Imre Kertes

image
1
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:

Imre Kertes (Kertész Imre) 1929-yil 9-noyabrida Budapeshtda kambagʻal yahudiylar oilasida dunyoga keldi. Otasi mayda savdogar, onasi esa ishchi edi. 1944-yil koʻpgina yahudiy bolalari qatori 15 yoshli oʻspirin Imreni qamoqqa olishdi va Aushvitsga joʻnatishdi. Soʻng u Osvensim va Buxenvalddagi qamoqxonalarga koʻchirildi. Kontratsion qamoqxonadan ozod qilinganidan keyin Imre Vengriyaga qaytdi va mamlakatning mashhur gazetalaridan biri “Vilagossag”da muxbir boʻlib ishlay boshladi. Biroq mamlakat tepasiga kommunistlar kelganidan keyin uni ishdan boʻshatishdi va Kertes zavodga oddiy ishchi boʻlib joylashdi. Oʻshandan buyon yozuvchi siyosatdan uzoqroq yurishni maʼqul koʻradi va asosan tarjimalari hisobiga kun koʻradi. Tarjimonlik faoliyati orqali u Alber Kamyu asarlari bilan tanishdi va bu tanishuv uning ijodiga oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Faqat 1980-yilga kelib mamlakatda yozuvchi sifatida tanilgan va tan olingan Kertesga shuhrat 73 yoshida nasib etdi va 2003 yilda u Berlindagi Sanʼat akademiyasi aʼzosiga aylandi.
Oʻz asarlarida Kertes asosan odamning jamiyat oldida qanchalar ojizligini tasvirlaydi. Jamiyat adolatli boʻlsa xoʻp-xoʻp, biroq yovuz va shafqatsiz boʻlsa-chi? U istasa odamni qoʻl-oyogʻidan, es-hushidan yoki hayotidan ayirishi mumkin. 1975-yilda dunyo yuzini koʻrgan “Qismatsiz” romani koʻplab tanqidchilarning eʼtirofiga sazovor boʻlgan, Vengriya adabiyotining nodir durdonalaridan. Kontratsion qamoqxonada insonning vahshiy qiyofasini koʻrgan bolakay shu qadar ulgʻaydiki, u umrga baxt-u quvonch hissini yoʻqotdi. Har qancha achchiq, har qancha azob boʻlmasin, odamzod yashashga intiladi. Bu tuygʻu hali aqlini tanimagan besh yoshli goʻdakdan tortib, sakson yoshli qariyaga ham begona emas. Dunyoni hali tuzuk-quruq anglamagan bolani mahbusga aylantirgan, uning qalbidagi ezgulikka ishonchini oʻldirib, bir umr nogiron qilib qoʻygan shafqatsiz tuzum qiyofasi ushbu asarda bor boʻyicha tasvirlangan. Eng yomoni panjaradan ozod boʻlgan bola yagona aybi uchun tagʻin eng oliy jazo – vijdon azobiga mahkum. Uning gunohi – tirik qolishi! Ushbu dahshatlarni bola koʻzi bilan koʻrgan qahramon voyaga yetgan inson singari idrok qiladi. Qismatning bu zarbalaridan ado boʻlgan yurakdagi chuqur jarohatlar bir umr bitmaydi. Imrega oʻxshaganlarning tanasi tirik qolgani bilan u oʻsha tuzum oʻldirgan mahbus boʻlib qolaveradi. 1990-yilda dunyoning oʻnta tiliga tarjima qilingan ushbu roman – xolokost, yaʼni Ikkinchi jahon urushi davrida yahudiylarning ommaviy qirgʻini haqida oshkora hikoya qiladi. Olti milliondan ortiq odamning fojiali oʻlimi, boz ustiga ular orasida ayollar-u bolalarning boʻlgani qalblarni larzaga soladi. Bu faqat “Qismatsiz”da emas, balki “Tugʻilmagan bolaga aza” asarida ham tilga olingan.

# Kitob nomi Muallif Janr Reyting Baholang
1 Imre Kertes 0
Javonga
1 ta kitobdan 1 dan 1 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz