Richard Metison

image
2
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya

Amerikalik ilmiy-fantastik yozuvchi va ssenarist Richard Barton Metison 1926-yil 20-fevralda, Nyu Jersi shtatining Alendeyl shahrida, norvegiyalik muhojirlar Bertolf va Fenni Metisonlar oilasida tugʻilgan. Richard Metison oʻsmirligida yozuvchi Kennet Robertsning katta romanlarini oʻqib adabiyotga qiziqishi yanada ortadi. Bruklin Texnika maktabini tamomlagach, AQSh armiyasiga chaqiriladi va Yevropada II jahon urushida qatnashadi. Urush xotiralari asosida keyinchalik “Soqolsiz jangchi” (The Beardless Warrior) romanini yozadi. Urushdan soʻng, 1949-yilda Metison Missuri Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlaydi.
Metisonning ilk romani “Ochlik va tashnalik” (Hunger and Thirst) yillab nashr etilmaydi. Faqat 1950-yilga kelib uning “Erkak va ayolning tugʻilishi” (Born of Man and Woman) nomli dastlabki hikoyasi nashr etiladi. Bir maxluqni dunyoga keltirib, uni yertoʻlada saqlagan er-xotinlar hayoti aks ettirilgan ushbu hikoya katta shov-shuvga sabab boʻladi.
Oʻquvchilar Metisonning atrof-muhit, borliq bilan bogʻliq ijod namunalarini yuqori baholaydi. Adib hikoyalar yozishda davom etib, 1950-yilda “Uchinchi Sayyora” (Third from the Sun), 1953-yilda “Gunohkor” (Trespass) va 1954-yilda “Sinov” (The Test) kabi toʻplamlarini nashr ettiradi. Ammo bu Metisonga moliyaviy foyda keltirmadi. Hattoki “Men afsonaman” (I Am Legend) fantastik asari chop etilganidan soʻng ham yozuvchining moddiy ahvoli yaxshilanmadi.
“Men afsonaman”( I Am Legend) asari asosida uchta film – 1964-yilda “Erdagi soʻnggi odam” (The Last Man on Earth), 1971-yilda “Omega odam” (The Omega Man) va 2007-yilda “Men afsonaman” (I Am Legend) filmlari ishlangan. Bu asar Metisonning eng mashhur asari deb eʼtirof etilsa-da, uning 1956-yilda yozgan “Kichrayotgan odam” (The Shrinking Man) romani yozuvchini mashhurlik choʻqqisiga olib chiqqan asar sifatida baholanadi. Roman shu qadar shuhratga erishdiki bir necha yil oʻtib, unga asoslangan “Tobora kichrayotgan odam” (he Incredible Shrinking Man) filmi ishlandi. Metisonning 1971-yilda nashr etilgan “Duel” (Duel) nomli hikoyalar toʻplami asosida mashhur kinorejissor va produsser Stiven Spilberg oʻzining ilk uzun metrajli filmlari – “Aks-sado hayqirigʻi” (Stir of Echoes) (1999-yil), Somewhere in Time (1980-yil) va What Dreams May Come (1998-yil)ni suratga oldi.
Metison ijodining yuksalgan vaqtida 1959-yilda suratga olingan “Shafaq koʻringan hudud” (The Twilight Zone) nomli ilmiy-fantastik janridagi teleserial uchun ssenariylar ham yozgan. U Rod Syorling bilan birgalikda serialning oʻn ikkita qismi uchun ssenariy yozgan. Shuningdek uning “Poʻlat odam” (Steel), va“Falokat dastagi” (Button, Button) hikoyalari 2011-yilda “Sof poʻlat” (Real Steel) va 2009-yilda “Joʻnatma” (The Box) nomlari ostida film boʻlib katta ekranlarga chiqdi.
Richard Metison ilmiy-fantastika janridan boshqa janrda ham ijod qilib, bir qator romanlar yozdi. Xususan 1993-yilda uning fantastika janriga oid boʻlmagan “Yoʻlak” (The Path) romani chop etildi. Qariyb oʻn yil oʻtib, yaʼni 2002-yilda esa “Abu va etti moʻʼjiza” (Abu and the Seven Marvels) nomli bolalar uchun moʻljallangan kitobi nashrdan chiqdi.
Metison garchi oʻz davrining mashhur ilmiy-fantast yozuvchisi boʻlmagan boʻlsa ham koʻplab mashhur yozuvchilar uning yozuvchilik mahoratiga tan berishgan. Mashhur dahshatli va fantastik hikoyalar yozuvchisi Stiven King Metisonni oʻzining maʼnaviy ustozi deb biladi.
Richard Metison 2013-yil, 23-iyunda Kalabasas (Kaliforniya)da vafot etgan.

2 ta kitobdan 1 dan 2 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz