Mario Vargas Losa

image
2
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
qissa

Mario Vargas Losa (Jorge Mario Pedro Vargas Llosa) – perulik yozuvchi, dramaturg, publitsist va siyosiy arbob. Uning nomi ispanzabon adabiyotini yuksak rutbaga koʻtargan Xuan Rulfo, Karlos Fuentes, Xorxe Luis Borxes, Gabriel Garsia Markes singari soʻz sanʼatkorlari qatorida eʼtirof etiladi. Zamonaviy va tarixiy mavzudagi romanlari Lotin Amerikasi fikr ahliga kuchli taʼsir koʻrsatgan.
1936-yil 28-martda Peruning Arekipa shahrida dunyoga kelgan. Lensio Prado nomidagi harbiy bilim yurtida tahsil olgan. Ammo bilim dargohidagi nosogʻlom muhit bois, oʻqishni tashlab ketgan. Tahsilni San-Markos va Madrid universitetlarida davom ettirgan. Bir muddat Ispaniya, Frantsiya va Angliyada istiqomat qilgan.
Adib “Shahar va koʻppaklar” (1963) deb nomlangan ilk romani bilanoq tilga tushgan. Avtobiografik xarakterdagi asarda Lensio Prado nomidagi harbiy bilim yurtidagi zoʻravonliklar, navqiron avlodning aqlini mayib, tuygʻusini majruh etayotgan nobop tartiblar fosh etilgan. Roman alamzada harbiylar tomonidan namoyishkorona yoqilgan, muallifning oʻzi yomonotliq qilingan.
XX asrda Lotin Amerikasi xalqlari sinovli yillarni boshdan kechirdi. Birin-ketin hokimiyatga chiqqan mustabid hukmdorlar millatlar boshiga mislsiz kulfatlar soldi. Kechmish voqealarni ogʻriqli qabul qilgan yozuvchi inson erki, tafakkur hurligini himoya qilib chiqdi. “Yashil rangli uy” (1966), “Kapitan Pantaleon va hojatbarorlar rotasi” (1973) asarlarida hokimlar va tobelar, zolimlar va mazlumlar mavzusi qalamga olingan. “Ibodatxonadagi muloqot” (1969), “Qiyomat qoʻpganda” (1981), “Takaning bayrami” (2000) romanlarida esa mustabidlik tuzumlarining anatomiyasi badiiy mahorat bilan chizib berilgan.
Adib 1990-yillar boshida siyosiy arbob sifatida maydonga chiqib, “Demokratik front”dan Peru prezidentligiga nomzodini koʻrsatdi. Oʻshanda Losa oʻz qarorini shunday izohlagandi: “Meni katta siyosatga yetaklagan kuch shaxsiy ambitsiyalar emas. Aslo! Meni millat oldidagi burchdorlik hissi siyosatga yoʻlladi. Barcha jabhalarda boʻhronni boshdan kechirayotgan mamlakatimga yordam berish uchun shu yoʻlni tanladim. Bunday favqulodda mushkul ahvolda hech bir koʻzi ochiq fuqaro siyosatdan chetda turolmaydi”.
… Prezidentlik saylovida muhandis Alberto Fuximoriga imkoniyatni boy bergach, yozuvchi yana qizgʻin ijodga qaytadi. Keyingi yillardagi izlanishlar mevasi sifatida “Satang qizning sarguzashtlari” (2006), “Keltning tushi” (2010) romanlari dunyo yuzini koʻrdi.
Adib ijodini chuqur oʻrgangan olim Keyt Buker fikricha, uning romanlarida sehrli realizm, modernizm va postmodernizm unsurlari qorishib ketgan; tiniq quvvai hofiza, qudratli taxayyul va kuchli tafakkur egasi boʻlgan muallif ramz-u majozlarga boy asarlari bilan jahon romanchiligi rivojiga katta hissa qoʻshgan.
Darvoqe, Losa sehrli realizm yoʻnalishi asoschilaridan biri Gabriel Garsia Markes bilan qadrdon doʻst boʻlgan, Markes prozasi boʻyicha salmoqli ilmiy asar ham yozgan. Ammo keyinroq nomaʼlum sabablarga koʻra ikki zabardast adibning orasiga sovuqchilik tushgan…
Mario Vargas Losa – Ispaniya qirollik akademiyasi aʼzosi, bir qator nufuzli universitetlar faxriy doktori. Romulo Galegos (1967), Shahzoda Asturiyskiy (1986), Servantes (1994), Chino del Duka (2008) nomidagi xalqaro mukofotlar sohibi. Hokimiyat tuzilmasini hamda insonning isyon, kurash va magʻlubiyatini tasvirlashdagi mahorati uchun 2010-yili unga adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti berilgan.

2 ta kitobdan 1 dan 2 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz