Shukrullo

image
5
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
roman

Oʻzbekiston xalq shoiri (1981), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1977) Shukrullo (Yusupov)  1921-yil 2-sentyabrda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tugʻilgan. Pedagogika bilim yurti (1935–38) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1944).

Shukrullo 1951-yilda millatchilik va sovetlarga qarshi targʻibotda ayblanib, 25-yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, Stalin vafotidan keyin ozod etilgan (1955).

Ilk sheʼrlar toʻplami – “Birinchi daftar” (1949). Shundan keyin uning “Qalb qoʻshiqlari” (1949), “Hayot ilhomlari” (1959), “Umrim boricha” (1960), “Inson va yaxshilik” (1961), “Inson – inson uchun” (1964), “Zarralar” (1973), “Suyanchiq” (1977), “Yashagim keladi” (1978), “Sening baxting” (1988), “Toʻkilgan dardlarim” (2001) kabi sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilingan.

Shukrullo “Chollar” (1948), “Rossiya” (1956), “Ikki qoya” (1964), “26 tong otari” (1966), “Gul va otash” (1972), “Koʻngil chirogʻi” (1975), “Asr bahsi” (1985) va boshqalar dostonlarini yozgan. Shukrulloning bolalarga bagʻishlangan sheʼr va ertaklari “Bahor sovgʻasi” (1962), “Yulduzlar” (1964) sheʼriy toʻplamlaridan oʻrin olgan.

“Xatarli yoʻl” (1962), “Tabassum oʻgʻrilari” (1964), “Toʻydan keyin tomosha” (1980), “Oʻgʻrini qaroqchi urdi” (1982), ustoz yozuvchilarning ijodi tajribalari toʻgʻrisida bahs yurituvchi “Javohirlar sandigʻi” (1983) essesi, qatagʻon davri dahshatlari haqidagi “Kafansiz koʻmilganlar” (1989) avtobiografik qissasi, “Qasosli dunyo” (1994) publitsistik maqolalar toʻplami, Ubaydulla Xoʻjayev toʻgʻrisidagi “Tirik ruhlar” (1999) roman-xronikasi muallifi.

Shukrullo Karlo Gotstsining “Baxtiyor gadolar” pyesasi, Sh. Petyofi, T. Shevchenko, Q. Quliyev va boshqalar shoirlarning sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz tillarida nashr etilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). “Doʻstlik” (1994) va “El-yurt hurmati” (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.

2020-yil 19-iyul kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz