Kamoliddinning "Kichkina shahzoda" asariga taqrizi
“Bu dunyoda faqat bolalargina aslida nima izlab yurganini bilishadi”
Antuan de Sent-Ekzyuperi qalamiga mansub “Kichkina Shahzoda” asari nafaqat kichik kitobxon, balki katta avlod vakillarining ham tushunchalarini oʻzgartirib yuborishi aniq. Kitob bolalar uchun yozilganiga qaramay, voqealar katta inson tabiatiga yaqin va unga taʼsir oʻtkaza oladi. Qissa yolgʻizlik, doʻstlik, sevgi va ayriliq mavzulariga bagʻishlangan.
“Kattalar judayam gʻalati xalq”
Syujet uchuvchining Sahroi Kabirga favqulodda qoʻnishi, bu yerda sirli bolani uchratib qolishidan boshlanadi. Boshqa sayyoradan kelgan Kichkina Shahzoda bir nechta yulduzlar aro sayohat qiladi. Yergacha boʻlgan safarlari davomida fuqarosiz Qirolni, maqtovga oʻch shuhratparastni, mayga berilgan piyonistani, ishga koʻmilib yotgan korchalonni, ahdiga sodiq charogʻbonni, tor fikrli “olim”ni (geograf) uchratadi. Insonlardagi hukmronlik, ichkilikka berilish, maqtov va qarsakbozlikka nafrat bilan qaraydi. Kattalar aslida oʻzlari nima xohlayotganliklarini bilmasliklari, dunyoga bolalarcha nigoh orqali qarashlari keraklini tushuntirishga harakat qiladi.
Oʻzining moʻjazgina sayyorasi, undagi yolgʻiz muhabbati boʻlgan feruza gulini sogʻinib, unga oʻxshashini qidiradi.
Asar bolalar uchun qiziqarli kitob boʻlishi aniq. Lekin uni oʻqish — bolalarcha orzu qilishni toʻxtatgan, dunyoga bolalarcha begʻuborlik bilan qaray olmaydigan biz kattalar uchun ham manfaatli boʻladi.
Asardan iqtiboslar
- Avvaliga barcha kattalar bola edi, koʻpchiligi buni eslay olmaydi;
- Oʻzingizni toʻgʻri sud qila olsangiz (baholay olsangiz), unda haqiqatan donosiz;
- Kattalar raqamlarni yaxshi koʻradi. Yangi doʻstingiz borligini aytsangiz, ular hech qachon eng muhim narsani soʻramaydi. Hech qachon “Ovozi qanday? Qanday oʻyinlarni oʻynashni yaxshi koʻradi? Kapalak tutadimi?” deb soʻrashmaydi. Ular “U necha yoshda? Nechta aka-ukasi bor? Vazni qancha? Otasi qancha pul topadi?” deb soʻraydi. Shundan keyin ular bu odamni bilamiz deb oʻylaydi;
- Odamlar bir haqiqatni unutdi, – dedi Tulki, – ammo hech qachon yodingdan chiqarma: kimniki qoʻlga oʻrgatgan boʻlsang, uning taqdiriga hamisha javobgarsan.
- Odamlar orasida ham oʻzingni yolgʻiz sezaverasan.
- Hozir odamlarni biror narsani bilishga vaqti qolmagan.