Ivan Vazov

image
3
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya

Ulugʻ shoir, nosir va dramaturg Ivan Vazov 1850-yilda Bulgʻoristonning Bolqon togʻi etagidagi Sopote shahrida boy tijoratchi oilasida tugʻilib, 1921-yilda Sofiyada vafot etgan. Otasi katta savdogar edi. Onasi kitob oʻqishni sevadigan uy bekasi oʻgʻlini ham kitobxon qilib oʻstirdi. Oldin mahalliy maktabda, soʻng oʻsha paytdagi katta madaniy markaz hisoblangan Plovdiv shahrining gimnaziyasida oʻqidi. Birinchi sheʼrini oʻn olti yoshida yozgan edi. Matbuotda ilk bora “Qaragʻay” degan sheʼri eʼlon qilinganida yigirma ikki yoshda edi. Bu sheʼr darhol keng oʻquvchilar ommasining diqqatini qozondi. Otasi “bunday mayda-chuyda ishlarni qoʻy”, deb uni savdo sohasiga boshladi, onasi esa “tinmay yozaver”, deb maslahat berdi. U otasi bilan Ruminiya va boshqa mamlakatlarda uncha-muncha savdo bilan shugʻullanib yursa ham, asosiy vaqtini adabiyotga, ijodga bagʻishlar edi. Bora-bora butunlay adabiy faoliyatga berildi. Tarixdan maʼlumki, bu paytda Bulgʻoriston Usmonli imperiyasining bir qismi edi. 1877-78-yillarda Rossiya-Turkiya urushi yuz berib, Turkiya yengildi, natijada 1879-yilda Turkiyaga tobe Bolgariya knyazligi tashkil topdi. 1908-yilda esa butunlay mustaqil davlatga aylandi. Albatta, hamma mustamlakalar kabi, Bolgariya ham mustaqillik uchun kurashgan, undan umidi katta edi. Ammo milliy davlat tepasiga kelgan liberallar boylarning manfaatini himoya qildi. Xalqning hayoti ogʻirlashdi. Ivan Vazov ham avvaliga milliy ozodlik uchun kurashchilar qatorida edi, ammo xalq turmushining ayanchli ahvolini koʻrib, oʻzi boylardan boʻlishiga qaramay, xuddi rus yozuvchilari Pushkin, Lermontov, Gogol, Tolstoy kabi bulgʻor xalqining, ayniqsa, ezilgan dehqonlarning haqlarini himoya qiluvchi asarlar yozdi. Oʻzining xalqchil sheʼr va dostonlari, roman, qissa va hikoyalari, sahna asarlari bilan chin maʼnoda xalq yozuvchisiga aylandi. Ivan Vazovning ijodiy merosi juda boy. “Bayroq va gusla”, “Bolgariya iztiroblari”, “Qutilish”, “Unutilganlar dostoni”, “Dalalar va oʻrmonlar”, “Sargardonlar qoʻshigʻi”, “Osmonimiz ostida”, “Uchta soʻz – uch dara” kabi oʻnlab sheʼriy toʻplamlari, “Mahobat”, “Tepalik ortida” kabi dostonlari, “Yangi yer”, “Kazalar yurtining shohinasi”, “Zulm” kabi romanlari, “Xoʻrlanganlar”, “Mitrofan va Dormidolskiy”, “Dali oʻrmon sayohati” singari qissalari va yuzlarcha hikoyalari bosilib chiqqan. Rus tilida uning olti jildli “Asarlar” toʻplami nashr etilgan.

3 ta kitobdan 1 dan 3 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz