Mahliyo Umarjonova

Taqrizlar

#book_review ✨

Номи: Дунёни тебратган 7 буюк 
Муаллифи: Ахмад Мухаммад Турсун
Хажми: 584 бет

Ушбу китобда дунёга катта хисса кушган, Ислом оламида уз хаёти ва фаолияти билан учмас из колдирган, баъзиларга урнак була олган Хасан Басрий, Умар Ибн Абдулазиз, Абдуллох Ибн Муборак, Абу Хомид Газзолий, Салохиддин Айюбий, Амир Темур ва Аврангзеб Оламгир хакида ёзилган. Хар бир шахснинг хаёти хакида батафсил тухталган ва хар бирида бошкалардан ажратиб турадиган узига яраша хислат булган. Энг мухими: нега айнан улар буюк шахс хисобланган? Нима уларни бошкалардан ва хозирги даврдаги одамлардан ажратиб турган? Биз кандай йул тутсак буюк шахсиятга айланамиз? каби саволларга жавоб топишингиз мумкин.

Бу китоб тарихий асар хисобланади. У оркали хар бир шахс билан якиндан танишса булади ва рухан улар яшаган даврда узингизни хис киласиз. Катта эхтимол билан сиз билган ва билмаган маълумотларни айнан ушбу китобдан топсангиз булади. Агар тарихга кизиксангиз, ушбу китобни албатта укишингизни тавсия киламан!

@mahliyo_umarjonova

15-oktabr, 2025

#book_review ✨

Nomi: Alvido, bolalik
Muallifi: Tohir Malik

Tohir Malik - o'zbek adabiyoting eng yorqin yozuvchilaridan biri hisoblanadi. U 1989-yil "Alvido, bolalik" detektiv asarini yozadi. Ko'plab o'quvchilarning qalbidan joy olgan bu asar har bir qahramonning hayoti ila ibrat va hikoyalarga to'la.

Bolalik deganda hayolimga quyidagilar keladi: umrning eng yoqimli davri, beg'am kunlar, erkalanish va injiqliklar, turli xil o'yinlar va eng asosiysi beg'ubor jajji qalb sohibi. Hech o'ylab ko'rganmisiz bolalik qachon yakun topadi? Siz o'z bolaligingizga qachon alvido degansiz, yoki hali ham bolamisiz? Ba'zi insonlar aqlini tanidimi ulg'ayadi, ba'zi insonlar bo'lsa umrining so'nggigacha bola bo'lib qoladi. Yana bir toifa odamlar o'z vaqtida bola ham, o'smir ham, yosh ham, o'rta yosh ham bo'lib havas qilarli darajada keksayishadi. Men hozir jismoniy ulg'ayish haqida emas manan ulg'ayish haqida aytyapman. Bu uch toifa insonlar ichida fikrimcha eng qiyini bolaligi bo'lmagan, go'daklikdan hayot tashvishlariga qorishib ketgan,o'z umr yo'lini o'zi tanlay olmaydigan, hattoki orzu qilishdan ham qo'rqadigan, bolalik so'zini baxt so'zi bilan bog'lay olmaydigan insonlar bo'lsa kerak.

Ushbu asarda o'smir yoshlarning hayoti, qanday qilib kichkina yoshdagi bolalar jinoyat ko'chasiga kirib ketgani ko'rsatilgan. Bosh qahramonlar: Asror, Salim va Qamariddinlar o'ziga yarasha sabablarga ko'ra bu ko'chaga kirib qolishgan, ammo uchchalasini ham birlashtiruvchi sabab - ota-onasi tomonidan tushunmaslik, bemehrlik va yaqin odami, maslahatchisi bo'lmasliklari. Ularning hikoyasi bilan tanishib angladimki hamma jinoyatchilar ham yomon emas, hammasi ham vahshiy emas. Fikrimcha, odam jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Uni atrof-muhit jinoyatchi qilib tarbiyalaydi.
Asardagi Keldiyorovlar oilasi tufayli tushundimki bolaga hamma sharoit qilib berish bilan to'g'ri tarbiya berib bo'lmaydi. Aksincha, bola tarbiyasi ham katta ilm, uni ham o'rganish va bolalarda to'g'ri qo'llash orqali natijaga erishsa bo'ladi. Keldiyorovlar oilasi poraxo'rlik, obro' va mansab orqali o'zining maqsadiga erishishga harakat qiluvchilar timsoli ham hisoblanadi. Bu kabi odamlar har bir jamiyatda bo'lganidek, asarda ham o'z ta'sirini ko'rsatishgan.

Umumiy qilib aytganda Tohir Malikning ushbu asari o'qishga arziydi, ketkazgan vaqtizga achinmaysiz degan umiddaman!

@mahliyo_umarjonova

15-oktabr, 2025

#book_review

Nomi: Asrga tatigulik kun
Muallifi: Chingiz Aytmatov

Chingiz Aytmatov - mashxur qirgʻiz yozuvchisi hisoblanadi, uning asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan. U nafaqat yozuvchi, balki SSSR keyinchalik Qirgʻiziston nomidan diplomat boʻlib ham faoliyat yuritgan.

Fantastik syujetga ega "Asrga tatigulik kun" asarida insoniylik, doʻstlik va oila mavzulari asosiy oʻrin olgan. Fantastik jihati shundaki Amerika va SSSR oʻrtasida qoʻshma kosmik shartnoma tuziladi, unga koʻra samoviy "Paritet" bekatida ilmiy ishlar olib borilishi kerak boʻladi. Ammo ushbu bekatdagi navbatchi olimlar boshqa sayyora bilan aloqa oʻrnatishni boshlashadi. Bu syujet goʻyoki kelajakda boʻladigan oʻzgarish va rivojlanishlarni tasvirlayotgandek.

"Boʻronli" temir yoʻl bekatida yashovchi va ishlovchi qozoq millatiga mansub Edigey Boʻron oʻzining koʻrgan va kechirgan sinovlari, qiyinchiliklariyu hursandchiliklari haqida soʻzlab beradi. U oʻz hikoyasini boshlashiga doʻsti Kazangapning oʻlimi sabab boʻladi. Oʻlim habarini eshitganidan to uzoqda joylashgan Ona-Bayt qabristoniga dafn etish uchun borguncha Edigeyning butun hayoti bir kun ichida koʻz oldidan oʻtadi va ushbu kun goʻyoki "asr"ga qiyoslanadi.

Asarda eng ta'sirli va butun vujudimni titratib yuborgan narsa bu Joʻlomonni manqurt qilishlari boʻldi. Qanday tarzda manqurt qilishlari haqida yozmadim, bu juda ayanchli jarayon, qiziq boʻlsa ma'lumot izlab koʻrishingiz mumkin. Manqurt qilingan inson oʻzligini, inson ekanligini, ota-onasini, qarindoshlarini butunlay unutadi. Hotirasidan hamma narsa oʻchib ketadi, boʻm-boʻsh oq qogʻozdek boʻlib qoladi. Manqurtlarga eng ogʻir, eng iflos ishlarni qildirishadi, buning evaziga ovqat berishsa yetarli, hojasining gapini soʻzsiz bajaradi. Manqurt qilinish - bu jazo emas, jazodan ham oʻta yuqori darajadagi ogʻir azob. Qamab qoʻyishsa yoki qandaydir chegara qoʻyishsa mayli edi, vaqt oʻtib bu tugaydi, ammo manqurtlik abadiy qoladi. Qanday ogʻir kim ekanligingni, nimaga yashayotganingni va kimlarga itdek ergashayotganingni bilmay yashash?! Qanday azob bir vaqtning oʻzida na inson va na hayvon boʻlib yasash?!
Ona har doim mehribon, bolasi uchun oʻzini fido qiladigan, bor-budidan kechadigan yaratiliq. Joʻlomonning onasi ham hamma onalar kabi bolasiga mushtoq, begʻubor va cheksiz muhabbat ila farzandini yaxshi koʻruvchi ona edi. Dom-daraksiz yoʻqolib qolgan ogʻlini har lahza kutardi, oxir oqibat oʻzi izlashga yoʻlga chiqdi. Onaizor oʻgʻlini topdi, ammo qaniydi topmasa deb yubordim. Manqurt qilingan Joʻlomon na oʻzini, na onasini tanirdi. Onasi qanchalik oʻzini va ota-onasini tanitishga urinmasin bolasidan sado chiqmasdi. Unga hojasining gapi hammadan ustun edi, u nima qil desa qilardi, manqurt hatto oʻz onasini oʻldirishgacha borganidan tap tortmadi.

Joʻlomon ongsiz ravishda manqurt qilingan boʻlsa, asarda ongli ravishda oʻz ixtiyori bilan manqurt boʻlgan Sobitjon ham bor edi. Ikkilasi ham oʻz ota-onasini, yashab oʻtgan yerlarini, urf-odatlarini, tarixini unutgan edi. Biri zoʻrlash va majburlash orqali boʻlsa, boshqasi esa "davlat tizimiga oʻzini butkul topshirish" va "ongli ravishda insoniylik hislatlarini yoʻqotish" tufayli edi. Afsuski, bizning zamonimizda ham ongli manqurtlar uchrab turadi.

Asarda SSSRning siyosati ham alohida oʻrin olgan. Turli xil repressiyalarga uchragan Abutolib va uning oilasi bunga yaqqol misol. Abutolib va Zarifa ilmli, ziyoli oʻqituvchilar edi, ammo siyosat va taqdir taqazosi tufayli "Boʻronli" bekatiga kelib qolishadi. Afsuski, bu kimsasiz choʻlda ham ularni "ziyoli" boʻlishgani uchun va Abutolib bir paytlar urushda asirga tushganligi uchun olgan "yurt dushmani" degan tamgʻasi uning oilasini doim ta'qib etib keladi. Oxir oqibat ushbu "ayblovlar" Abutolibni vaxshiy tizim bagʻriga tortadi.

Xulosa qilib aytadigan bo'lsam, asar oʻqishga arziydi, koʻp qiziqarli ma'lumotlar bor ekan, ayniqsa qozoq millatining urf-odatlari va madaniyati haqida.

15-oktabr, 2025

#book_review✨

Nomi: Lolazor
Muallifi: Murod Muhammad Doʻst

Murod Muhammad Doʻst — zamonaviy oʻzbek adabiyotining yirik vakillaridan biri, yozuvchi va davlat arbobi. U "Lolazor" asarini 1988-yilda yozgan va bu kitob omma orasida keng tarqalgan hamda shiddatli muhokama qilingan asarlardan biri hisoblanadi.

Asar bosh qahramonlari yoshligidan birga oʻsgan ikki qalin doʻst — Nazar Yaxshiboyev va Oshno (Xorun Kalomov). Ularni Bulduruq qishlogʻidan shaharga mahalla raisi sharofati bilan oʻqishga yuborishadi. Shu ondan boshlanadi ikki doʻstning sarguzashtlari, talabalik yillari, yoʻqchilik va toʻqchilik kunlari.

Vaqt oʻtib, zamon aylanib, oddiy bir choʻpon va boʻyoqchining farzandlaridan biri “yozuvchi” boʻladi, boshqasi esa yurtga “Ota”. Mansab pillapoyasidan tepaga chiqishar ekan, ikkisining ham qalbida ezgulik, insonlarga foyda keltirish, adolatli boʻlish va oʻz qishlogʻini “Lolazor”ga aylantirish niyati bor edi. Biroq bu amalga oshdimi? Zinapoyaning quyisida turgan vaqtda aytilgan soʻzlar, berilgan va’dalar tepaga chiqqanda ham esda turganmidi, aytilgandek bajarildimi? Yoki tepaning “muammo va shoʻvqini” tufayli hammasi unutib yuborildimi?!...

Asar bir qarashda oddiy doʻstlarning munosabatlari va hayotida roʻy beradigan voqealardan iboratdek koʻrinadi. Lekin yaxshilab nazar solinsa, romandagi voqealar XX asr oʻzbek jamiyatidagi davlat tuzumi, “tepada” sodir boʻlayotgan oʻyinlar va oddiy xalqning boshiga kelgan qora kunlarni oʻzida aks ettiradi.

Asarda Oshnoga ismi bilan murojaat qilinmasligi e’tiborimni tortdi. Keyin bilsam, boshqa “tepadagilar”ni ham ismlari tilga olinmagan ekan, ular haqida “u kishi”, “muhtaram janob” yoki shunga oʻxshash ifodalar ishlatilgan. Balki bu ham yozilmagan “qoida” boʻlishi mumkin, kimdan va qanaqa buyruq kelganini yashirish uchun.

Ommaviy axborot vositalari, jurnalist va yozuvchilar davlat tuzumida asosiy rolni oʻynashadi, chunki ular orqali insonlarga ma’lumot yetib boradi. Gazeta, radio va televideniyada bong urib kimnidir maqtashsa yoki qoralashsa — bu albatta ish beradi, kutilgan natijaga erishiladi, hatto aytilayotgan gaplar reallikka umuman toʻgʻri kelmasa yoki aksi boʻlib chiqsa ham. Vaqti kelib, davlat kimnidir “qurbon” qilishga toʻgʻri kelsa, yana oʻsha “maqtalganlar” asosiy rolga oʻtadi, faqat bu safar “qurbon” sifatida. Huddi shunday holat Aleksandr Shoymardonov bilan sodir boʻlishiga bir qadam qolganida, uning qoʻli va qulogʻi uzunlik qilib, buni oldini oladi.

Murod Muhammad Doʻst romanning asosiy mavzusida yolgʻon ustiga qurilgan davlat sistemasini koʻrsatmoqchidek. Romandagi qahramonlar “yolgʻonda yashayotgan” shaxslar, egallayotgan mansablari esa ularning “sehrli tayoqchasi”. Har bir qahramon eng boshida qanchalik pok, sof va ezgu niyatli boʻlmasin, “yolgʻon” ichida yashar ekan, ich-ichidagi “toʻgʻrilik”ni kerakli darajada saqlab qololmadi. Chunki yolgʻon gʻoya asosiga qurilgan jamiyatda odamning toʻgʻri boʻlishi deyarli imkonsiz.

Asar hajmi katta, ma’nosi chuqur, voqealari esa uzun (shuning uchun bir oydan ortiq muddatda tugatgan boʻlsam kerak). Birinchi marta kinoyalarga boy asarni uchratdim, rostakamiga kulgili, lekin boshqa tomondan achchiq haqiqatni mohirona oʻz ichiga yashirgan. Muallifning yozish uslubiga, gap ortiga gap qoʻyib bir olam ma’no yetkazish qobiliyatiga qoyil qolmaslikning iloji yoʻq.

Bir marta boʻlsa ham oʻqib koʻrishni tavsiya qilaman. "Lolazor" saviya jihatidan kam sonli oʻzbek kitoblari orasida muhim oʻrin egallagan boʻlsa, ajab emas. Asar tugagach, bir necha kunlab oʻylanib yurdim va anglab yetdimki, katta ehtimol bilan, "Lolazor"ni yana qayta oʻqiyman.

"har kishining oʻz zamoni va oʻz Oshnosi bor” - Murod Muhammad Doʻst 

@mahliyo_umarjonova

15-oktabr, 2025

#book_review

Nomi: Qo‘rqma
Muallifi: Javlon Jovliyev

1922-yilda Turkistondan Germaniyaga 70dan ortiq talabalar ta’lim olish va keyinchalik vatanga qaytib, o‘z ilm va tajribalarini boshqalarga o‘rgatish maqsadida yuborilgan. Asar aynan shu 70 nafar talaba haqida bo‘lib, unda millat va tarix mavzulari asosiy oʻrin olgan.

Asarning bosh qahramoni — tarix fakultetida o‘qiyotgan talaba. Uning butun o‘y-fikri Germaniyaga o‘qishga ketgan o‘sha 70 talaba bilan bog‘liq edi. Buguni ham, ertasi ham, barcha g‘ami ham o‘tmishdagi talabalar edi. U haqiqatni bilishga intilardi, o‘sha talabalar bilan suhbatlashishni, ularning orasida bo‘lishni orzu qilardi. Uning yagona tashvishi ham shu edi.

Tush — bu inson ongida bo‘lishini istagan voqealar, tasvirlar va his-tuyg‘ularni mutloq amalga oshirish mumkin bo‘lgan illuziyaviy maydon. Ya’ni, hayotda imkonsiz tuyulgan narsalar tushda ro‘yobga chiqadi. Tushlarga hech kim chegara qo‘ymaydi — u yerda hamma narsa boʻlishi mumkin. Asar qahramoni ham tushlarida yashardi. Uning uchun tushlari real hayotidan ko‘ra ma’noliroq edi. Tushlari uning butun dardi va qaygʻusi edi. Shunga qaramay, u o‘z tushlarida baxtli edi, chunki ular uni o‘tmishga, 70 talabalar davriga olib ketardi.

Asar voqealari ikki davr — o‘tgan asr va hozirgi zamon oralig‘ida kechadi. Asar ogʻir dard bilan yozilgani shundoq bilinib turadi, huddiki muallif oʻzidagi bor ogʻrigʻini qalamiga bergandek... 
Go‘yo u millatini, tarixini unutgan avlodning yuziga tarsaki tushirgandek: “Sizlardek avlod uchun o‘sha talabalar, jadidlar jon fido qilganmidi? Sizlar ularga loyiq bo‘ldingizlarmi?” degan savollar bilan g‘azablanayotgandek.
Bunga isbot sifatida muallif hozirgi zamonda yashayotgan talabalar hayotini ko‘rsatadi — kimningdir dardi uxlash, boshqasiniki faqat telefon, yana biriniki qizlar... Bu esa, aslida, bizning bugungi hayotimizni aks ettiradi. Shundan xulosa qilish mumkinki: 100 yil avvalgi talabaning dardi — ilg‘or ilmni zoʻr muttaxasislardan o‘rganish, yurtiga qaytib, boshqalarga o‘rgatish va davlatini rivojlantirish bo‘lgan bo‘lsa, XXI asr talabalarining dardi — uxlash, telefon va boshqa mayda istaklar atrofida aylanyapti. Balki muallif aynan shu farqni ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir ya'ni bir asrda talabalarning maqsadi va hayotiy qarashi qanchalik o‘zgarganini.

Xullas, bu dardni his qilish uchun asarni o‘qish kerak. Asarning yozilish uslubi o‘ziga xos, muallif og‘riqni yurakka yetkazib bera olgan. Undagi millat, tarix va o‘lim mavzulari juda ta’sirli yoritilgan, ayniqsa, o‘lim haqida gap ketganida negadir ko‘zimda yosh aylanaverdi. Qahramonlar o‘rtasidagi ba’zi monologlar meni uzoq va yaqin xotiralarga olib ketdi, chunki o‘sha suhbatlar men ham talaba boʻlganim uchun menga tanish edi.

@mahliyo_umarjonova

Logo Logo © 2025 Mutolaa.uz