Konstantin Simonov

image
1
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
qissa

Simonov Konstantin (Kirill) Mixaylovich [1915. 15(28). 11, Peterburg – 1979. 28. 8, Moskva] – rus yozuvchisi va jamoat arbobi. Mehnat Qahramoni (1974). M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tugatgan (1938). SSSR Yozuvchilar uyushmasi bosh kotibi oʻrinbosari (1946–54), kotibi (1954–59; 1967–79), “Novыy mir” (“Yangi dunyo”) jurnali (1946 – 50; 1954–58) va “Literaturnaya gazeta”, 1938; 1950-54) ning bosh muharriri. 2-jahon urushiga qadar N. Ostrovskiyga bagʻishlangan “Gʻolib” (1937), “Pavel Chyorniy”, “Muz ustidagi jang” (1938), “Suvorov” (1939) dostonlari, “Chin insonlar” (1938), “Yoʻlda yozilgan sheʼrlar” (1939) sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. 1939-yildan urush mavzusi S. ijodining ustuvor yoʻnalishiga aylangan (“Bir sevgi tarixi”, 1940; “Shahrimizdan chiqqan yigit”, 1941, pyesalar). Urush mavzusi, ayniqsa, lirikasida katta mahorat bilan aks ettirilgan (“Lirik kundalik”; “Sen bilan va sensiz”; “Front sheʼrlari”, 1942, toʻplamlari). Simonov lirik sheʼrlardan tashqari, “Rus kishilari” (1942) va “Shunday boʻlajak” (1944) pyesalari, “Kunlar va tunlar” (1944) qissasini yozgan. Urushdan keyingi yillarda xalqaro munosabatlarning keskinlashishi Simonovning “Praga kashtanlari tagida”, “Rus masalasi” (1946) pyesalari hamda “Doʻstlar va dushmanlar” (1948) sheʼrlar kitobida oʻz ifodasini topgan. Simonov nazdida urush nafaqat kishilarning insoniy fazilatlari, ruhiy kuchi va irodasi uchun, balki davlat va siyosiy tuzum uchun ham dahshatli bir sinov boʻldi. Ammo, agar davlat ham, siyosiy tuzum ham tugʻilish va oʻlishga mahkum etilgan ekan, yer yuzidagi birdan-bir abadiy qadriyat inson boʻlib qoladi. Simonov ana shu aqidadan kelib chiqib, umrining soʻnggi nafasiga qadar urush va inson mavzusiga sodiq qoldi hamda “Quroldosh doʻstlar” (1952), “Tiriklar va oʻliklar” (1959), “Soldat boʻlib tugʻilmaydilar” (1964) va “Soʻnggi yoz” (1971) roman-trilogiyasini yaratdi. Simonov shuningdek, “Begona soya” (1949), “Toʻrtinchi” (1961, pyesa], “Vatan uzra dud” (1947), “Lopatinning yozishmalaridan” (1957), “Urushdan keyingi yigirma kun” (1972), “Biz sen bilan uchrashmaymiz”, “Shaxsiy hayot, degin” (1978) va boshqa koʻplab qissa, ocherk, publitsistik maqolalar toʻplamlari muallifi. Uning asarlari asosida filmlar suratga olingan. Simonov urush qatnashchilarining xotiralaridan iborat 2-jahon urushining koʻp seriyali kinoyilnomasini yaratgan. 1958–61-yillarda Toshkentda yashagan. Oybek, Abdulla Qahhor va boshqa oʻzbek yozuvchilarining asarlarini rus tiliga tarjima qilgan, Mirzachoʻl haqidagi hujjatli film ssenariysini yozgan. Simonovning koʻpgina asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

1 ta kitobdan 1 dan 1 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz