Elis Manro

image
3
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya

2013-yilda Adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan kanadalik hikoyanavis yozuvchi Elis Manro (Alice Ann Munro) 1931-yilda Kanadaning Oktario shahrida fermer Robert Erika Leydlou va maktab oʻqituvchisi Enn Klark Leydlou oilasida tavallud topadi. Elis badiiy adabiyot bilan oʻsmirlik chogʻidan shugʻullana boshlaydi va oʻzining “Soya oʻlchovi” ilk hikoyasini 1950-yilda, universitetda oʻqib yurgan chogʻida chop ettiradi.
Elis Manroning “Baxtli soyalar raqsi” nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1968-yilda nashr etilgan. Toʻplam kitobxonlar, shuningdek, jamoatchilik tomonidan yuksak baholanib, yozuvchiga shuhrat keltiradi va Kanadaning adabiyot boʻyicha eng yuksak sovrini “General-gubernator” mukofoti”ga sazovor boʻladi. Biri ikkinchisi bilan bogʻliq boʻlgan hikoyalardan iborat “Ayollar va qizlar hayoti” nomli toʻplam yozuvchining shuhratini yanada oshiradi. Navbatdagi, “Sen kim boʻlibsan?” hikoyalar toʻplami uchun yozuvchi ikkinchi marta “General-gubernator mukofoti” bilan taqdirlanadi. Ana shunday mukofotga 1986-yilda yana bir karra sazovor boʻladi. 2009-yilda esa unga Xalqaro Buker mukofoti topshiriladi. Elis Manro jami 20 dan ortiq turli mukofotlar sovrindori.
Yozuvchining koʻpgina hikoyalari turli tillarda, jumladan, rus tilida chop etilgan. Nobel qoʻmitasi aʼzolari Elis Manroni “zamonaviy hikoyalar ustasi” deb baholagan. Aksariyat tanqidchilar Manroning hikoyalari koʻp hollarda romanlarga xos his- tuygʻularga, badiiy teranlikka ega, deya taʼriflashadi. Manro hikoyanavislikda, boshqalardan ayri oʻlaroq, oʻziga xos, baʼzan oʻquvchi anglashi bir muncha murakkab boʻlgan uslubga ega.
2002-yili yozuvchining katta qizi Sheyla Manro onasining hayoti va oʻzining bolaligi haqidagi xotiralarini nashr ettirgan.
Elis Manroning “Undan olisda” va “Vegasdagi qizlar davrasida” hikoyalari asosida badiiy filmlar yaratilgan.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz