Maqsud Shayxzoda

Maqsud Shayxzoda

Tavalludi
7-noyabr 1908
Vafoti
19-fevral 1967

Maqsud Shayxzoda – maʼrifatparvar shoir, dramaturg, adabiyotshunos va zabardast tarjimon. Maqsud Shayxzoda 1908-yil 7-noyabrida Ozarbayjonning Oqtosh shahrida ziyoli oilada tavallud topdi. Uning otasi Maʼsumbek oʻz zamonasining taraqqiyparvar kishilaridan biri boʻlib shifokorlik kasbidan tashqari, sanʼat, adabiyot, tarix va falsafa ilmlari bilan qiziqardi. Ularning oilasida shaharning eng ziyoli kishilari yigʻilib, munozara va mubohasa qilishardi. Bu adabiy muhit uchun Pushkin va Lermontov, Shekspir va Balzak, Firdavsiy va Xayyom, Nizomiy va Navoiy asarlari begona emas edi. Shunday oilada tarbiya topayotgan boʻlajak shoir boshlangʻich va oʻrta maʼlumotni Oqtoshda olgach, Boku Oliy pedagogika institutida sirtdan oʻqidi. U 1925-yildan boshlab Ozarbayjon Maorif xalq komissarligi yoʻllanmasi bilan Dogʻistonning Darband shahrida muallimlik bilan shugʻullandi. Shayxzoda Dogʻistonda kechgan qisqa hayoti davomida ham muallim, ham shoir, ham jurnalist, ham tanqidchi sifatida namoyon boʻldi. Shayxzoda 1928-yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar muharririyatlarida, 1935-1938 yillarda esa Fanlar Qoʻmitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938-yildan to umrining soʻngiga qadar Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining “Oʻzbek mumtoz adabiyoti” kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qilib, malakali kadrlar yetishtirdi.

Shayxzoda 1967-yil 19-fevral vafot etdi. U Toshkentning Farobiy qabristonida dafn etilgan. Ozarbayjon tuprogʻida tugʻilgan falakning gardishi bilan oʻzbek tuprogʻiga kelib qolib, zavq –shavq bilan ijod qilgan, zamonaviy oʻzbek adabiy tili va adabiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan bu ulugʻ insonning muborak nomi hech qachon xalq nomidan oʻchmaydi.

Shoirning adabiy faoliyati 1929-yildan boshlanib, “Oʻn sheʼr” (1932), “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1935) toʻplamlarining nashr etilishi adabiyotga oʻziga xos ovozli shoir kirib kelayotganidan darak berdi. Uning “Kurash nechun”, “Jang va qoʻshiq”, “Kapitan Gastello”, “Koʻngil deydiki...” sheʼriy toʻplamlari, “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasi kabi asarlari urush yillarida yozilgan boʻlib, jangchilarning qaxramonligi, vatanga muhabbati, front ortidagi insonlarning sadoqatli mehnati tasvirlangan. “Oʻn besh yilning daftari”, “Olqishlarim”, “Zamon torlari”, “Shuʼla”, “Chorak asr devoni” kabi sheʼriy toʻplamlarida, urushdan keyingi yillarda qatagʻon boʻlgan shoir, totuvlik uchun kurash, Vatanga fidokorlikni kuyladi. 1958-yili adibning “Toshkentnoma” lirik dostoni yaratildi. Ushbu doston qadimiy va ayni chogʻda zamonaviy Toshkent shahriga bagʻishlangan. Shayxzoda nafaqat lirik shoir, balki, isteʼdodli dramaturg hamdir. 1960-yilda yozgan “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasida buyuk oʻzbek olimi, munajjimi va maʼrifatparvar hukmdori obrazini yaratdi.

Shayxzoda Pushkinning “Mis chavandoz”, Lermontovning “Kavkaz asiri”, Mayakovskiyning “Juda soz” dostonlari va koʻplab sheʼrlarini, Shekspirning “Hamlet”, “Romeo va Julyetta” tragediyalari va sonetlarini, Nozim Xikmatning sheʼrlarini, ozarbayjon shoirlari asarlarini va oʻzbek tiliga oʻgirdi.

Shayxzodaning oʻzbek adabiyoti tarixi, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodini tadqiq etish borasida yaratgan ilmiy ishlari ham tahsinga sazovordir. U filologiya fanlari nomzodi, dotsent ham edi. Shayxzoda asarlari dunyoning bir necha tillariga puxta oʻgirilgan.

Kitoblar (0)

Hali kitob qoʻshilmagan

Tizimga kirish

Hisobingizga kiring va kitoblar olamiga shoʻngʻing

yoki email orqali

Hisobingiz yoʻqmi?

Kirishda muammo boʻlsa, biz bilan bogʻlaning.