Servantes

image
1
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
roman

Saavedra Migel de Servantes (1547. 9. 10, Alkalade-Enares – 1616. 23. 4, Madrid) – ispan yozuvchisi. Iezuitlarning Valyadolida shahridagi kollegiyasida (1557–61), keyin Madridda tahsil koʻrgan. Papa muridlari bilan birga 1569-yilda Italiyaga borgan. Yevropa flotining Lepanto yaqinida turklarga qarshi olib borgan jangida (1571-yil 7-oktyabr) yaralangan; vataniga qaytishda (1575) dengiz qaroqchilari qoʻliga tushib, Jazoirda 5-yil asirlikda yashagan. Servantes 1585-yil Madridda nashr etilgan “Galateya” romani bilan tanilgan. Shundan keyin u garchand 20–30 ta pyesa yozgan boʻlsa-da, bu asarlar izsiz ketgan. Qalam haqi evaziga turmush tebrata olmagan Servantes 1587-yilda Sevilyaga koʻchib borib, 1603-yilgacha dastlab harbiy, keyin oddiy fuqaro sifatida xizmat qilgan. Ispaniyaning eng yirik portlarida yashash va turli tabaqadagi kishilar bilan muloqotda boʻlish uning soʻnggi davr ijodiga katta taʼsir oʻtkazgan. 1602-yil Sevilya qamoqxonasida boshlagan “Don Kixot” romani (1-qismi) nashr etilishi bilanoq (1603) Servantes Yevropa miqyosida mashhur boʻlib ketadi. Romanning katta shov-shuv qozonganiga havas va hasad qilgan A. Fernandes de Avelyaneda taxallusli qalamkash 1614-yilda “Don Kixot”ning soxta davomini yozib, nashr etadi. Bundan gʻazablangan Servantes 1615-yilda romanning haqiqiy davomi – 2-qismini eʼlon qiladi. Servantes “Don Kixot”ning har ikkala qismi orasida “Pandnoma hikoyalar” (1613) va “Parnasga sayohat” dostoni (1614)ni yozgan. “Persiles va Sixizmundaning sarguzashtlari” (1617-yil nashr etilgan) romani esa Servantesning xastalik paytida yozib tugatgan soʻnggi asaridir. Umrining aksar qismi xorlik va zorlikda kechgan Servantes oʻlimi oldida rohiblikka oʻtgan. Servantesning adabiy merosida hajviy va ishqiy sheʼrlar, ishqiy qahramonlik va hayotiy-maishiy mavzudagi drama va komediyalar hamda koʻplab hikoyalar mavjud. Bu asarlarga xos eng muhim holat va vaziyatlar, niyat va gʻoyalar “Don Kixot”da oʻzining yorqin badiiy tajassumini topgan. Asardagi taqdir bilan murosa qila olmaydigan, har qanday adolatsizlikka qarshi kurashga shay boʻlgan qahramon obrazi oʻz ildizlari bilan 16-asrdagi ispan “yangi ritsar romanlari”, shuningdek, Italiyadagi Uygʻonish davri dostonlari va choʻponlar haqidagi koʻplab hikoyalarga borib taqaladi. Ammo Servantes bu asarlarga xos qahramon obrazini yaratish anʼanalarini davom ettirishni emas, balki oʻzi yashagan davrda keng tarqalgan “yangi ritsar romanlari” ustidan kulishni, ularga parodiya qilishni oʻziga maqsad qilib olgan. Ayni paytda Servantes voqelikka realist yozuvchi sifatida yondashib, insonparvarlik gʻoyalarini tarannum qilgan.“Don Kixot” 19–20-asrlarga kelib olamshumul shuhrat qozondi. Xuddi shu davrlarda asarning tragikomik va umuminsoniy ahamiyati ilk bor kashf etildi; unda tasvirlangan ideal va real hodisalar, soxta qahramonlik bilan haqiqiy jasorat, orzu-armon bilan real voqelik oʻrtasidagi keskin farq shu asrlarda kechgan ijtimoiy poʻrtanalar va hayotiy vaziyatlardagi tanazzul mohiyatini oʻzida ifodalash qudratiga ega boʻldi. Ushbu roman asosida jahonning koʻpgina mamlakatlarida sahna (opera, balet, drama), kino (kinofilm, teleserial), musiqa (fantastik variatsiyalar) va tasviriy sanʼat (haykal va b.) asarlari yaratilgan.Naim Karimov.

# Kitob nomi Muallif Janr Reyting Baholang
1 Servantes
roman
0
Javonga
1 ta kitobdan 1 dan 1 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz