Abay Qo‘nanboyev

image
2
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
0.0
Reyting
Janrlari:
hikoya

Qo‘nonboyev Abay (Ibrohim), Abay [1845. 10. 8, Yettisuv viloyati Chingiztog (hoz. Abay) tumani – 1904. 6. 7] – qozoq yozma adabiyotining asoschisi, ma’rifatparvar shoir.
Ettisuvdagi Ahmad Rizo madrasasida tahsil olgan. Sharq mumtoz adabiyotining Firdavsiy, Sa’diy, Navoiy, Fuzuliy singari namoyandalari asarlarini o‘rgangan. Bu shoirlarning asarlaridagi dunyoviy g‘oyalar ta’sirida xalqni ma’rifatga undovchi she’rlar yoza boshlagan.
Abay dunyoqarashining shakllanishida Sharq mumtoz shoirlari bilan birga Yettisuvga surgun qilingan rus demokratlari va ular orqali Krilov, Pushkin, Lermontov, Tolstoy asarlari bilan tanishish muhim omil bo‘lgan. Uning fikricha, ko‘chmanchilik sharoitida yashab kelayotgan va shu tufayli urug‘-urug‘larga bo‘linib ketgan qozoq xalqi mentalitetidagi ayrim qusurlarni bartaraf etmay turib, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotga erishish mumkin emas. Shu maqsadda ma’rifat va madaniyatni targ‘ib etuvchi, yaxshi insoniy fazilatlarni tarbiyalovchi didaktik yo‘nalishdagi asarlar yozishga katta e’tibor bergan. U qozoq xalqini ma’rifatga, madaniyatga, insoniylikka undovchi 44 ta katta-kichik lavhalardan iborat «Naqliya so‘zlar» falsafiy hikoyasini yozgan.
Abay Chernishevskiy va Dobrolyubov singari rus demokratlarining g‘oyalari, Arastu, Suqrot, Aflotun, hatto Gegelning falsafiy-didaktik qarashlari bilan ham tanishgan. Uning 200 dan ziyod she’r va 4 dostondan iborat adabiy merosida bu siymolar ta’sirida yozilgan asarlar oz emas. Abay «Iskandar» dostonida makedoniyalik Aleksandr obraziga murojaat etib, «Ajralganni bo‘ri yer» degan hikmatni tarqoq holda yashab kelayotgan vatandoshlari shuuriga quymoqchi bo‘lgan.
Abayning adabiy merosida «Mas’ud», «Azim rivoyati», «Vadim» singari dostonlar ham alohida o‘rin egallaydi. Abay shaxsan o‘zi she’riy ijod bilan shug‘ullanibgina qolmay, farzandlarini ham adabiyot olamiga olib kirdi. Ulardan biri – Mag‘aviyaga «Meng‘at Qosim», Oqilboyga esa «Qissai Yusuf» dostonlarining syujetini «sovg‘a qilib», shu asarlarning yozilishiga sababchi bo‘lgan. Abay ayni vaqtda do‘mbira chertib, o‘z she’rlariga kuylar ham bastalagan.
Muxtor Avezov o‘z ijodiy umrining kattagina qismini Abayning hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganishga sarflab, u haqda ko‘p jildli «Abay yo‘li» epopeyasini yaratgan. Abayning aksar asarlari o‘zbek tiliga Mirtemir va boshqa shoir, yozuvchilar tomonidan o‘girilgan.

2 ta kitobdan 1 dan 2 gacha koʻrsatilmoqda
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz