Usmon Azim

image
9
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
5.0
Reyting
Janrlari:
hikoya drama triptix – uch hikoya doston

Usmon Azim – shoir, dramaturg, kino dramaturg va nosir. U 1950-yilda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tugʻilgan. 1972-yilda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. U dastavval jurnalist sifatida turli gazeta-jurnallar va nashriyotlarda hamda respublika radiosida ishlagan. Maʼlum vaqt Respublika Prezidenti Devonida Davlat maslahatchisi (yoshlar boʻyicha) vazifasini ham bajargan. Hozirgi kunda adib, asosan, ijod bilan mashgʻul. Usmon Azim 1979-yilda chop etilgan “Insonni tushunish” ilk sheʼriy kitobi bilan adabiy jamoatchilikning eʼtiborini qozongan. Usmon Azim – Oʻzbekiston xalq shoiri (2000) unvoni, shuningdek, yilning eng yaxshi sheʼriy asarlari nominatsiyasi boʻyicha “Ofarin” mukofoti, Gruziyaning “V. Mayakovskiy” nomidagi Davlat mukofoti (1982) ga sazovor boʻlgan. Milliy teatrimiz sahnasida qoʻyilgan “Kunduzsiz kechalar” spektakli Andijonda boʻlib oʻtgan xalqaro teatr festivalida “Eng yaxshi spektakl” degan mukofotga sazovor boʻlgandan soʻng uning “Holat” (1979), “Oqibat” (1980), “Koʻzgu” (1983), “Surat parchalari (1985), “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “Gʻaroyib ajdarho” (1990), “Uygʻonish azobi” (1991), “Gʻussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekan-da, yoʻq ekan” (1995) sheʼriy va “Jodu” (2003) nasriy toʻplamlari bosildi. Shoir 1995-yilda “Saylanma” sheʼriy kitobini nashr ettirdi. Bu kitob adabiyot jamoatchiligi tomonidan zoʻr qiziqish bilan kutib olindi va Usmon Azimning XX asr oʻzbek adabiyotining eng yorqin isteʼdodlaridan biri ekanligi ayon boʻldi. 2001-yilda nashr etilgan “Kuz” sheʼriy kitobi esa sheʼriyatimizning soʻnggi yillardagi yuksakliklaridan biri deb baholanmoqda. U yaratgan oʻnlab toʻplamlarga kirgan sheʼrlar, dostonlar yorqin tuygʻularga, ifodalarga boyligi, joʻshqin va jozibadorligi, shiddatkor va daʼvatkorligi, goh gʻamgin, goh begʻubor erkalovchi ohanglari bilan kitobxon qalbidan chuqur joy oladi. Shu bilan birga hayotiyligi, oʻtkir dramatizmi va fojiaviyligi bilan oʻquvchini hayajonga soladi, uyqudagi tuygʻularini junbishga keltiradi. Usmon Azimning sheʼrlari fransuz, nemis, ingliz, polyak, eston, gruzin, makedon, litva, turk, tojik, rus, qozoq, qirgʻiz va boshqa tillarga tarjima qilingan. Oʻz navbatida, Usmon Azim Elyuar, Dogʻlarja, Voznesenskiy, Vatsiyetis, Marsinkyavichus kabi oʻnlab shoirlarning ijodidan namunalarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shoirning koʻplab sheʼrlari taniqli hofiz va xonandalar tomonidan qoʻshiq qilib, ijro etiladi. Ijodining ilk davrida radio-dramaturgiyada (“Baxtli boʻlaylik”, “Hujjatli film uchun syujet”, “Bahodir va malika” pyesalari) oʻzini sinab koʻrgan shoir, keyingi yillarda drama yoza boshladi. Uning “Kunduzsiz kechalar” (1998), “Alpomishning qaytishi” (2000), “Bir qadam yoʻl” (2002), “Oʻtgan zamon hangomalari” (2003), “Adibning umri” (2005) dramalari sahnalashtirilgan.“Alpomishning qaytishi” uchun muallif 1999-yilning “Eng yaxshi dramaturgi” deb eʼtirof etildi. Shoir kino sanʼatida ham oʻz kuchini sinab koʻrmoqda. “Sevgi” (1998) filmining ssenariysini oʻz hikoyasi asosida yozgan. Uning ssenariysi asosida ikki qismdan iborat “Alpomish” (2000) filmi suratga olindi. “Alpomish” dostonining kino-talqini uchun muallif Buxoroda oʻtkazilgan kinofestivalda maxsus mukofot oldi.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz