Sadriddin Ayniy

Sadriddin Ayniy

Tavalludi
27-aprel 1878
Vafoti
15-iyul 1954
Hajviy qissa Klassika Qissa Realizm Roman Satira

Yozuvchi, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878-yili Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Oʻzbek va tojik tilida yozgan. Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1951–54), Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi faxriy aʼzosi (1943), Tojikistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1940), filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950). Avval eski maktabda (1884–87), keyin madrasalar: Mir Arab (1890–91), Olimxon (1892–93), Badalbek (1894–96), Hoji Zohid (1896-99), Koʻkaldosh (1899-1900)da tahsil olgan. Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marogʻiyning hamda jadid maʼrifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun oʻquv qoʻllanmalar, ommani ilm-maʼrifatga chaqiruvchi sheʼr va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» (1909) darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi. 1918–21-yillarda tojikcha, oʻzbekcha marsh, qoʻshiq va sheʼrlar yaratadi. «Buxoro jallodlari» (1922) povesti, «Buxoro mangʻit amirligining tarixi» (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida» (1924), «Tojik adabiyotidan namunalar» (1926), «Qul bobo yoki ikki ozod» (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. Ayniy tojik va oʻzbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 dan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavislar hayoti va ijodi haqida maʼlumot beradi. Ayniy 1927-29-yillarda yirik romani «Doxunda»ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934-yilda esa oʻzbek tilida «Qullar» romanini yaratdi. Unda oʻzbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi. Ayniyning «Eski maktab» (1935) asarida eski maktabdagi oʻqish va oʻqitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda eʼlon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi goʻrdan chiqdi», «Puling halol boʻlsa, toʻy qil» (1924), «Mashrab bobo», «E, toʻnim» (1925), «Bilganim yoʻq», «Kengash» (1926) kabi oʻzbekcha felyetonlari, hajviy sheʼr va maqolalari, ayniqsa, «Sudxoʻrning oʻlimi» (1939) hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini koʻrsatdi. Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qoʻzgʻolonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U toʻrt qismdan iborat «Esdaliklar»ida (1949–54) Buxoroning oʻtmish hayoti va oʻsha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. A. adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida «Firdavsiy va uning «Shohnoma»si haqida» (1934), «Kamol Xoʻjandiy», «Shayxurrais Abu Ali ibn Sino» (1939), «Ustod Rudakiy» (1940), «Shayx Muslihiddin Saʼdiy Sheroziy» (1942), «Alisher Navoiy» (1948), «Zayniddin Vosifiy» (uning «Badoye ul-vaqoye» asari haqida»), «Mirza Abdulqodir Bedil», Muqimiy, Gʻafur Gʻulom va Said Nazar haqidagi asarlari oʻzbek va tojik adabiyotshunosligi va tanqidchiligida, «Fors va tojik tillari haqida», «Tojik tili» kabi ilmiy ishlari tojik tilshunosligida muhim voqea boʻldi. Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxoʻrning oʻlimi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, koʻchalar, maktablar, kutubxonalar, sanʼat va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qoʻyilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967).

Kitoblar (5)

Natija topilmadi
Natija topilmadi
Kitob Baho
Sudxoʻrning oʻlimi
Sudxoʻrning oʻlimi

1939

4.4 (5)
Qullar Sadriddin Ayniy
Qullar

5.0 (1)
Qisqacha tarjimai ho... Sadriddin Ayniy
Qisqacha tarjimai holim

5.0 (1)
Esdaliklar Sadriddin Ayniy
Esdaliklar

5.0 (1)
Doxunda Sadriddin Ayniy
Doxunda

5.0 (2)

Tizimga kirish

Hisobingizga kiring va kitoblar olamiga shoʻngʻing

yoki email orqali

Hisobingiz yoʻqmi?

Kirishda muammo boʻlsa, biz bilan bogʻlaning.