Shoir va dramaturg Uygʻun (asl ism-sharifi Otaqoʻziyev Rahmatulla) 1905-yil 14-mayda Jambul viloyatining Marki qishlogʻida tugʻilgan. Oʻzbekiston xalq shoiri (1965). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1956). Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir aʼzosi (1974). Mehnat Qahramoni (1985). Samarqanddagi pedagogika akademiyada tahsil koʻrgan (1927–30). Oʻzbekiston davlat nashriyotida boʻlim mudiri, “Qurilish” jurnalida masʼul kotib (1930–31), Madaniy qurilish (1932–33) hamda Til va adabiyot instituti (1933– 43)da ilmiy xodim, sektor mudiri. Hamza nomidagi drama teatrida repertuar boʻyicha badiiy rahbar oʻrinbosari (1947–48), “Sharq yulduzi” jurnalida boʻlim mudiri (1948–50), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari (1949–50), raisi (1951–54), ayni vaqtda “Sharq yulduzi” jurnalida masʼul muharrir (1950-51). Dastlabki sheʼrlar toʻplami – “Bahor sevinchlari” (1929). Uygʻun ijodi 3 bosqichdan iborat. Ijodining dastlabki bosqichida lirik shoir sifatida shakllangan. Ayni paytda “Jontemir” (1931–35), “Brigadir Karim” (1934), “Gulasal” (1934-35), “Ukraina yellari” (1935) kabi liro-epik asarlari bilan shu davr dostonchiligi taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʻshgan. Bundan tashqari, u adabiy meros va zamonaviy adabiy jarayon muammolariga doir maqolalar ham yozgan. Fashizmga, bosqinchilik urushiga qarshi kurash pafosi Uygʻun ijodining 2-bosqichdagi bosh yoʻnalishini belgilab berdi (“Gʻazab taronasi”, 1942; “Gʻazab va muhabbat”, 1943; “Sheʼrlar”, 1944). Bu davrda Uygʻun dramaturgiyaga ham murojaat etib, vatanparvarlik ruhidagi “Ona”, ulugʻ oʻzbek shoirining 500-yilligiga bagʻishlangan “Alisher Navoiy” (1942, Izzat Sulton bilan hamkorlikda) dramalarini hamda “Qaltis hazil” (1944) komediyasini yozdi. Urushdan keyingi yillarda sahna yuzini koʻrgan “Alisher Navoiy” dramasi keng tomoshabinlar ommasining Navoiyni kashf etishi va ulugʻ shoirga muhabbat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilishida, shuningdek, oʻzbek adabiyotida tarixiy-biografik drama janrining taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik boʻldi. Shundan soʻng Uygʻun urush va urushdan keyingi mashaqqatli yillarga bagʻishlangan “Hayot qoʻshigʻi” (1947), “Oltinkoʻl”, “Navbahor” (1949) dramalarini yaratdi. Soʻnggi dramasi bilan Uygʻun ijodiga qishloq hayoti mavzusi kirib keldi. Dramaturg bu asarida urush davrida vayron boʻlgan jamoa xoʻjaligi hayoti misolida eskilik bilan yangilik oʻrtasidagi kurash mavzusini birinchilardan boʻlib urushdan keyingi oʻzbek adabiyotiga olib kirdi. Uygʻun ijodining soʻnggi, 3-bosqichi 50-yillarning oʻrtalaridan boshlangan. Uygʻun tinchlik uchun kurash, vatanparvarlik, mehnatsevarlik singari oʻsha davr adabiyoti uchun muhim hisoblangan mavzularda koʻplab sheʼrlar yozgan (“Tinchlik kuylari”, 1960; “Hayot chaqiradi”, 1961). Quruq ritorika va pand-nasihatdan iborat boʻlgan bu sheʼrlar shu davr sheʼriyati tarixida biror iz qoldira olmagan. Uygʻun koʻproq dramaturgiya janrlarida qalam tebratgan. “Navbahor” dramasida koʻtarilgan qishloq mavzuini yana davom ettirib, xotin-qizlarning jamoa xoʻjaligiga mohirlik bilan rahbarlik qilishi mumkinligi (“Hurriyat”, 1959), paxta yakkahokimligi davri fojialari (“Parvoz”, 1963), shaxsga sigʻinishning qishloq sharoitidagi oqibatlari (“Shubha”, 1961), tibbiyot xodimlarining inson salomatligi uchun masʼulligi (“Qotil”, 1965) kabi masalalar haqida bahs yurituvchi pyesalar yozgan. “Paxta uchun kurash”ning salbiy oqibatlari fosh etilgan “Parvoz” dramasi esa sovet voqeligini buzib koʻrsatishda ayblanib, sahnadan olib tashlangan. Uygʻunning yoshlar maʼnaviyati muammosiga bagʻishlangan “Parvona” (1966) komediyasi jamoatchilik tomondan samimiy kutib olingan. Uygʻun Oʻrta Osiyo xalqlarining mashʼal siymolari haqida hikoya qiluvchi “Abu Rayhon Beruniy” (1973), “Abu Ali ibn Sino” (1979), “Zebunnisobegim” (1982) tarixiy dramalarini yaratdiki, bu asarlar “Hurriyat”, “Parvona” va “Parvoz” pyesalari bilan birga dramaturg ijodining 3-bosqichidagi yutuqlari hisoblanadi. Uygʻun birinchi oʻzbek baleti “Gulandom” (1939) librettosi muallifi, “Oʻzbekiston qilichi” (1942) pyesasi, “Alisher Navoiy” (1947) va “Avliyoning sarguzashtlari” (1958) kinossenariylarining esa mualliflaridan biri. Uygʻunning adabiy merosida tarjima asarlar alohida oʻrinni egallaydi. Urushgacha boʻlgan davrda A. S. Pushkin va M. Yu. Lermontov asarlari tarjimasida muayyan tajriba orttirgan shoir keyinchalik L. N. Tolstoyning “Hojimurod”, A. P. Chexovning “Chayka”, U. Shekspirning “Yuliy Sezar” va “Veronalik ikki yigit” asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1984).