#MenOʻqiganKitob
📖 G'afur Shermuhammad. Quduq
Hayotda tabiatan sokin insonlar bo'ladi. Hayotda hokisor insonlar bo'ladi. Hayotda birovga qattiq gapirmaydigan insonlar bo'ladi. Hayotda birovlarning manfaatini o'zinikidan-da ustunroq qo'yadigan insonlar bor.
Muallifning "Quduq" asari qahramoni Lallay (laqab - lallaygan degan ma'noda) ana shunday inson. Kim nima desa ho'p deya qilib ketaveradigan, mehnatdan qochmaydigan, quduq kovlovchi obraz. Arzimagan pulga birovlarning qudug'ini kovlar, uy qurilishi va suvoqqa loy tayyorlab beruvchi inson. Soddaligi sabab, yo'q deya olmasligi sabab farzandidan ham ayriladi.
Hayotda tabiatan toshqin insonlar bo'ladi. Hayotda kibrli insonlar bo'ladi. Hayotda og'ziga kelgan gapni o'ylanay-netmay gapirib yuboradigan insonlar bo'ladi. Hayotda o'z manfaatini hammanikidan-da ustunroq qo'yadigan insonlar bo'ladi.
Asarning bosh qahramoni atrofidagi aksar insonlar ana shunday insonlar. Avvalo mening ishim bitsin, mening manfaatim hammasidan ustun deydigan insonlar.
Asarni o'qish davomida negadir "Otamdan qolgan dalalar" asarini qayta o'qiganday bo'ldim. Qishloqning sodda odamlari, urf-odatlari, uning tabiati tasvirlari ro'y-rost ifoda etiladi.
🎬 Ushbu asar asosida suratga olingan aynan shu nomdagi filmni ham muvaffaqqiyatli chiqqan deb aytish mumkin. Biz komik rollarda ko'rishga odatlangan Muhammadiso Abdulhairov Lallay rolini juda maromiga yetkazib ijro etgan.
Kitobni "Mutolaa" dasturida o'qishingiz yoki tinglashingiz mumkin.
📚 Men o'qigan boshqa kitoblarga taqrizlar (https://t.me/BahodirMahmud/304)
✅ @BahodirMahmud