Qozi Iyoz (toʻliq ismi: Abul Fazl Iyoz ibn Muso ibn Iyoz al-Yahsibiy as-Sabtiy) — mashhur molikiy faqihi, muhaddis, tarixchi va adib. U 1083-yilda Magʻribning Sabta (hozirgi Seuta) shahrida ilmli oilada tavallud topgan. Oʻz yurtida boshlangʻich taʼlimni olgach, ilm talabida Andalusga yoʻl olib, Qurtuba (Kordova) kabi yirik ilmiy markazlarda oʻz davrining yetuk allomalaridan hadis, fiqh va arab tili ilmlarini puxta egallagan.
Sabtaga qaytgach, xalq orasida katta obroʻ qozonib, qozilik mahkamasiga tayinlangan. Keyinchalik Gʻarnota (Granada) shahrida ham qozilik vazifasida faoliyat yuritgan. Oʻz davrida adolatli hukmlari, chuqur bilimi va taqvosi bilan nom qozongan. Keyinchalik Muvahhidlar davlati boshqaruvidagi siyosiy jarayonlar tufayli Marokash (Marrakesh) shahriga surgun qilingan va 1149-yilda shu yerda vafot etgan.
Qozi Iyoz boy ilmiy meros qoldirgan. Uning eng mashhur asari Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning fazilatlari va siyratlariga bagʻishlangan «Ash-Shifo bi-taʼrif huquq al-Mustafo» (qisqacha «Ash-Shifo») kitobidir. Shuningdek, molikiy mazhabi olimlari tarixiga oid «Tartib al-madorik va taqrib al-masolik», hadisshunoslikka oid «Mashoriq al-anvor» hamda «Sahih Muslim» sharhiga bagʻishlangan «Ikmol al-muʼlim» asarlari butun islom olamida yuksak eʼtirof etilgan.