Shuhrat

image
4
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
4.7
Reyting
Janrlari:
roman

Shuhrat (Alimov Gʻulom Aminjonovich) 1918-yili Toshkentda tugʻilgan.  Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1986). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1978). Transport texnikumi (1932– 33), Oʻrta Osiyo transport injenerlari tayyorlash instituti (1934–36) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti (1936–40)da oʻqigan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941–43). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining maslahat byurosida kotib (1934–36), adabiy maslahatchi (1955–58; 1960–70), Adabiyot jamgʻarmasida direktor (1958), yoshlar gazetasida boʻlim mudiri (1945–48), “Sharq yulduzi” jurnalida boʻlim mudiri (1948–50), masʼul kotib (1960-70). Shuhrat 1951-yilda qatagʻon qilinib, qamoq lagerlarida boʻlgan. 1955-yilda oqlangan. Dastlabki asari – “Mehrol” (ertak-doston, 1940). Shuhrat urushdan qaytgach, badiiy ijod bilan samarali shugʻullangan va koʻplab sheʼriy (“Bizning koʻcha”, 1947; “Hayot nafasi”, 1948; “Qardoshlar”, 1950; “Balladalar”, 1958; “Sening sevging”, 1961; “Ishqingda yonib”, 1964; “Buyuk muhabbat”, 1966; “Lirika”, 1973; “Shaydo koʻngil”, 1976; “Hali tun uzoq”, 1984 va boshqalar) va nasriy (“Oila”, 1946; “Rustam”, 1947; “Balogʻat”, 1958; “Bir kecha fojiasi”, 1976 va boshqalar) toʻplamlarini eʼlon qilgan. 60–70-yillarda yana doston janriga qaytib, “Mardlik afsonasi” (1959), “Guldursin” (1960), “Soʻlmas chechaklar”, “Jamila” (1962), “Quvgʻindi” (1963) singari dostonlar yozgan. Asarlari nafis lirizmi, lirik qahramon ruhiy olamining yorqin ifodalanganligi, his-tuygʻularning samimiyligi bilan ajralib turadi. Shuhratning soʻnggi yillarda yozgan sheʼrlarida falsafiy oʻylar tasviri ustuvorlik qiladi; lirik qahramoni endi oʻzining his-tuygʻulari bilan emas, balki bir kam dunyoning sir-u sinoatlarini anglay boshlagan kishi sifatida, hayot va abadiyat, tabiat va jamiyat, oʻtmish, hozirgi davr va kelajak haqida mushohada yurituvchi inson sifatida namoyon boʻladi. Shuhratning 2-jahon urushida ishtirok etib, vayron boʻlgan shahar va qishloqlarni, magʻlubiyat va gʻalabani oʻz koʻzi bilan koʻrishi uning yirik nasrga oʻtib, “Shinelli yillar” (1958) romanini yozishiga turtki bergan. Shuhrat “Oltin zanglamas” (1965) romanida mustabid sovet tuzumi davrida inson haq-huquqlarining toptalishini oʻzi guvoh boʻlgan voqealarni umumlashtirgan holda tasvirlagan, eʼtiqod, vatanparvarlik, vijdon amrini har bir kishining jamiyatdagi mavqeyi va insoniy qadr-qimmatini belgilovchi muhim maʼnaviy qadriyatlar sifatida talqin etgan. Shuhratning “Jannat qidirganlar” (1968) romani “Oltin zanglamas”ning mantiqiy davomidir. Shuhrat bu asarida haqiqat (jannat) axtarib yashovchi kishilarning ikki xil koʻrinishini tasvirlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Yozuvchi umrining soʻnggi kunlarida isyonkor shoir Mashrab haqidagi tarixiy roman ustida ishlagan, biroq asar tugallanmay qolgan. Shuhrat – “Besh kunlik kuyov” (1970), “Qoʻsha qaringlar” (1971), “Ona qizim” (1973) va boshqalar dramalarning muallifi. G. Geyne, A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, A. Mitskevich, T. Shevchenko, M. Voqif asarlarini, shuningdek, yapon va vetnam, ozarbayjon shoirlarining sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Vafotidan soʻng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2003).

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz