"Mehrobdan chayon"ga Azimbek Xushmamatovdan taqriz va iqtiboslar

Mehrobdan chayon

Abdulla Qodiriy

Reyting: 4.9

Baho: 16 ta Taqriz: 1 ta Iqtibos: 0 ta

Taqriz

14-noyabr, 2025

Qodiriyning "Mehrobdan chayon"i haqida ko‘plab taqrizlar yozilgan, tahlillar qilingan. Men ham asarni o‘qib chiqdim va bugungi postda kitobga boshqacha nigoh bilan diktatura prizmasi bilan qarab ko‘rmoqchiman.

Yuzaki qaraganda asar Anvar va Ra'noning muhabbati va ular bir-biriga yetishishi yo‘lidagi to‘siqlar haqida. Bu to‘siqlarning eng kattasi esa Qo‘qon xoni Xudoyor.

Albatta, Xudoyorning diktaturasi (diktatura deyish mumkinmi buni yoki yo‘q bilmayman) XX asr qo‘rquv diktatorlaridan yoki XXI asr manipulyativ diktatorlaridan farq qiladi. Asar muhabbat haqida bo‘lgani va Xudoyorxon 2-darajali qahramon ekanligi uchun uning jinoyatlariga ko‘p to‘xtalib o‘tilmaydi. Lekin asardagi xonga yaqin bo‘lgan uning huzurida ishlaydigan qahramonlarning ta'riflaridan klassik diktatorlar tomonidan amalga oshiriladigan jinoyatlar Xudoyor tomonidan ham qilingani seziladi. "Mehrobdan chayon" xonlar diktaturasini o‘rganishda qo‘l keladigan ajoyib asar.

Shunday kitoblar, filmlar, seriallar borki unda biror tarixiy fojea fonida muhabbat qissasi tasvirlanadi. Bunga yorqin misol "Titanik" filmi. "Mehrobdan chayon"ni ham bemalol mana shunday asarlar sirasiga kiritish mumkin. Zero Qodiriyning o‘zi ham asarni "Xudoyorxon va munshiylari hayotidan tarixiy ro‘mon" deb boshlaydi. Bu ham Anvar va Ra'no hayoti o‘z yo‘liga ekani va Xudoyorning dastidan Qo‘qonda yuzlab yoki minglab odamlar bu ikki qahramonning taqdirini boshidan kechirgani va hammasida ham intihoda yaxshilik g‘alaba qozonmaganini anglatadi. Asardagi "Qirq qizlar" nomli bob voqealikdagi fojeani yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi.

Asar so‘nggida Abdulla Qodiriy mehrobdagi chayon mulla Abdurahmon ekanini ta'kidlaydi. Kitob yozilganiga 4 yildan so‘ng bir asr to‘ladi va mehrobdagi boshqa chayonlarni ham izlab ko‘rganim uchun Abdulla bobo meni kechiradi.

Yuqoridagi fikrlar subyektiv hisoblanadi. Men diktatorlar mavzusiga juda qiziqqanim va doim ularni o‘rganib borishim sababidan Qodiriyning ushbu buyuk asariga ham ayni prizmadan qarashga harakat qildim.

Iqtiboslar

Hozircha iqtiboslar yoʻq :(
Logo Logo © 2025 Mutolaa.uz