Maksim Gorkiy

image
10
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya drama pyesa

Maksim Gorkiy (taxallusi; asl ismi Aleksey Maksimovich Peshkov) (1868. 16(28). 3, Nijniy Novgorod – 1936. 18. 6, Moskva) – rus yozuvchisi va jamoat arbobi. Sobiq Ittifoq yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi raisi. Gorkiy bir qator roman (“Foma Gordeev”, 1899; “Uchovlon”, 1990–01 va b.), hikoya (“Konovalov”, “Chelkash” va b.) va dramatik asarlar (“Meshchanlar”, “Tubanlikda”, 1902; “Chorbogʻchilar”, 1904 va b.) muallifi. “Tubanlikda” pyesasida Gorkiy shafqatsiz hayot tubanlikka itqitgan insonlarning azob-uqubatlarini mahorat bilan bergan. “Ona” (1907) romanida birinchi boʻlib adabiyotda inqilobiy kurashni xayrixohlik bilan tasvirlagan. “Bolalik” (1913–14), “Odamlar orasida” (1915–16), “Mening dorilfununlarim” (1923) qissalari avtobiografik asarlardir. Gorkiy Sharq xalqlari tarixi bilan qiziqib, “Italiya ertaklari” (1911 – 13) asarida Sharq mifologiyasidan oʻz badiiy niyati asosida foydalandi, rus adabiyotida Amir Temur siymosiga ilk bor murojaat etib, uning tarixiy haqiqatdan uzoqlashgan obrazini chizdi. Gorkiy mehnatkash ommaning Lenin rahbarligida 1917-yil oktyabrida mamlakatni ostin-ustun qilish, koʻplab begunoh kishilarning qonlarini toʻkish hisobiga tarixiy jarayonni oʻzgartirmoqchi boʻlganini va Favqulodda komissiya qatliomini keskin qoraladi, koʻpgina yozuvchilarni bolsheviklarning taʼqibidan saqlab qoldi. U oʻsha vaqtdagi vaziyatda Rossiyada sotsialistik inqilob bemavrid va halokatli, deb hisoblaydi. Avval xalqning madaniy saviyasini koʻtarish, soʻng inqilob qilish mumkin, deb oʻylagan (“Bemavrid fikrlar” publitsistik asarlar turkumi, 1917–18). Ammo keyinchalik Gorkiy oʻzi qarshi boʻlgan sotsialistik inqilobiy kurash tomoniga butunlay oʻtib ketadi. Gorkiy bir qancha (L. N. Tolstoy, A. P. Chexov, V. G. Korolenko va b. haqidagi) adabiy portretlar muallifi. “Artamonovlar ishi” romani (1925)da yangi tarixiy avlodning gʻalabasi qonuniy ekanligini tasvirlagan. “Jahon adabiyoti” nashriyoti, “Shoir kutubxonasi”, “Ajoyib kishilar hayoti” va boshqa kitoblar turkumi uning faol ishtirokida tashkil qilindi. Kiborlar halokati va inqilob gʻalabasi muqarrarligi “Egor Bulichev va boshqalar”, “Dostigayev va boshqalar” (1933), “Vassa Jeleznova” (2-nashri, 1935) pyesalarining bosh mavzusidir. “Klim Samginning hayoti” roman-epopeyasida (1927– 36; 4-qism tugallanmagan) rus xalqining 20-asr boshlaridagi gʻoyaviy-ijtimoiy kurashi, hayoti aks etgan. Gorkiy chet elda (1921–31) va Rossiyaga qaytganidan keyin zamonaviy adabiyot gʻoyaviy-estetik tamoyillari (shu jumladan, sotsialistik realizm nazariyasi)ning shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatadi va shu yoʻsinda kompartiyaga adabiyotni oʻz monopoliyasidagi gʻoyaviy qurolga aylantirib olishiga koʻmaklashadi. Sovet davlati rahbarlari Gorkiyning katta xalqaro obroʻsidan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalandilar. Ular makri bilan aldangan Gorkiy 30-y. lar boshlaridagi qatagʻon siyosatini tarbiyaviy ahamiyatga molik tadbir, deb tushundi. Gorkiy ijodi taʼsirida boshqa milliy adabiyotlar (fransuz, nemis, ingliz, xitoy kabi)da ham sotsialistik realizm metodiga asoslangan asarlar koʻplab yaratildi. Gorkiy asarlari 30-yillarning boshida dastlab Choʻlpon, keyinchalik A. Qahhor, Oybek, H. Olimjon, M. Ismoiliy va b. tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Aksariyat pyesalari Oʻzbekiston teatrlarida sahnalashtirilgan.Naim Karimov, Shuhrat Rizayev.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz