O‘zbek adabiyotini o‘rganar ekansiz, unda yangidan-yangi qahramonlar chiqishda davom etadi. Men "1984" asarini o‘qiyotgan vaqtim qachondir o‘zbek tilida ham, O‘zbekistonda ham shunday asar yozilarmikan, degan savol tug‘ilgandi. Lekin bunday asar Karimov davrida yozilgani va O‘zbekistonda nashr etilgani hayolimni bir chetiga ham kelmagandi.
Adabiyot ustozimning va yana boshqa bir-biridan mustaqil odamlarning aytishicha Ahmad Aʼzam ismli yaxshi yozuvchi bo‘lgan (boshqa yaxshi ishlar ham qilgan, ularni internetdan o‘qib olasiz). Uning "Ro‘yo yohud G‘ulistonga safar" antiutopik asarini o‘qib chiqdim (men haligacha Karimov va antiutopik asar degan so‘zlarni bitta postda ishlatayotganimga hayron qolyapman).
Kitobda bosh qahramon adashib, qattiq intizom o‘rnatilgan hayoliy G‘uliston davlatiga borib qoladi. Unda barcha odamlar o‘z tanasini to‘liqligicha zanjir bilan o‘raydi va butun umrini shunday o‘tkazadi. Ular bolaligidanoq zanjirga burkanadi, mamlakatda g‘ayriinsoniy zanjir mafkurasi olib boriladi, boshqa davlatlardagi zanjirsizlar adashgan bandalar sifatida ko‘riladi.
G‘uliston hech kimga ko‘rinmaydigan bir hukmdor tomonidan boshqariladi, hamma unga sig‘inadi. Bu o‘rinda asarda "1984" elementlarini sezish mumkin. Lekin asosiy farq shundaki, Ahmad Aʼzam qahramoni G‘ulistonga adashib kelib qolsa, Oruell personaji o‘sha jirkanch va inson erkiga zid davlatda yashaydi. Siz G‘ulistondan qachondir chiqib ketishingizga ishonasiz, Uinston bilan birga esa otuvga hukm qilinasiz. Ahmad Aʼzam asarida kelajakka bo‘lgan umid seziladi. Bir qator epizodlarda buni ko‘rish mumkin.
Antiutopik asarlarning asosini insonning fundamental huquqlarini cheklovchi holatlar egallaydi. Asarning deyarli har bir epizodida Karimov qurgan davlat bilan parallellar keltirish mumkin. Ammo xulosa bu haqda emas.
Sen istalgancha cheklovlar kiritishing, qanaqadir ko‘rinmas qora ro‘yxatlar yuritishing, xalqni oldinga boshlashi mumkin bo‘lgan shoirlarning ovozini o‘chirishing, erkin fikrga ega odamlarni vatandan quvishing mumkin. Lekin hech qachon adabiyotni mag‘lub eta olmaysan. Eng dahshatli totalitar tizimlarda ham G‘ulistonga o‘xshash asarlar yozilgan, yozilmoqda va yoziladi!