Jan Jak Russo

image
3
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
falsafiy risola

Jan Jak Russo (Jean-Jacques Rousseau, 1712. 28. 6, Jeneva – 1778. 2. 7, Ermenonvil, Parij yaqinida) – fransuz faylasuf-maʼrifatparvari, yozuvchisi, kompozitori. Fransuz sentimentalizmining yirik vakili. Malay, xattot, murabbiy, musiqa oʻqituvchisi va boshqa ishlarda ishlagan. Parijda D. Didro rahbarligida tayyorlangan ensiklopediyaga musiqaga oid maqolalar yozgan. 1741-yilgacha Shveysariyada yashagan, keyin Parijga ketgan 1762-yili “Emil, yaʼni Tarbiya toʻgʻrisida” nomli pedagogik romani va “Ijtimoiy shartnoma toʻgʻrisida” siyosiy risolasi chop etilgach, dindorlar tomonidan taʼqibga olingan Russo Fransiyani tark etgan. 1770-yili u yana Parijga qaytib kelib notalarni koʻchirish bilan shugʻullangan. “Fanlar va sanʼatlar haqida mulohazalar” (1750) asarida tengsizlik va zulmga asoslangan oʻz davridagi tamaddunni tanqid qilib, uning oʻrniga “tabiiy holat”ni qoʻygan. Uning gʻoyalari keyinchalik “Odamlar orasida tengsizlikning kelib chiqishi va asoslari haqida mulohaza” (1755) asarida oʻz ifodasini topgan. “Ijtimoiy shartnoma toʻgʻrisida” risolasida (1762) ideal jamiyat manzarasini tasvirlagan. Russo ingliz parlamentarizmini qoralab, xalq suverenitetini, xalq hokimiyatini himoya qilgan. Pedagogika masalalariga bagʻishlangan “Emil, yaʼni Tarbiya haqida” (1762) asarida sxolastik taʼlim va tarbiya usullarini tanqid qilgan, maktabning eng birinchi vazifasi haqiqiy inson va fuqaroni tarbiyalashdir deb uqtirgan. Bolalarda mustaqil fikrlash tarafdori boʻlgan. Russoning asarlari (“Harbiy asirlar”, 1743; “Yuliya, yaʼni Yangi Eloiza”, 1761; “Iqror”, 1766–69; “Yolgʻiz xayolparastning sayri”, 1777–78 va b.) Yevropa adabiyotida psixologizmning vujudga kelishiga sabab boʻlgan. Sheʼrlar, dostonlar, operalar (“Qishloqlik jodugar”, 1752–53) yozgan, bir pardali lirik sahna asari “Pigmalion” – melodramaning ilk namunasi hisoblanadi. Russo gʻoyalari koʻpgina mamlakatlar ijtimoiy tafakkuriga va adabiyotiga taʼsir koʻrsatgan.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz