- Tavalludi
- 12-noyabr 1915
- Vafoti
- 25-fevral 1980
Frantsuz adabiyotshunosi, tilshunos va semiolog Rolan Bart (Roland Barthes) 1915-yilning 12-noyabrida Sherbur shahrida (Frantsiya) tugʻilgan, otasining vafotidan keyin Parijga koʻchib oʻtib, Monten va Buyuk Lyudovik litseylarida, soʻngra Sarbonnada tahsil olgan. Bir necha yillik oʻqituvchilik faoliyatidan soʻng sil kasali bilan ogʻrib, olti yildan ortiq umrini turli kasalxona va sihatgohlarda oʻtkazgan. 1948-50-yillari Buxarest va Aleksandriyada muallimlik qilgan. Mashhur tilshunos A. J. Greymas taʼsirida til ilmiga berilgan va 1947-yildan boshlab fransuz matbuotida uning tilshunoslikka doir maqolalari chop etila boshladi. 50-yillarda sotsial leksikologiya boʻyicha dissertatsiya tayyorladi, olimning til bilimiga oid maqola va esselar toʻplami “Yozuvning boshlangʻich darajasi” 1953-yilda eʼlon qilindi. Shu davrning oʻzida adabiyotshunoslik boʻyicha “yangi roman”, “absurd teatri”ga oid maqolalari chop qilindi. 1955-yildan Ferdinand de Sossyurning “Umumiy tilshunoslik kursi” bilan tanishish barobarida semiologiya (umumiy belgilar nazariyasi, semiotika esa, uning xususiy qismi) bilan shugʻullandi. Bu davrda sotsiosemiotika bilan mashgʻul olimlar R. Yakobson, E. Benvenist, A. Martine, K. Levi-Strosning ishlari urf boʻlgan edi. R. Bart ularga munosabatini oʻzining 1967-yilgi “Modalar tizimi” nomli kitobida ifodaladi. 50-yillarning oʻrtalarida nashr qilingan “Mifologiya” kitobida gʻoyaviy belgi asarning faqat vertikal oʻlchovi boʻlib, tahlil jarayoni uchun kamlik qilishini anglatadi, urf boʻlgan paradigmatik va sintagmatik aloqalar esa bu tizimdan tashqari belgilardir, degan xulosaga keldi. Olim qarashlarining struktur tilshunoslikdan adabiy strukturalizmga koʻchishi 60-yillarning boshlaridan aniq sezildi. Bu yoʻnalishda u ikki programm maqolasi: “Belgini idrok etish” va “Strukturalizm faoliyat sifatida” eʼlon qilindi. Bu bilan Bart asarlari Klod Levi-Stros, Jak Lakan, Mishel Fuko singari mashhur semiolog-strukturalistlar qatorida oʻqiladigan boʻldi. Shu yillari sotsiologik, antropologik va semiologik kommunikatsion markaz rahbari boʻldi va 1962-yildan “Belgi, ramz va tasvir sotsiologiyasi” seminarini boshqardi. Belgishunoslikka doir tadqiqotlarini zamonaviy filologlarning munozara-bahslariga asos boʻlgan “Semiologiya asoslari” kitobi (1965) orqali yaxlit tizimga soldi. Semiologiya belgilar shakli, maʼnosi va ifoda birligi boʻlmay, balki “mohiyat haqidagi fan” ekanini asosladi. Uning faoliyat yoʻnalishi oʻrganilayotgan poetik obyektni boʻlaklarga ajratish (mayda detallarigacha) va uni qayti tiklashga qaratildi. 1966-yilgi “Tanqid va haqiqat” kitobida mumtoz fransuz adiblari ijodini qayta tahlildan oʻtkazib, oʻzining strukturalizmga doir nazariy qarashlarini “Rasin haqida”gi maqolasi orqali konkret amaliy tahlilga koʻchirdi. Bu bilan Bart “adabiyotshunoslik hech qachon va hech bir shaklda badiiy adabiyot haqidagi soʻnggi yakuniy xulosa boʻla olmasligi”ni, adabiyot ilmini doimo taraqqiyot va oʻzgarishda (mukammallik sari) koʻrish lozimligini anglatdi. Tahlil jarayonining metodologik tamoyillari aks etgan “Ilmdan adabiyotga” (1967), “Tarixmi yo adabiyot?” (1970), “Nimadan boshlash kerak?” (1970) maqolalari va bevosita struktural tahlilning mumtoz namunalariga aylangan “S / Z” nomli Balzakning “Sarrazin” hikoyasi tahliliga bagʻishlangan va “Edgar Po hikoyalaridan birining matniy tahlili” (1973) kabi ixcham tadqiqotlari chop qilindi. “Rolan Bart Rolan Bart haqida” nomli tadqiqoti orqali oʻzining ilmiy-ijodiy tamoyillarini sharhlashga intildi. Parijdagi birinchi darajali oʻquv yurtlaridan biri Kollej de Frans uchun Semiologiya kafedrasini ochib berdi, uning maʼruzalari matni 1978-yilda toʻla holda nashr qilindi. 1980-yilning 25-fevralida Rolan Bart yoʻl halokati tufayli halok boʻldi. Bartning oʻttiz yillik ilmiy faoliyati (1951-1980) davomida 20 ta monografiya va maqolalar toʻplami nashrdan chiqdi.
Kitoblar (1)
| Kitob | Yil | Baho |
|---|---|---|
|
Strukturalizm faoliy...
Rolan Bart
Strukturalizm faoliyat sifatida
|
— |
0.0
(0)
|
| Kitob | Ilk nashr yili | Janr | Baho |
|---|---|---|---|
|
Strukturalizm faoliy...
Rolan Bart
Strukturalizm faoliyat sifatida
|
— |
0.0
|