Mahliyo Umarjonova

Mahliyo Umarjonovaning "Qo‘rqma" asariga taqrizi

15-oktabr 2025

#book_review

Nomi: Qo‘rqma
Muallifi: Javlon Jovliyev

1922-yilda Turkistondan Germaniyaga 70dan ortiq talabalar ta’lim olish va keyinchalik vatanga qaytib, o‘z ilm va tajribalarini boshqalarga o‘rgatish maqsadida yuborilgan. Asar aynan shu 70 nafar talaba haqida bo‘lib, unda millat va tarix mavzulari asosiy oʻrin olgan.

Asarning bosh qahramoni — tarix fakultetida o‘qiyotgan talaba. Uning butun o‘y-fikri Germaniyaga o‘qishga ketgan o‘sha 70 talaba bilan bog‘liq edi. Buguni ham, ertasi ham, barcha g‘ami ham o‘tmishdagi talabalar edi. U haqiqatni bilishga intilardi, o‘sha talabalar bilan suhbatlashishni, ularning orasida bo‘lishni orzu qilardi. Uning yagona tashvishi ham shu edi.

Tush — bu inson ongida bo‘lishini istagan voqealar, tasvirlar va his-tuyg‘ularni mutloq amalga oshirish mumkin bo‘lgan illuziyaviy maydon. Ya’ni, hayotda imkonsiz tuyulgan narsalar tushda ro‘yobga chiqadi. Tushlarga hech kim chegara qo‘ymaydi — u yerda hamma narsa boʻlishi mumkin. Asar qahramoni ham tushlarida yashardi. Uning uchun tushlari real hayotidan ko‘ra ma’noliroq edi. Tushlari uning butun dardi va qaygʻusi edi. Shunga qaramay, u o‘z tushlarida baxtli edi, chunki ular uni o‘tmishga, 70 talabalar davriga olib ketardi.

Asar voqealari ikki davr — o‘tgan asr va hozirgi zamon oralig‘ida kechadi. Asar ogʻir dard bilan yozilgani shundoq bilinib turadi, huddiki muallif oʻzidagi bor ogʻrigʻini qalamiga bergandek... 
Go‘yo u millatini, tarixini unutgan avlodning yuziga tarsaki tushirgandek: “Sizlardek avlod uchun o‘sha talabalar, jadidlar jon fido qilganmidi? Sizlar ularga loyiq bo‘ldingizlarmi?” degan savollar bilan g‘azablanayotgandek.
Bunga isbot sifatida muallif hozirgi zamonda yashayotgan talabalar hayotini ko‘rsatadi — kimningdir dardi uxlash, boshqasiniki faqat telefon, yana biriniki qizlar... Bu esa, aslida, bizning bugungi hayotimizni aks ettiradi. Shundan xulosa qilish mumkinki: 100 yil avvalgi talabaning dardi — ilg‘or ilmni zoʻr muttaxasislardan o‘rganish, yurtiga qaytib, boshqalarga o‘rgatish va davlatini rivojlantirish bo‘lgan bo‘lsa, XXI asr talabalarining dardi — uxlash, telefon va boshqa mayda istaklar atrofida aylanyapti. Balki muallif aynan shu farqni ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir ya'ni bir asrda talabalarning maqsadi va hayotiy qarashi qanchalik o‘zgarganini.

Xullas, bu dardni his qilish uchun asarni o‘qish kerak. Asarning yozilish uslubi o‘ziga xos, muallif og‘riqni yurakka yetkazib bera olgan. Undagi millat, tarix va o‘lim mavzulari juda ta’sirli yoritilgan, ayniqsa, o‘lim haqida gap ketganida negadir ko‘zimda yosh aylanaverdi. Qahramonlar o‘rtasidagi ba’zi monologlar meni uzoq va yaqin xotiralarga olib ketdi, chunki o‘sha suhbatlar men ham talaba boʻlganim uchun menga tanish edi.

@mahliyo_umarjonova

Tizimga kirish

Hisobingizga kiring va kitoblar olamiga sho‘ng‘ing

yoki email orqali

Hisobingiz yoʻqmi?

Telegram Help