Lev Tolstoy

image
13
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
qissa hikoya roman dramatik komediya avtobiografiya

Lev Nikolayevich Tolstoy – rus yozuvchisi. Rossiyadagi qadimiy dvoryanlar sulolasidan, graf. Peterburg Fanlar Akademiyasi muxbir aʼzosi (1873), faxriy akademigi. (1900). 1844–47-yillarda Qozon universitetining arab-turk va huquqshunoslik fakultetlarida oʻqigan. 1851–53-yillarda Kavkazda boʻlib, janglarda ishtirok etgan. 1854-yil Dunay armiyasiga yuborilgan; iltimosiga koʻra, qamaldagi Sevastopolga oʻtkazilgan. Qrim urushida qatnashgan. Tolstoy 1855-yilda Peterburgga borib, N. A. Nekrasovnnng “Sovremennik” (“Zamondosh”) jurnali va jurnal atrofidagi yozuvchilar (I. S. Turgenev, I. A. Goncharov, N. G. Chernыshevskiy va b.) bilan hamkorlik qilgan. Bolalik kezlarida rus va arab xalq ertaklari, A. S. Pushkin sheʼrlari, shuningdek, Yusuf haqidagi Injil rivoyati taʼsirida sheʼrlar yozgan. Birinchi yirik asari – “Inson kamolotining toʻrt davri” avtobiografik asari (“Bolalik”, 1852; “Oʻsmirlik”, 1852-54; “Yoshlik”, 1855-57; “Yigitlik”, yozilmay qolgan). Urush lavhalari va askarlarning maishiy turmushi Tolstoyning “Sevastopol hikoyalari” (1855) toʻplamiga kirgan hikoya va ocherklarida oʻz ifodasini topgan. 50-yillar Tolstoy ruhiy hayot lavhalari va maishiy turmush tafsillarini tarixiy voqealarning keng manzarasi, hayotning axloqiy-falsafiy asoslari tasviri bilan uygʻunlashtirishga harakat qiladi. Tolstoy ijodida shakllana boshlagan bu ijodiy tamoyil “Kazaklar” qissasi (1863)da, ayniqsa, yaqqol koʻrinadi. Bu asarda oʻz inʼikosini topgan xalq hayoti mavzusi va voqelikning epik tasviri Tolstoyning 60-yillar ijodida yanada teranlashadi. Rus va jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam oʻrin olgan “Urush va tinchlik” (1863–69) epopeyasi Tolstoyning 60-yillarda ijodiy kamolotga erishganidan shahodat beradi. Ayrim sovet adabiyotshunoslari garchand bu asarni Tolstoyning oʻz davri muammolaridan qochishi, deb baholagan boʻlsalar-da, yozuvchi “Urush va tinchlik” romani bilan oʻz davrida roʻy bergan va oʻzi shaxsan guvoh boʻlgan voqealarga faol munosabat bildirgan. Eng muhimi, u Napoleonning 1805–07 va 1812–14-yillardagi harbiy yurishlari mavzuga murojaat etib, koʻplab qahramonlar ishtirok etgan epik voqealar bilan birga qahramonlarning ruhiy tasvirlari ilk bor katta mahorat bilan uygʻunlashgan tarixiy roman janrini yaratdi. Holbuki, 19-asr oʻrtalarida epik asarlar davri oʻtdi, degan fikrlar keng tarqalgan, 60-yillarda rus jamiyatida kuch ola boshlagan sinfiy ziddiyat va kurashlar esa “Urush va tinchlik”dek epopeyaning maydonga kelishi uchun unumli zamin boʻla olmas edi. 1812-yilda Rossiyaning Napoleon qoʻshinlari tomonidan bosib olinishi mumkinligi bir-biri bilan kelisha olmagan turli tabaqa va sinflarni dushmanga qarshi kurash shiori ostida birlashtirdiki, Tolstoyning rus xalqi ongidagi ana shu uygʻonishga murojaat etishi “Urush va tinchlik” romanining yuzaga kelishi uchun hayotbaxsh zamin vazifasini oʻtadi. Tolstoyning 70-yillar ijodida “Anna Karenina” romani alohida mavqega ega. “Urush va tinchlik”dan bu romanni yozguniga qadar boʻlgan davrda Tolstoyning rus jamiyatidagi ijtimoiy tenglik va adolat toʻgʻrisidagi orzu umidlari roʻyobga chiqmadi. 60-yillardagi islohot yozuvchi kutgan natijani bermadi. Mazkur romanda Tolstoyning jamiyat hayotida kechayotgan noxush jarayonlar haqidagi iztirobli oʻylari aks etdi. Romanda Kareninlar, Oblonskiylar va Levinlardan iborat 3 oilaning bir-biri bilan chatishgan, ammo mustaqil syujet chizigʻiga ega boʻlgan tarixi tasvir etilgan. Tolstoy, aksar rus yozuvchilaridek, nasroniy diniga katta eʼtiqod qoʻygan, hayotda roʻy berayotgan voqealarga va kishilarning xatti-harakatlariga ham shu din nuqtai nazaridan yondashgan. Uning diniy qarashlari jamiyat va shu jamiyatda yashovchi kishilarga, binobarin, u yoki bu qahramoniga boʻlgan munosabatiga, shak-shubhasiz, taʼsir oʻtkazgan. Tolstoyning oila masalasiga, chunonchi, Kareninlar oilasida sodir boʻlayotgan voqealarga yondashuvida ham diniy qarashlari seziladi. U jamiyat aʼzolarida qanday chirkin xislatlar mavjud boʻlmasin, kishilar diniy qonun-qoidalar doirasida harakat qilishlari lozim, aks holda jamiyat halokat sari boradi, degan fikrdan kelib chiqib, qahramonlar obrazini yaratadi. 70-yillarda ruhiy iztirob iqlimida yashagan Tolstoy oʻz hayot yoʻlini qayta nazardan oʻtkazdi va shu jarayonda ijtimoiy kelib chiqishi, tarbiyasi va hayot yoʻli bilan bogʻliq jamiyat qatlamining maʼnaviy asoslari yolgʻonga asoslangan, degan xulosaga keldi. Uning bunday qarashlari “Iqrornoma” (1880) va “Eʼtiqodim nimada?” (1884) asarlarida oʻz ifodasini topdi. Tolstoyning shu davrda yozgan asarlari orasida “Ivan Ilichning oʻlimi” (1886), “Kreytser sonatasi” (1889) qissalari, ayniqsa, eʼtiborga loyiq. Tolstoy 80-yillarda dramaturgiya janrlarida ham ijod qilib, “Zulmat hokimiyati” (1886) dramasi va “Maʼrifat mevalari” (1890) komediyasini yozadi. Bu asarlarda qishloq ahlidagi jaholat, shahar madaniyatining qishloqqa koʻrsatayotgan salbiy taʼsiri katta badiiy kuch bilan tasvirlangan. Tolstoy dunyoqarashida tobora kuchayib borayotgan ziddiyatlar uning soʻnggi yirik asarlaridan biri – “Tirilish” romani (1889–99)da oʻz aksini topdi. Xdyotda boʻlib oʻtgan oddiy voqea – bir sud jarayoni asosida yaratilgan bu asarda Tolstoy ijtimoiy adolatsizlikka asoslangan jamiyatning ichki, maʼnaviy asoslarini ochib tashlaydi. Mazkur asardagi kishilar taqdiri bilan voqealarning oʻzaro chambarchas bogʻlikligi masalasi “Hojimurod” (1896– 1904) qissasining ham asosini tashkil etgan. Tolstoy dindor yozuvchi sifatida kishilar ruhiyatidagi ziddiyatlarni tasvir etibgina qolmay, oʻzi ham jamiyat va kishilar hayotidagi bunday ziddiyat va mayllardan jarohatlanib yashagan. Yozuvchidagi murakkab ruhiy holat uning soʻnggi asarlari (“Tirik murda”, 1890; “Baldan soʻng”, 1903 va b.) da ham aks etgan. Tolstoy hayotining Yasnaya Polyanadagi soʻnggi kunlari ruhiy iztiroblar poʻrtanasida kechdi. U yaqin kishilari toʻqigan igʻvo va fasod toʻridan qochib, 1910-yil Yasnaya Polyanadan bosh olib chiqib ketadi va yoʻlda shamollab, vafot etadi. Oʻzbekistonda Tolstoy ijodiga qiziqish u hayot paytlardayoq boshlangan. Uning “Odamlar nima bilan tirik?”, “Xudo haqiqatni koʻrsa ham tezda ayta olmaydi” makrlalari 1887–1902-yillarda “Turkiston viloyatining gazeti”da oʻzbek tilida nashr etilgan. Tolstoy haqidagi “Rossiya mamlakatining mashhur yozuvchisi” degan maqola esa 1889-yil shu gazetada tanikli maʼrifatparvar Sattorxon Abdugʻafforov tarjimasida bosilgan. Tolstoyning bolalar uchun yozgan qator hikoyalari Saidrasul Aziziy (“Ustodi avval”, 1902), Aliasqar Kalinin (“Muallimi soniy”, 1903), Abdulla Avloniy (“Birinchi muallim”, 1909; “Ikkinchi muallim”, 1912) singari jadid maʼrifatparvarlarining oʻquv qoʻllanmalari va darsliklarida eʼlon qilingan hamda usuli savtiya maktablarida oʻqitilgan. Tolstoy nafakat buyuk yozuvchi, balki adolatparvar va xalqparvar inson sifatida ham oʻzbek jadidlarining eʼtiborini oʻziga jalb etgan. Birinchi oʻzbek advokati Ubaydulla Xoʻjayev 1909-yilda Tolstoyga uning yomonlikka yomonlik bilan javob bermaslik haqidagi taʼlimoti yuzasidan xat yozib, oʻsha yilning 5-iyunida undan javob olgan. Islom dinining taniqli arboblaridan biri Abduvohid Qoriyev esa 1910-yil Yasnaya Polyanaga maxsus borib, Tolstoy bilan bir necha marta muloqotda boʻlgan. Ammo oʻzbek xalqining Tolstoy ijodi bilan yaqindan tanishishi 20-asrning 30-yillaridan boshlangan va uning barcha asosiy asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.Naim Karimov.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz