Adabiyotga muhabbatni uyg'otish / qaytarish uchun "Usta va Margarita"ga o'xshash asarlarni o'qish kerak. Tushuntirishga harakat qilaman. Rus klassikasi deganda odam xayoliga birdan og'ir, tushunish qiyin bo'lgan matnlar keladi. Birgina kvartiraning yoki ob-havoning cheksiz ta'riflaridan, personajlarning uch xil ismlaridan odam charchab ketadi. Bunday asarlarni o'qir ekansiz, aslida asar sizga zavq berishi kerakligini unutib qo'yasiz.
"Usta va Margarita" ham XX asr avvalida klassik yozuvchi hisoblanadigan Mixail Afanyasevich Bulgakov tomonidan yozilgan. Asar katta kutilmalarsiz boshlaysiz va birdan hayron qolasiz: nahotki qiyin matnlarni ham shunchalik qiziqarli yozish mumkin? Nahotki klassik rus adabiyotida ironiyaga boy personajlar mavjud? Va hokazo hokazo savollar bilan kitob ichiga kirib ketasiz.
Asarda tarixga, madaniyatga, dinga, siyosatga, o'sha davrdagi rus dunyosiga ishoralar shunchalik ko'pki, ularni tushunganingiz sari zavqingiz oshadi. Xususan, Iuda Ieshuani sotgani uchun 30 tanga pul olganini aytadi (din), ba'zi boblarda Pontiy Pilat haqida hikoya qilinadi (tarix), Voland personaji Stalinni eslatib yuboradi (siyosat), odamlarning teatrga va adabiyotga munosabati ko'rsatiladi (madaniyat) va hokazo.
Men uchun biror asar haqida yaratiladigan boshqa materiallar ham kitobni yaxshi baholashimga sabab bo'ladi. Masalan, YouTube'da "Usta va Margarita" haqidagi tahliliy videolar qolgan kitoblarnikiga qaraganda karrasiga ko'proqligini sezish mumkin. Qiziqarli tomoni ularning hammasi asardan biror yangi narsa topa olgan, agar yana videolar ishlansa, yana yangi narsalar chiqishiga ishonaman. Shuningdek, bu bo'yicha bir qator esselar yozilgan, ilmiy ishlar qilingan, film va seriallar suratga olingan.