Muhabbat Yo‘ldosheva

image
5
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya mistik hikoya

Muhabbat Yo‘ldosheva 1964-yil 22-martda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. O‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagan. So‘ngra Abu Rayhon Beruniy nomli Toshkent Politexnika institutining Tog‘-metallurgiya fakultetining “Tog‘ injeneri” ixtisosligi bo‘yicha bitirgan. Ish faoliyatini “Uzkolxozstroy” ishlab-chiqarish birlashmasi tajriba-esperimental mexanika zavodi, xodimlar bo‘limi inspektori lavozimidan boshlagan. Keyinchalik matbuotga ishga o‘tgan. “Xalq so‘zi” gazetasida muxbir, “Tong yulduzi” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari, “Mashhura” jurnalida bosh muharrir, O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Axborot va marketing bo‘limi boshlig‘i, “Mening mulkim – Частная собственность” gazetasida mas'ul kotib, “Darakchi” gazetasida mas'ul muharrir, “Donich chirog‘i” nashriyotida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritgan.

Muhabbat Yo‘ldosheva 1989-yildan boshlab O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. U 40 yildan oshiq ijodiy faoliyati davomida ko‘proq bolalar adabiyoti yo‘nalishida qalam tebratgan. Shu bilan birga hikoyachilikda ham samarali ijod qilgan. Hikoya va ertaklari ingliz, serb, hind, bengal, koreys, qozoq, ukrain, alban, belorus, xitoy, rus, vetnam kabi o‘n ikki tilga tarjima qilingan va Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Belorus, Hindiston, Serbiya, Belgiya, AQSР, Angliya, Pokiston, Misr, Janubiy Koreya kabi xorijiy mamlakatlarda chop etilgan. Bolalarga atalgan 7 ta kitobi xorijiy mamlakatlarda nashr qilingan: “Принц страны Кохи-Коф” senariysi (Janubiy Koreya, ASS, 2013), “Great Dairy River” (AQSH, “Lulu Press Ins”, 2017), “Great Dairy River” (AQSh, “Amazon.com Inc”, 2017), “나의 구름 친구” (“Mening bulut do‘stlarim”), (Janubiy Koreya, ASS, 2019).

Bundan tashqari Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Kentavr” (1998),  “Buyuk sut daryosi” (2006), “Xiyonat tuni” (“Ijod-Press”, 2012), “Qaynona” (2017), “Yulduzlarni yutgan tun” (2017), “O‘gay ota” (2019), “Buyuk sut daryosi” (2020), “Arazlagan qish” (2021), “Sayohatchi pingvincha” (2021), “Ertakchi sichqon” (2021), “O‘rdakchalarning siri” (2022), “Erkatoy qovun” (2022) kabi hikoya va ertak to‘plamlari nashr etilgan.

Muhabbat Yo‘ldoshevaning tarjimasida “Samoviy qotil” (2012), “O‘yla va boy bo‘l” (N.Xill, 2016), “XV-XVI asrlar kitob san'ati durdonalarida Alisher Navoiy asarlari” (O.Vasileva, 2016), “Samoviy qotil” (2017), “O‘g‘ri ayol” (2017), “Advokat” (2017), “Bir yilda boy bo‘lish” (N.Xill, 2018), “Omad zinasi” (N.Xill, 2018), “Fikrlang va boying” (N.Xill, 2018), “Farovonlik sirlari” (N.Xill, 2018), “Boyish qoidalari” (N.Xill, 2018), “O‘yla va boy bo‘l” (N.Xill, 2021), “Yangi tug‘ilganlar” (S.Mayer, 2021),  “Turkistondagi institut” (A.Tenchoy, 2021), “O‘yla va boy bo‘l”  (N. Xill, 2021),  “Professor Douelning boshi” (A.Belyaev, 2021), “Oq Bim Qora Quloq” (G.Troyepolskiy, 2021), “Sohildagi uy” (Yu.Trifonov, 2021), “G‘oliblikka erishish sirlari” (D. Karnegi, 2021) kabi kitoblar nashr etilgan.

Quyidagi adabiy tanlovlarda ishtirok etgan:

2010-yilda “Buyuk sut daryosi” nomli ertak-qissasi Rossiyada o‘tkazilgan Xalqaro hikoyalar tanlovida “Bolalar adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan;

2013-yilda “Qohi Qof shahzodasi” nomli ertak-film uchun yozgan senariysi Janubiy Koreyada o‘tkazilgan “Osiyo mamlakatlari miflari, ertaklari va eposlari motivlari bo‘yicha senariylar” Xalqaro tanlovida 1-o‘rinni egallagan;

2018-yilda Janubiy Koreyaning Kvandju shahridagi Osiyo Madaniyati Markazi (ACC) tomonidan o‘tkazilgan Ertaklar seminarida ishtirok etdi;

2020-yilda O‘zbekistondagi Rossotrudnichestvo vakolatxonasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng sehrli bayram” ertaklar tanlovining g‘olibi bo‘lgan;

2022-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Ayolga ehtirom” nomli adabiy tanlov g‘olibi bo‘lgan.

Muhabbat Yo‘ldosheva bolalar adabiyoti janrida ijod qiluvchi yosh ijodkorlarga yordam berish maqsadida Xalqaro “HUMO” ertaklar tanloviga asos solgan va uning muvofiqlashtiruvchisi sifatida ishlaydi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tomonidan o‘tkaziladigan Respublika hikoyalar tanlovining muvofiqlashtiruvchisi va hakamlar hay'ati a'zosi, Rossiyada o‘tkaziluvchi “На земле Заратуштры” xalqaro madaniy assambleyasi tanlovining hakamlar hay'ati a'zosi sifatida ham faoliyat yuritadi.

Muhabbat Yo‘ldoshevaning kinotarjimon sifatidagi faoliyati (1998–2018-yillar) keng qamrovli bo‘lib, u “Yoshlar”, NTT, “MY-5” va “Sevimli” telekanallari bilan hamkorlikda 400 ga yaqin badiiy film va multfilmlarni, 20 dan oshiq teleseriallarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Shuningdek, o‘zbek adiblarining asarlarini o‘zbek tilidan rus tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Jumladan, Xurshid Do‘stmuhammad, Abdusaid Ko‘chimov, G‘afur Shermuhammad, Luqmon Bo‘rixon, Xosiyat Rustamova, Umid Ali, Xoliyor Safarov, Baxtiyor Abdug‘afur, Furqat Alimardon, Sherzod Komil Xalil, Jasur Kengboyev, Nodirabegim Ibrohimova, Gulnoz Tojiboyeva, Xurshid Tojiboyev, Obid Qo‘ldosh, Jumanazar Yo‘ldosh va boshqaning roman, qissa va hikoyalarini rus tiliga tarjima qilib, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qrim Respublikasidagi turli nashrlarda chop etilishiga yordamlashgan. Xususan, Baxtiyor Abdug‘afurning “Uzbechka” romani Moskvadagi “Veche” nashriyotida nashr etilishi ham Muhabbat Yo‘ldoshevaning sa'y-harakatlari bilan amalga oshgan. Bundan tashqari, o‘zbek adiblarining asarlarini AQSH, Belgiya, Angliya, Hindiston, Misr kabi xorijiy davlatlardagi adabiy nashrlarga tavsiya etish yo‘li bilan o‘zbek adabiyotining xorijiy davlatlarda targ‘ib etilishiga hissa qo‘shmoqda.

2021-yilda Muhabbat Yo‘ldoshevaning www.muhabbatxon.uz nomli adabiy sayti ish boshladi. Sayt o‘zbek (lotin va kirill), rus va ingliz tillarida yuritiladi.

Muhabbat Yo‘ldoshevaning ikki farzandi ham bolalar yozuvchisidir. Qizi Gulnoz Tojiboyeva – yozuvchi, jurnalist, rassom, senariychi, dizayner, tarjimon sifatida faoliyat yuritadi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy Ijodkorlar uyushmasi (2019-yil), Londondagi Yevroosiyo Xalqaro Ijodkorlar Gildiyasi – Eurasian Creative Guild (2017-yil), O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi (2021-yil), Internatsional Yozuvchilar uyushmasi (2022-yil), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (2022-yil) a'zosi. O‘g‘li Xurshid Tojiboyev – bolalar yozuvchisi, tarjimon, sportchi, Xalqaro “HUMO” ertaklar tanlovining bosh homiysi.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz