning shu kezlarda yozgan “Parasha” dostoni (1843) yosh yozuvchining romantizmdan uzoqlashib, oddiy xalq hayotiga yaqinlashganidan darak beradi. Turgenev 1844-yilda “Andrey Kolosov” qissasini, keyinroq krepostnoylik xulq-atvorini tasvirlovchi “Pomeshchik” dostoni (1846), “gʻayritabiiy” hisoblangan kishining qip-qizil xudbin ekanligini fosh etuvchi “Uch surat” (1846) va “Breter” (1847), shuningdek, gogolona hajviy ruh bilan yoʻgʻrilgan “Petushkov” (1848) qissalarini eʼlon qilgan. Turgenev 1847-yildan boshlab Parijda yashaydi. Shu yili “Sovremennik” (“Zamondosh”) jurnalida chop etila boshlagan “Ovchining maktublari” asari bilan Turgenev ijodida yangi davr boshlangan. Turgenev turkum hikoyalardan iborat bu asarida rus dehqonlariga xos ezgu va olijanob fazilatlarni tasvirlagan. U tasvir etilayotgan qahramon yoki voqeaning mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda maishiy ocherk, hikoya, psixologik novella, lirik etyud singari nasriy janr shakllaridan unumli foydalangan. Turgenev ayni paytda dramaturgiya janrlarida ham qalam tebratib, “Sarmoyasizlik” (1846), “Yoʻlboshlovchining nonushtasi” (1849-yilda sahnalashtirilgan) bir pardali hajviy pyesalarini, “Boʻydoq” komediyasi (1849), “Tekinxoʻr” maishiy dramasi (1849) va “Qishloqda bir oy” liro-psixologik dramasi (1850) ni yozgan. Shundan soʻng “Mumu” (1855), “Ortiqcha kishining kundaligi” (1850), “Yakov Pasinkov”, “Karvonsaroy” (1855) va “Yozishma” (1856) singari qissalarini yaratgan. 1852-yil “Ikki avlod” romani ustida ish olib borgan, ammo asar nihoyasiga yetmagan. Rossiyaga qaytgach (1850), Spassk-Lugovinovo qishlogʻida yashab, eng yaxshi asarlaridan biri – “Rudin” romani(1856) ni yozib tugatgan. Ushbu romanda Gegel falsafasiga mahliyo boʻlgan dvoryan ziyolilarining 30–40-yillarda rus jamiyatining maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni badiiy tahlil etilgan. 50-yillarning oʻrtalarida yozilgan “Faust” (1856) va “Polese safari” (1857) qissalari Turgenevning “Dvoryanlar uyasi” romani (1859) ning maydonga kelishida etyud vazifasini bajargan. Turgenev bu asarida Pyotr I dan keyingi dvoryanlar Rossiyasidagi tarixiy taraqqiyotning turli davrlariga nazar tashlagan va Lavretskiylar sulolasi tarixi misolida avlodlarning almashinish jarayonini kuzatgan. Shaxsiy baxt va burch oʻrtasidagi ziddiyatlar asarning maʼnaviy kolliziyasi sifatida tasvirlagan. “Dvoryanlar uyasi” Turgenev ijodining barkamol namunalaridan biri boʻlib, unda 2 oy ichida boʻlib oʻtgan voqealar Turgenevga xos katta mahorat bilan aks ettirilgan. Turgenev “Rudin” va “Dvoryanlar uyasi” romanlari bilan rus realizmining mashhur namoyandalaridan biri sifatida shuhrat qozongan. U 60-yillarning boshlarida, avvalgi romanlaridan farqli oʻlaroq, “Arafa” (1860) da zamonaviy mavzuga murojaat etgan va rus jamiyatida boshlangan ruhiy uygʻonish jarayonini badiiy kuzatishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Turgenev “Otalar va bolalar” romani (1862)da bu gʻoyani yanada rivojlantirgan. Bosh qahramon Bazarov obrazida DM. Pisarevga xos hurfikrlilik va yangilik sari intilish kabi fazilatlarni mujassamlantirgan. Mazkur asar rus jamiyatida ilgor sinf hisoblanib kelingan dvoryanlar sinfiga qarshi qaratilgan. Bazarov jamiyatni shunchaki isloh etish emas, balki shu chiriy boshlagan jamiyat poydevorini tag-tugi bilan buzish va yangisini barpo etish tarafdoridir. Turgenev Bazarovdagi ana shu nigilizm (barcha narsalarni inkor etish)ni tasvirlash orqali rus inqilobchiligiga xos salbiy jihatlarni, birinchi navbatda, tarixiy jarayon qonuniyatlari bilan hisoblashmaslikni Oktyabr toʻntarishidan 55-yil muqaddam bashorat qilgan. “Otalar va bolalar” romani rus adabiyotshunosligida Turgenev ijodining choʻqqisi sifatida talqin etiladi. Mazkur asarda rus voqeligi, Turgenev ning boshqa asarlariga qaraganda, ayniqsa, keng qamrab olingan. 1861-yilda krepostnoylik islohotining oʻtkazilishi rus jamiyatini ikkiga ajratib yubordi. Chor generallari va aristokratlaridan iborat dvoryanlar guruhi islohotga qarshi chiqib, eski krepostnoylik tartiblarining tiklanishini orzu qildi. Turgenev “Tutun” romani (1867)da zodagonlar muhitida avj olgan ana shu aksilharakatni asarga mavzu qilib olgan. Turgenev hayotining soʻnggi 20-yili xorijda oʻtgan: dastlab Baden-Badenda, soʻngra Parijda yashagan. U shu davrda mashhur fransuz yozuvchilari va sanʼatkorlari bilan yaqin ijodiy aloqada boʻlib, hatto 1878-yilda Parijda oʻtkazilgan xalqaro yozuvchilar anjumaniga V. Gyugo bilan birga rahbarlik qilgan. 60-yillarning 2-yarmi – 70-yillarda Turgenev “Brigadir” (1868), “Choʻl qiroli Lir” (1870), “Bahor toshqinlari” (1871) singari qissalarini, “Qoʻriq” (1877) romani va boshqa bir qancha asarlarini yozgan. Naim Karimov

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz