Mixail Sholoxov

image
5
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya roman

Rus yozuvchisi. Akademik (1939), Mehnat Qahramoni (1967). Fuqarolar urushida ishtirok etgan. 1922-yilda Moskvaga kelib, “qora” mehnat orqasida kun kechirgan. Soʻng “Yosh gvardiya” adabiy guruhiga qatnashib, dastlab “Yunosheskaya pravda”, “Komsomoliya” gazetalari, “Projektor”, “Smena”, “Ogonyok” va boshqalar jurnallarda dastlabki hikoyalarini eʼlon qilgan (1924–26). Keyinchalik bu asarlar Sholoxovning “Don hikoyalari” va “Lojuvard biyobon” (1926) toʻplamlariga kirgan. Don daryosi boʻylarida shafqatsiz toʻqnashuv va kurashlar bilan kechgan fuqarolar urushi – Sholoxov ijodining bosh mavzusi (“Tirrancha”, “Choʻpon”, 1925; “Xundor dushman”, 1926 va boshqalar). Sholoxov 1928-yilda Donga, Vyoshenskaya stanitsaga koʻchib borib, fuqarolar urushi mavzusiga bagʻishlangan “Tinch oqar Don” (1–4-kitoblar, 1928–40) romanini yozgan va unda ikki olam oʻrtasidagi shafqatsiz kurashni barcha tafsilotlari bilan tasvirlagan. Asarda ayrim kishilar yoki guruhlarning manfaatlari taqozosi bilan boshlangan urush va inqiloblar xalq hayotini izdan chiqaradi, unga faqat jabr-sitam keltiradi, degan gʻoya ilgari surilgan.“Ochilgan qoʻriq” (1–2-kitoblar, 1932–60) romanida rus qishlogʻining 30-yillardagi hayoti oʻzining barcha ziddiyatli tomonlari bilan tasvir etilgan. Romanning 1-kitobida Gremyachiy qishlogʻida jamoa xoʻjaligining tashkil topish tarixi Davidov – Nagulnov, Davidov – Ostrovnov, Nagulnov – Razmetnyov va boshqalar asosiy qahramonlarning oʻzaro munosabatlari, ikkinchi tomondan, Don kazaklarining sovet davlati olib borayotgan jamoalashtirish siyosatiga munosabatini tasvirlash orqali haqqoniy yoritilgan. Sholoxov “Tinch oqar Don” da ham, bu asarda ham Don kazaklarining sovet davrida kechgan mashaqqatli hayotini, davrning oʻta murakkab va ziddiyatli tomonlarini, shuningdek, qahramonlar oʻrtasidagi qarama-qarshilik va keskin kurashni, ular ruhiyatida roʻy bergan oʻzgarishlarni roʻyirost tasvirlagan. Romanning rus adabiyotida sotsialistik realizm uzil-kesil qaror topgan davrda yozilgan 2-kitobida Sholoxov jamoa xoʻjaligidagi ijtimoiy masalalardan koʻra, maʼnaviy va ruhiy masalalar tasviriga koʻproq eʼtibor bergan. Sholoxov 2-jahon urushi yillarida “Pravda” gazetasining harbiy muxbiri boʻlgan. Xalq va armiyaning urush yillarida chekkan uqubatlari, matonati va jasoratini oʻz koʻzi bilan koʻrgan. Sholoxov soʻnggi yirik asari – “Ular Vatan uchun jang qildilar” romanini yoza boshladi. Dastlabki sahifalari 1943–44-yillarda “Pravda” va “Krasnaya zvezda” gazetalarida bosila boshlagan bu romanini Sholoxov 1960-yilda tugatgan. Mazkur roman (K. Simonovning “Tiriklar va oʻliklar” epopeyasi bilan birga) urush haqidagi haqiqat ilk bor toʻla yuzaga chiqqan asardir. Sholoxovning soʻnggi asarlaridan biri – “Inson taqdiri” (1957) hikoyasida urush dahshatlarini boshidan kechirgan kishining boy va goʻzal ruhiy olami katta mahorat bilan ifodalangan. Sholoxov ijodi qardosh xalqlar, shu jumladan, oʻzbek adabiyotida realistik tasvir metodining qaror topishiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Sholoxovning roman va hikoyalari asosida koʻplab teatr va kino asarlari yaratilgan. Sholoxovning qariyb barcha asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Nobel mukofoti laureati (1965). (Naim Karimov)

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz