Yura Soyfer

image
1
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
pyesa

Yura Soyfer (1912-1939) – avstriyalik dramaturg, shoir va publitsist. U Xarkov (Ukraina) shahrida yirik savdo uyi egasi Vladimir (Volf Solomonovich) Soyfer oilasida tugʻilgan. Inqilob ular oilasini oʻzlari oʻrgangan joydan avval Rostovga, keyin Tiflis, Istanbul, u yerdan, nihoyat, Venaga ketishga majbur qildi.

Oilada rus, farang, yahudiy tillarida soʻzlashishar, Yura esa nemis tilining oʻziga xos jarangdor vena lahjasini oʻrganib olgandi. U maktabni tugatgach, Avstriyada 20-yillar oxiri, 30-yillar boshlarida alanga olgan siyosiy kurashning qoq markaziga tushib qoladi. Vena iqtisodiy tanglik hamda ommaviy ishsizlik oqibatida yuzaga kelgan milliy-sotsialistlar mitinglari va ishchilar namoyishlari bilan qaynaydi. 17 yashar Yura kutilmaganda ijtimoiy-demokratik partiyaning yetakchi yozuvchilaridan biriga aylanib, bu kurashga boshi bilan shoʻngʻib ketadi.

1929-yilda Venada oʻtkir ijtimoiy mavzularda sahna va spektakllar oʻynaladigan birinchi siyosiy kabare paydo boʻladi. Yura yozgan bir talay sahnalar, satirik lapar va qoʻshiqlar ertasigayoq butun ishchilar Venasiga tarqaladi. Shu davrda uning matbuotda ham ilk bor ijodi namunalari koʻrina boshlaydi. 32-yildan boshlab deyarli har haftada sotsial-demokratik partiyasining markaziy organi “Arbayten-Saytung”da uning pamfletlari va satirik sheʼrlari paydo boʻladi. Ularning nomlaridanoq asar mazmunini anglab olish mumkin: “Gitler yomon tush koʻrdi”, “Jigarrang Vena”, “Irqchilarning ishqiy balladasi”, “Uchinchi reyxning kuylovchi soatlari”.

1938-yilda Avstriya kommunistik partiyasi yetakchisiga “adashtirib”, uni Venaning kichikroq koʻchasida hibsga olishadi. Bunday xatolari kamdan-kam uchraydigan politsiyachilar shu tarzda uni tintib koʻrish imkoniga ega boʻlishgandi. “Xato” tintuv jandarmeriya uchun ancha zaruriy natija berdi: Yuraning yonida taqiqlangan siyosiy adabiyotlar topishadi.

Shu bilan uning hayotining birinchi qismi – ozodlikdagi, badavlat tadbirkorlar oilasidagi, uni yaxshi koʻradigan odamlar qurshovidagi hayoti tugaydi va ikkinchi qismi: konslagerlar, ishchilar baraklarida oʻtadigan hayoti boshlanadi. Bu oʻlim chegarasidagi hayot edi. U gʻoyat qisqa – bir yildan xiyol ortiq kechdi. Biroq hayotning bu qismi birinchisidan kam boʻlmagan darajada sermazmun boʻlib chiqdi: aynan oʻsha chogʻda u keyinchalik madhiyaga aylangan mashhur Daxau qoʻshigʻini yozdi. Daxaudan uni Buxenvaldga koʻchirishadi. U yerda Yura Soyfer zimmasiga dahshatli ish yuklanadi: u bezgak kasalligidan oʻlgan mahbuslarni koʻmadigan sanitar guruhga kirib qoladi. Yuraning oilasi esa yana yoʻlga otlanadi, – bu safar ular AQShga koʻchib ketadilar. Otasi oʻzining barcha oshna-ogʻayni, aloqalarining taʼsir kuchi, pulini ishga solib, oʻlim lageridan yolgʻizgina oʻgʻlini chiqarib olishga harakat qiladi. Qarangki, – vo ajabo! – buning uddasidan chiqadi.

Buxenvald konslageri mahbusini ozod etish toʻgʻrisidagi buyruqdek kamyob hujjat kelgan chogʻda, bezgak yosh yigit vujudini kemirib borayotgandi. Avstriyalik tadqiqotchi Yulius Froynd bu haqda shunday degandi: “Hech kim, agar buni oʻzi boshidan oʻtkazmagan boʻlsa, nihoyat, ozodlik eshiklari ochilgani va ulardan oʻtish uchun endi quvvati qolmagan yosh yigitning chorasiz ahvolini tasavvur etolmaydi”.

U 27 yoshida mangulikka rihlat qildi.

# Kitob nomi Muallif Janr Reyting Baholang
1 Yura Soyfer
pyesa
0
Javonga
1 ta kitobdan 1 dan 1 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz