Kamoliddin

Kamoliddinning "Molxona" asariga taqrizi

19-oktabr 2023

“Barcha ikki oyoqli — dushman”

Biror bir asarni oʻqishdan oldin uning nomidan yoki qahramonlaridan voqealar rivojini taxminiy gavdalantirib koʻrishga harakat qilaman. “Molxona”ni oʻqishdan oldingi tasavvurim esa butkul boshqacha edi. Asar ezilgan, qiynalgan hayvonot olamini erk va ozodlik niqobi ostida boshqa bir iskanjaga — qullikka tushib qolishi, adolatsiz hukmronlik va xoʻrlik hayotini ochib beradi. 

Asar Sobiq ittifoqdagi voqealar va shoʻrolar ilgari surgan gʻoyalarga bagʻishlangan, deb faraz qilinadi. Voqealar mister Jons fermasidagi keksa choʻchqaning tunda hammani yigʻib qilgan xitobidan boshlanadi. U hayvonlar insonlarning manfaatiga xizmat qilayotgani, ular toʻyadigan darajadan koʻp boʻlmagan yemish evaziga qattiq ishlab kelayotganini qayd etadi. Insonlar hayvonlarning qullik va qashshoqlikda yashashlarining bosh sababchisi sifatida koʻrsatiladi. 

“Hayvonizm” deb nomlangan taʼlimot-gʻoya barchaga singdirilib, “Angliya hayvonlar” madhiyasi tillardan va dillardan joy oldiriladi. Mister Jonsga qarshi chiqib, uning zulmidan qutilgan hayvonot olami endilikda oʻz “Hayvonobod”ini tashkil etadilar. Barcha hayvonlarni boshqarish va ish tashkil etish choʻchqalar tomonidan nazorat qilina boshlaydi. 

Inson zulmidan holi, erkin “jamiyat” qurish istagidagi hayvonlar yetti arkonni qatʼiy qonun sifatida eʼlon qiladilar. 

“Ikki oyoqda yuradigan har kim dushman. Barcha toʻrt oyoqlilar yoki qanotli mavjudotlar doʻstdir”.

Bora-bora qarorlar choʻchqalarning foydasiga oʻzgartirilib borilsa-da, avvalgi zamonga — Jonsning zulmiga qaraganda hozir hammasi yaxshi ekanligiga ishontirilardi. Choʻchqalar oʻrtasidagi nizolar Napaleonning istiqbolga kelishi, oʻzining maslakdoshi Snoubolning muxolif deb eʼlon qilib, uni yomonotliq qilinishi, kelajakdagi barcha falokatlarga uni sababchi sifatida koʻrsatib borishi bilan davom etadi. 

Vaziyat tobora yomonlashib borar, barcha hayvonlarning turmush va mehnat sharoiti ogʻirlashib borardi. Hamma tegirmon qurish uchun safarbar qilinar, barcha birdek mehnat qilgan paytda oliy tabaqa hisoblangan choʻchqalar kayf-u safoda umr oʻtkizishardi. Asosiy propaganda vositasi boʻlgan Qichqiroq ismli choʻchqa “Hayvonobod”ni boshqarish oʻziga yarasha masʼuliyatli jarayonligi, shu sababli barcha oliy neʼmatlar choʻchqalar tomonidan tasarruf etilishi adolatdan ekanligiga barchani ishontirardi. 

Hayvonlar Napaleonni dohiy darajasiga chiqarishib, alaloqibat uning zulmi va hukmi oldida ojiz qolishadi. Ularga esa avvalgi zamonalar — Jons davri yomon va qonli sifatida eslatilib, bugungi kunga shukr keltirgan holda yashash lozimligi uqtirilardi. Bora-bora asosiy qoidalar — yetti arkon choʻchqalarning manfaati yoʻlida oʻzgartib borilardi. Mutlaq hukmronlik oʻrnatgan Napaleon esa oʻz koʻppaklari yordamida hayvonlarga qoʻrquv bagʻishlab turadi.

Bir nechta hayvonlar urushlar, toʻqnashuvlar va qatagʻon qurboniga aylanishadi. Boksyor laqabli ot esa soʻnggi kuchi qolguniga qadar tinmay mehnat qiladi va umrining oxirida yetti arkonga zid ravishda qassobxonaga topshirib yuboriladi. 

Quturib ketgan choʻchqalar odamlar qiladigan ishlar bilan mashgʻul boʻla boshlashadi. Hatto qoʻshni fermalar bilan savdo-sotiq munosabatlarini oʻrnatib, insoniy aloqalarga kirishishadi. 

Asar yakunida qoʻshni xoʻjaliklardan odamlar “Hayvonobod”ni koʻrgani kelishadi. Bu yerda boshqarish, hukm oʻtkazish boʻyicha zamonaviy andazalarni oʻzlashtirishganini aytishib, Napaleon nomiga qadahlar koʻtarishadi. Lekin orada nizo koʻtarilib, bir dasturxon ustida ichib oʻtirgan choʻchqa va odamlar yoqalashib ketishadi. Buni kuzatib turgan hayvonlar kim odam-u kim choʻchqa ekanini ajrata olmay qoladilar.

Asar davomidagi eʼtiborimni tortgan qahramon — keksa eshak Benjamin boʻlib, u Jonsga qarshi qoʻzgʻolonda ham, keyingi urushlar davomida ham hursand boʻlib, puch gʻoyalarga aldanib qolmadi. Jonsning zamoni va bu davrlar taqqoslanganda, bularning bari yaxshi ham emas, yomon ham emas, degan falsafiy ruhda oʻz ishida davom etgan. 

Tizimga kirish

Hisobingizga kiring va kitoblar olamiga sho‘ng‘ing

yoki email orqali

Hisobingiz yoʻqmi?

Telegram Help