Varlam Shalamov

image
4
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya

Varlam Shalamov (1907–1982) murakkab hayot yoʻlini bosib oʻtgan rus yozuvchilaridan biri. U yoshligidan adabiyotga mehr qoʻyadi, ham sheʼr, ham nasrda qobiliyatini sinab koʻra boshlaydi. Moskva Davlat universiteti talabaligi chogʻida Leninning siyosiy vasiyati – partiyaning X11 syezdiga yozgan xatini tarqatishda ayblanib, uch yil lagerda oʻtiradi. 1937-yili yana qamaladi va Kolimaga joʻnatiladi. KPSS XX syezdidan keyin toʻla oqlanadi.
Kolima hikoyalarini elliginchi yillar boshlarida, surgundaligida yoza boshlagan. Hikoyalari, vatanida eʼlon qilish imkoni boʻlmagani bois, xorijda bosilgan. Sheʼrlari esa sovet jurnallarida chiqib turgan, beshta toʻplami chop etilgan. Sheʼrlarini Boris Posternak yuqori baholagan, surgunga xatlar yoʻllab, dalda berib turgan, keyin ular uchrashib, doʻstlashib ketishgan.
Varlam Shalamov hikoyalari kishini larzaga soladi. Yigirma yil umrini turma, lager, surgunlarda oʻtkazgan yozuvchi bu joylardagi chidab boʻlmas darajadagi ogʻir sharoit, tinkani qurituvchi mehnat, ochlik, tashnalik, xoʻrlanish, tahqirlanish, zulm, adovat, sotqinlik, oʻgʻrilik, urush-janjallar, qotillik va boshqa turfa azob-uqubatlarni shafqatsiz haqiqat bilan tasvirlaydi. Irodasi mustahkam Verlam Shalamovga ham oqlanish, ham qaytib kelish nasib etdi. Lekin yillar davomida totilgan azob-uqubatlar beiz ketmaydi, adib umrining soʻnggi yillarida kar va koʻr boʻlib qoladi, qariyalar uyida yashab, yolgʻizlikda, xor-zorlikda oʻlib ketadi.
1964-yilda A. I. Soljenitsin V. T. Shalamovga yoʻllagan maktubida uning “Kolima daftari”, “Kolima hikoyalari” bosilishiga ishonishini yozgan edi. “Kolima hikoyalari” nashr etiladi, lekin muallifga ularni koʻrish nasib etmadi.
Shalamov oʻz asarlarida SSSR deb atalmish, jahonda eng adolatli tuzum deya betinim maqtalgan, sirti yaltiroq imperiyaning niqobini sidirib, avra-astarini ochib tashlaydi. Oʻquvchi hukmiga havola etilgan hikoyalar ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz