Hamza Hakimzoda Niyoziy

image
9
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
5.0
Reyting
Janrlari:
drama roman

Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889. 6. 3, Qoʻqon – 1929. 18. 8, Fargʻona viloyati Shohimardon qishlogʻi) – shoir, yozuvchi, pedagog, teatr arbobi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1926). Solkashon mahallasidagi eski maktab va madrasada (1896–1906), keyin qisqa muddat Namangan madrasasida (1908) tahsil koʻrgan. 1909-yilda Kogonda matbaada ishlagan. Soʻngra Toshkentga kelib, usuli jadid maktablarining oʻquv dasturi bilan tanishgan va shunday maktablarni dastlab Qashqardarvoza mahallasida (1910), keyin Qoʻqon shahrining Hojibek guzarida (1911) va Margʻilonda (1914) ochgan. Hamza keyingi hayoti va faoliyati davomida qisqa muddat Qoʻqondagi rus-tuzem maktabida oʻqituvchi, “Shoʻroi islom” tashkilotining ozuqa shubasida mirza, “Kengash” va “Hurriyat” jurnallarida muharrir (1917), Fargʻona viloyati madaniy-maorif boʻlimida xodim (1918), Turkiston fronti siyosiy boshqarmasi ixtiyoridagi Oʻlka musulmon siyosiy truppasida rejissyor (1919), “Dor ush-shafaqa” maktabida mudir (1920), Buxoro viloyati maorif va harbiy targʻibot-tashviqot shoʻbasi qoshidagi teatr truppasida rahbar (1921), Xorazm viloyatidagi kasaba soyuzlarining madaniy-maʼrifiy muassasalarida mudir (1921–24), Fargʻona maorif qoʻmitasi qaramogʻidagi ong-bilim shoʻbasida mudir oʻrinbosari (1924) singari turli lavozimlarda xizmat qilgan. 1926-yildan erkin ijod bilan shugʻullangan. Ammo rahbar idoralarning topshirigʻi bilan 1928-yil avgustdan Shohimardonda targʻibot-tashviqot ishlari olib borgan va soʻnggi safari chogʻida halok boʻlgan. Hamzaning adabiy ijodi 1905–06-yillarda boshlangan. Hamza 1908-yil qoʻshni oʻlkalarda nashr etilgan ilgʻor gazetalar va ulardagi taraqqiyparvarlik gʻoyalari bilan tanishgan. Maʼrifatli kishilar taʼsirida “milliy sheʼrlar” yoza boshlagan. Hamza shu yili “eski podsholar turmushidan” olingan “Haqiqat kimda?” degan “roman” ham yozgan (bu asar oʻsha vaqtdayoq yoʻqolgan). Hamza 1905-yildan mumtoz shoirlarga ergashgan holda gʻazallar yoza boshlagan. 1914-yilda tartib berilgan qoʻlyozma devoniga shoirning 1905–14-yillarda “Nihoniy” taxallusi bilan yozgan 214 ta sheʼri kiritilgan. 1908–10-yillarda Hamza adabiy va ijtimoiy faoliyatini jadidchilik harakati bilan uzviy bogʻlagan. Hamza yangi usuldagi maktablar ochish va bu maktablar uchun yangi tipdagi oʻquv qoʻllanmalari yaratish yoʻli bilan xalqni maʼrifatlashtirish maqsadida Qoʻqon va Margʻilonda ochgan maktab oʻquvchilari uchun “Engil adabiyot”, “Oʻqish kitobi” (1914) va “Qiroat kitobi” (1915) oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlagan. Hamza katta yoshdagi kishilar uchun “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi” umumiy nomi ostida “gul” toʻplamlarini eʼlon qilgan (1915–19). Hamza mazkur majmualari (8 boʻlimdan iborat) bilan oʻzbek sheʼriyatiga yangi mazmun va yangi gʻoyalar olib kirgan va, ayniqsa, jadid adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan. Hamza ijodining mazkur 2-davrida nasr va dramaturgiya sohasida ham jiddiy izlanishlar olib borgan. Uning “Yangi saodat” (1914, nashri – 1915) asari ayrim olimlar tomonidan oʻzbek adabiyotidagi roman janrining ilk namunasi sifatida talqin qilinib kelingan. Lekin bu asar aslida maʼrifatparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan qissa boʻlib, unda kambagʻal yigit (Olimjon)ning ilm tufayli oilaviy baxt-saodatga erishganligi mahorat bilan tasvir etilgan. Hamza 1914-16-yillarda “Oʻch” (1914), “Zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari” (1915), “Ilm hidoyati”, “Mulla Normuhammad domlaning kufr xatosi”, “Ochlik qurbonlari” (1916), “Muxtoriyat yoki avtonomiya” (1917) singari kichik sahna asarlarini yozgan. Hamza sovet mafkurasi hukmronlik qilgan davrda “oʻzbek sovet adabiyoti”ning, teatrining asoschisi sifatida koʻkka koʻtarilgan. Hamza nomi bilan bogʻlanib kelingan Oʻlka sayyor drama truppasi aslida Skobil (Fargʻona) sayyor truppasi deb atalib, unga Gʻafur Musaxonov rahbar boʻlgan. Hamza shu truppada dramaturg, rejissyor va suflyor boʻlib xizmat qilgan. Shu vaqtda u “Kim toʻgʻri?”, “Tuhmatchilar jazosi”, “Boy ila xizmatchi”, “Ishchilar hayotidan” (1918), “Loshmon fojiasi” (1916–18, 3 boʻlimli), “Fargʻona fojiasi” (1918–20, 4 boʻlimli), “Qizil qon ichida yosh goʻdaklar”, “Mahbus toʻraning holi” (1919) singari pesalarni yozgan (bu asarlarning aksari bizgacha yetib kelmagan). Agar Hamza “Zaharli hayot” dramasida shu davrdagi tomoshabin didini inobatga olib, hatto fojiali holatlar tasvirida ham melodrama va sentimentalizmdan keng foydalangan boʻlsa, “Tuhmatchilar jazosi”, ayniqsa, “Boy ila xizmatchi” singari pesalarida realizm tomon yaqinlashgan. Ammo Hamza koʻp oʻtmay, targʻibot va tashviqot yoʻnalishidagi “Pastki shoʻrolar saylovi munosabati ila yozilgʻon Choʻpcharlar”, “Pastki shoʻrolar tuzmasida saylovgʻa kirolmagan bir eshon oʻpkasiga javoban”, “Burungi saylovlar” (1926) singari pesa va instsenirovkalarni yozishga katta eʼtibor bergan. Hatto Sovet davlatining jahon inqilobi toʻgʻrisidagi soxta gʻoyasiga ishonib, “Jahon sarmoyasining eng oxirgi kunlari” (1927) pesasini yozgan. Hamza shu davrda jadidchilik gʻoyalari va jadid adabiyoti mezonlaridan uzoqlashgani sayin avval erishgan badiiyat marralarini ham boy bera boshlagan. Biroq 1926-yili Hamza oʻzbek dramaturgiyasida muayyan iz qoldirgan 2 asar: “Maysaraning ishi” komediyasi va “Paranji sirlaridan bir lavha yoki Yallachilar ishi” dramasini yaratgan. Sinfiylik va partiyaviylik adabiy asarning qimmatini belgilovchi asosiy mezon hisoblangan davrlarda Hamzaning “Boy ila xizmatchi” pesasi butunlay qayta yozib chiqilgan. Sotsialistik realizm metodi talablari asosida “qayta tiklangan” bu asar uzoq yillar davomida Hamza dramaturgiyasining yuksak namunasi sifatida taqdim etilib kelingan. Hamza haqida doston (Oybek asari, 1948), roman (K. Yashin asari, 1989), teatr spektakli (K. Yashin va A. Umariy asari, 1941), kinofilm (stsenariy mualliflari K. Yashin va S. Muhamedov, rejissyor Z. Sobitov, 1960), 16 seriyali badiiy film (stsenariy mualliflari K. Yashin, B. Privalov va Sh. Abbosov, rejissyor Sh. Abbosov, 1975–84) va hujjatli film (stsenariy muallifi L. Qayumov, rejissyor N. Otaullayeva, 1960) lar yaratilgan. Toshkent va Qoʻqon shaharlari hamda Fargʻona vodiysidagi teatr, maktab, koʻcha va shirkat xoʻjaliklariga, Toshkent shahridagi metro stantsiyasiga shoir nomi berilgan.Naim Karimov

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz