Sobir Abdulla

image
5
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya drama roman

Shoir, yozuvchi va dramaturg Sobir Abdulla (asl ism-sharifi Abdullayev Sobir) 1905-yili Qoʻqonda tugʻilgan. Oʻzbekiston xalq shoiri (1965). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1944). Dastlab eski maktab, soʻng “usuli jadid” maktabini tugatgach, Qoʻqondagi pedagogika bilim yurti (1922–24), Toshkentdagi mahalliy kadrlarni tayyorlash kursi (1924–26) da oʻqigan. 1926–48-yillarda “Yangi Fargʻona”, “Yosh leninchi” gazetalarida adabiy xodim, “Mushtum” jurnalida boʻlim mudiri, Andijon viloyat teatri, Oʻzbek davlat filarmoniyasi va Muqimiy nomidagi teatrda adabiy emakdosh (1936). Ilk sherlar toʻplami – “Erk ilhomlari” (1931). Shundan keyin uning “Navbahor” (1931), “Koʻklam naʼrasi”, “Zavq” (1932), “Gulshan” (1939), “Soʻz va soz” (1943), “Davr qoʻshiqlari” (1949), “Hayot gulshani” (1959), “Hayot qoʻshiqlari” (1962), “Devon” (1965; Hamza mukofoti, 1971) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. Sobir Abdullaning sheʼriy ijodi lirika, hajviyot va dostonlardan iborat. Sobir Abdulla aruz vazniga qarshi kurash va umumiy badiiy ijodni mafkuralashtirish jarayoni kechgan bir davrda oʻzbek adabiyoti klassiklarining boy poetik anʼanalarini davom ettirib, mumtoz adabiyotimiz bilan zamonaviy adabiyot oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtagan. Sobir Abdulla voqelikda roʻy bergan voqea va hodisalarni ifodalashda aruz vazni imkoniyatlaridan samarali foydalangan, ayniqsa, gʻazal janrida kishilarga zavq-shavq bagʻishlaydigan, ulardagi ezgulik va nafosat tuygʻulariga ruhiy oziq beradigan koʻplab asarlar yozgan. Uning bastakorlar tomonidan kuyga solingan eng yaxshi gʻazallari oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatining ravnaqiga muhim hissa boʻlib qoʻshildi. Sobir Abdulla ayni paytda hajviy sheʼrlar ham yozgan. Liroyepik janrlarda ham samarali ijod qilgan (“Manyovr”, 1931; “Oʻrtoq Yoqubova”, 1934; “Katta Fargʻona kanali” tona Polvon oʻgʻli”, 1940; “Gul va sanam”, 1957; “Quralay koʻz bir kelinchak”, 1958; “Tun va tong”, 1971, dostonlar). Sobir Abdullaning oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshgan katta hissasi uning dramalaridir. “Muxbirga hujum” dastlabki pyesasi 1927-yili Qoʻqon drama truppasi tomonidan sahnaga qoʻyilgan. Shundan soʻng Sobir Abdulla “Bogʻbon qiz” (1926, doston asosida), “Boʻston” (1937) bir pardali pyesasi hamda “Tohir va Zuhra” (1939) pyesalarini yozdi. 1940-yilda ilk bor sahna yuzini koʻrgan va hanuzga qadar oʻzbek musiqiy teatrlari repertuarlarini bezab kelayotgan “Tohir va Zuhra” asari Sobir Abdulla ijodining gultojidir. Sobir Abdulla dramasi bilan Toʻxtatsin Jalilovning musiqasi oʻzaro uygʻunlashgan holda sevgi va muhabbat haqidagi Sharq afsonasining “Romeo va Juletta”, “Layli va Majnun” singari jahon adabiyotining mashhur ishqiy asarlari darajasiga yaqinlashishiga imkoniyat yaratdi. Sobir Abdullaning ushbu asari asosida “Tohir va Zuhra” kinofilmi (rejissyor N. Gʻaniyev) va opera spektakli (kompozitorlar T. Jalilov va B. Brovtsin) ham yaratilgan. Sobir Abdulla urush yillarida hamkorlikda “Qoʻchqor Turdiyev” (1941), “Davron ota” (1942), “Oʻzbekiston qilichi” (1943), urushdan keyingi yillarda esa zamonaviy hamda tarixiy-afsonaviy mavzularda “Alpomish”, “Gul va Navroʻz”, “Isteʼdod”, “Mening jannatim”, “Hijron va vijdon” singari pyesalarni ham yozdi. Bu asarlarning aksari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan. Sobir Abdullaning adabiy merosida nasriy asarlar ham salmoqli oʻrinni egallaydi. Uning 1931-yilda nashr etilgan “Navbahor” toʻplamidan sheʼrlar bilan birga davrning dolzarb mavzularida yozilgan hikoyalar ham urin olgan. Sobir Abdulla nasriy janrlardagi izlanishlarini davom ettirib, “Ulfat” (1939), “Soyalar” (1963) hikoyalar toʻplamlarini eʼlon qildi. Kichik nasr janrlarida erishilgan tajriba yozuvchining “Mavlono Muqimiy” romani (1965) ustida olib borgan ijodiy ishida, ayniqsa, qoʻl keldi. Sobir Abdulla Muqimiy va uning zamondoshlarini koʻrgan kishilar xotiralari asosida romanda shoir hayoti va u yashagan tarixiy davr manzaralarini haqqoniy aks ettirdi. Keyinchalik Sobir Abdulla tarixiy oʻtmish mavzusida yozilgan “Besh sarguzasht” qissasini (1971), Hamza, Gʻ. Gʻulom, A. Umariy, M. Uzoqov kabi adabiyot va sanʼat namoyandalariga bagʻishlangan xotiralarini yozdi. Sobir Abdulla “Tohir va Zuhra”, “Maysaraning ishi” operalari librettosining ham mualliflaridan biri. Qoʻqon va Toshkentdagi bir necha koʻcha, maktab va kutubxonaga shoir nomi berilgan.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz