Maʼmura Zohidova

Maʼmura Zohidova

Hikoya Qissa

Maʼmura Zohidova 1973-yil Namangan viloyati Chust tumani Gʻova qishlogʻida tavallud topgan. 1981–1991-yillarda tumandagi 12-oʻrta maktabda oʻqigan. Maktabni oltin medal bilan tamomlagach, 1992–1997-yillarda Namangan davlat universitetining Oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan.

Universitetda taʼlim olish bilan birga 1992-yilda 12-oʻrta maktabda ona tili va adabiyot oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. Universitetni bitirgach, avval oʻrta maktabda, keyinchalik kollej va NamMPI akademik litseyida ona tili va adabiyot oʻqituvchisi, davlat tilida ish yuritish, nutq madaniyati, oʻzbek tili, milliy istiqlol gʻoyasi, xodimlarni boshqarish kabi fanlardan dars bergan.

2009-yilda oilasi bilan Toshkent shahriga koʻchib kelgan. Mirobod tuman Xalq taʼlimi muassasalarini metodik taʼminlash boʻlimi filologiya fanlari metodisti, Oʻzbekiston Qurolli kuchlar Akademiyasi Chet el jang-jangovar taktikasini oʻrganish va tatbiq etish boʻlimida ilmiy xodim va tarjimon, oʻquv boʻlimi boshligʻining katta yordamchisi vazifalarida faoliyat koʻrsatgan. 2017-yildan esa Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlab kelmoqda. Dastavval Axborot-tahlil kotibiyati yetakchi mutaxassisi, keyinchalik Yozuvchilar uyushmasi Oʻquv-metodika va harbiy-vatanparvarlik boʻlimi boshligʻi boʻlgan.

Ilk sheʼri 4-sinfda oʻqib yurganida “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida chop etilgan. 1987-yilda mazkur gazetada eʼlon qilingan “Onajonim – tabiat” tanlovida gʻolib deb topilgan va ragʻbatlantirilgan.

2000-yilda “Sogʻlom avlod yili” munosabati bilan Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Ijodkor oʻqituvchilar anjumani”ning tuman va viloyat bosqichlarida 1-oʻrinni egallab, Respublika miqyosidagi “Ijodkor oʻqituvchilar anjumani”da ishtirok etgan. Oʻquv va metodika, harbiy vatanparvarlik sohasidagi xizmatlari uchun Respublika Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Pedagogik salohiyati va tajribasi bilan ona tili va adabiyot darsliklarini mukammallashtirishda faol ishtirok etgani uchun Respublika taʼlim markazi Ilmiy-metodik Kengashi aʼzosi sifatida oʻz takliflari bilan Kengash ishida qatnashib keladi.

Uning yosh avlod tarbiyasi, badiiy adabiyotimiz, tilimizning oʻrganilishi masalalariga bagʻishlangan 50 dan ortiq tanqidiy maqolalari eʼlon qilingan. “Bobur lirikasida estetik tarbiya masalalari talqini”, “Lotin alifbosidan kimlar qoʻrqadi?..”, “Darslikdagi xatolar”, “Darsliklar mukammal boʻladimi?”, “Boychechak – bahor qoʻshigʻi emas”, “Imlo lugʻatining oʻzida xato boʻlsa...”, “Oʻquv markazining maqsadi: koʻproq abituriyent kelsin”, “Harbiy atamalar qaysi tillardan oʻzlashgan?”, “Til millatning ruhi boʻlsa...”, “Tilimizning jilosini avvalo tilshunoslar koʻrsatishsin”, “Mening tigʻ tilgan tilim...”, “Adabiyot koʻchirmachilikni kechirmaydi”, “Isteʼdodsiz bola yoʻq” kabi maqolalari respublika nashrlarida chop etilib, koʻp bahslarga sabab boʻlgan.

Maʼmura Zohidova Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Sheʼrlari “Muborak damlar” toʻplamiga kiritilgan. “Hikoyalar” (2009), “Aytilmay qolgan gaplar” (“Namangan”, 2013), “Najot kuyi” (“Mashhur-press”, 2017), “Buloqli mozor siri” (“Ijod-Press”, 2018) kabi sheʼriy va nasriy toʻplamlari nashr etilgan. 2018-yilda chop etilgan “Nur yogʻilgan yurt odamlari” nomli kitob-albomga, shuningdek, boshqa turli bayozlarga sheʼrlaridan namunalar kiritilgan. 2021-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adib va jamiyat” ruknida “Manglaydagi yoziq” qissalar toʻplami “Adabiyot” nashriyotida nashr etilgan. It tilidan yozilgan “Sadoqat” qissasi faqat Oʻzbekistonda emas, xorijda ham shuhrat qozongan. Bolalar tarbiyasi va taʼlimidagi xatolarga hamda koʻrinmas fojialarga bagʻishlangan “Boychechak” qissasi ham adabiyotshunoslikda alohida eʼtirof etilgan.

Maʼmura Zohidovaning qissa va hikoyalari ingliz, rus, turk va qozoq tillariga tarjima qilingan. Ayrim mutaxassislarning eʼtirof etishicha, Maʼmura Zohidova hozirgi zamonaviy oʻzbek adabiyotida qissa va hikoya janrlari boʻyicha ijod qilayotgan xotin-qizlar orasidagi eng muvaffaqiyatli yozuvchidir.

Kitoblar (2)

Natija topilmadi
Natija topilmadi
Kitob Baho
Sarhadsiz sadoqat Maʼmura Zohidova
Sarhadsiz sadoqat

0.0 (0)
Uka Maʼmura Zohidova
Uka

0.0 (0)

Tizimga kirish

Hisobingizga kiring va kitoblar olamiga shoʻngʻing

yoki email orqali

Hisobingiz yoʻqmi?

Kirishda muammo boʻlsa, biz bilan bogʻlaning.