«Molxona»
Qisqacha syujet:
Voqealar debochasi “qo’rg’oncha” nomli fermadagi hayvonlarning ferma xo’jayini Jonsning, umuman olganda butun insoniyatning hayvonlarga bo’lgan munosabatiga nisbatan e’tirozi bilan boshlanadi. Keksa mayordan olingan maslahatlari o’laroq, cho'chqalar Napoleon va Snoubol boshchiligidagi qo'zg'olon boshlanadi va hayvonlarning fermani egallashi bilan yakun topadi. Yangi tashkil etilgan “Hayvonobod” fermasida “hamma” hayvonlarning huquqi tenglashtiriladi, farovon kelajakka va’da beriladi (cho’chqalar tomonidan). Ammo vaqt o‘tishi bilan qo‘zg‘olon g‘oyalari “chetlab” o’tila boshlanadi, buzib tashlanadi, keyin esa unutiladi, yangi va kutilmagan hodisalar yuz bera boshlaydi...
Tahlil:
Jorj Oruellning “Molxona” (Animal farm) asari birinchi marotaba 1945-yilda nashr etilgan. Aynan “Molxona” orqali Oruell dunyo adabiyoti sahnasiga dadil qadamlar bilan kirib keldi. Kitob bu yil o‘zining 77 yoshini qarshi olmoqda va shu yillar davomida 10 milliondan ziyod kitobxonning sevimli asarlari qatoridan joy olgan.
Asar hali-hanuz kitobxonlar uchun dolzarbligini yo’qotmagan va hozirda ham qizg'in munozaralar maydoni bo'lib qolmoqda. Kitobdagi asosiy voqealar Rossiyadagi bolsheviklar inqilobi voqealari va Stalinning olib borgan siyosati haqida bo’lib, voqealar satirik qarashlar orqali ochib berilgan. Bilasizki, “satira” bu - o’tkir kinoya, ya’ni jamiyatdagi voqelikning salbiy hodisalarini qoralovchi yo’nalish. Bunda jamiyatdagi muammolar kuchli tanqid va kulgi bilan yoritiladi. Odatda satira yashirin bo’ladi, voqealarning real koʻrinishi oʻzgartirilib, unda jamiyatdagi bemaʼni hodisalar, illatlar fosh qilinadi.
Kitob siz uchun zavqli, hamda foydali bo’lishi turgan gap. Uni o’qish davomida, siyosiy manipulyatsiya qanday ishlashini, diktatura qanday olib borilishi, davlatlar, siyosatchilar insonlarni qanday boshqarishini hayvonlar misolida kuzatasiz. Balki o’zimizning siyosatga ham o’xshash tomonlarini payqay olarsiz. Balki, nega bu asarni vaqtliroq o’qimadim deyishinggiz mumkin (agar o’qimagan bo’lsanggiz albatta)
Mo'jazgina asar bo'lishiga qaramay, sizga uzoq muddatga yetadigan taassurotlar ulashiashi tayin. Yoqimli mutolaa...