Franchesko Petrarka

image
1
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:

Petrarka (Petrarca) Franchesko (1304. 20. 7, Aretstso – 1374. 19. 7, Arkua, Paduya shaxri yaqinida) – italyan shoiri, italyan adabiy tilining asoschilaridan biri, faylasuf. Monpele (1316), Bolonya (1320) universitetlarida huquqshunoslikdan taʼlim olgan. 1326-yil Avinonga koʻchib borib, diniy rutbani qabul qilgan va oliy martabali ruhoniylar bilan yaqinlashgan. Petrarka oʻrta asr aqidalaridan mutlaqo xoli boʻlmagan esa-da, Uygʻonish davrining gumanizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan madaniyatiga tamal toshini qoʻygan. Petrarka lotin tilidagi “Dunyoga nafrat toʻgʻrisida” (1342–43) falsafiy risola, “Uzlatdagi hayot toʻgʻrisida” va “Rohiblar farogʻati toʻgʻrisida” (1346–66) risolalari muallifi. Petrarka sheʼriyatni oʻrta asr maddohlari hujumidan himoya qilar ekan, uning katta tarbiyaviy va estetik qimmatga ega ekanligini alohida taʼkidlaydi. Petrarka “Oʻzimning va boshqa koʻplab kishilarning johilligi toʻgʻrisida” (1367–70) asarida Aristotel “Etika”sida bayon qilingan mavhum fiqhlarni rad etadi hamda amaldagi axloq meʼyorlarini va insonni yaxlit holda oʻrganish gʻoyasini afzal, deb hisoblaydi. Petrarkaning “Avlodlarga maktub” (1374) nomli muxtasar avtobiografiyasi ham muayyan ahamiyatga molik. Petrarka antik dunyoni ideallashtirgan Yevropa shoirlaridan biri sifatida lotin shoirlarining qoʻlyozmalarini toʻplab, ularga sharhlar yozdi, ayni paytda oʻz asarlari bilan klassik lotin tilini tiklashga urindi. Agar uning lotin tilidagi “Afrika” (1339–42, tugallanmagan) dostoni Vergiliyning “Eneida”si uslubida yozilgan boʻlsa, majoziy mazmundagi “Bukolikalar” (1346–57) asari choʻponlar eklog (qoʻshiq)lariga tadabbu tarzida maydonga kelgan. Petrarka italyan tilida xam ijod qilgan. Uning italyan tilidagi lirik asarlarida ishqiy va siyosiy mavzular ustuvorlik qiladi. Petrarkaning “Mening Italiyam” asarida vatan jarohatlangan goʻzal ayol qiyofasida gavdalanadi. Petrarka ijodida Lauraga bagʻishlangan lirik sheʼrlar turkumi, ayniqsa, katta badiiy qimmatga ega. Shoirning eʼtirof etishicha, u Laurani 1327-yil Avinon shahridagi ibodatxonalarning birida uchratib, uni bir umrga sevib qolgan. Petrarkaning Lauraga bagʻishlangan sheʼriy turkumi “Kantsonere” deb atalgan (“Madonna Laura hayotiga” va “Madonna Laura oʻlimiga”, 2 qism). 317 sonet, 29 kantsona, 9 sekstina (toʻqqizlik), 7 ballada va 4 madrigaldan tashkil toptan “Kantsonere” oʻziga xos sheʼriy kundalikdir. Petrarka, salaflaridan farkdi oʻlaroq, sevimli ayol obrazini aniq-tayin va hayotiy belgilar bilan boyitgan. Shu sababdan ham uning lirikasi nafaqat italyan, balki Yevropa lirikasi taraqqiyotida yangi davrni tashkil etadi. Petrarka, lirik sheʼrlaridan tashqari, tertsina (uchlik) bilan yozilgan “Tantanalar” (1354) majoziy dostonini ham Lauraga bagʻishlagan. Petrarka lirikasi, ayniqsa, sonetlari Yevropa shoirlari ijodiga katta taʼsir koʻrsatgan. Oʻzbek sheʼriyatida Usmon Nosir, Rauf Parfi va boshqa Boyqobilov singari shoirlar ijodida sonet janrining paydo boʻlishi va taraqqiyoti ham Petrarka ijodining taʼsiri samarasidir. Petrarkaning bir qancha sonetlari uzbek tiliga tarjima qilingan.Naim Karimov.

1 ta kitobdan 1 dan 1 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz