Mahliyo Umarjonovaning "Lolazor" asariga taqrizi
#book_review✨
Nomi: Lolazor
Muallifi: Murod Muhammad Doʻst
Murod Muhammad Doʻst — zamonaviy oʻzbek adabiyotining yirik vakillaridan biri, yozuvchi va davlat arbobi. U "Lolazor" asarini 1988-yilda yozgan va bu kitob omma orasida keng tarqalgan hamda shiddatli muhokama qilingan asarlardan biri hisoblanadi.
Asar bosh qahramonlari yoshligidan birga oʻsgan ikki qalin doʻst — Nazar Yaxshiboyev va Oshno (Xorun Kalomov). Ularni Bulduruq qishlogʻidan shaharga mahalla raisi sharofati bilan oʻqishga yuborishadi. Shu ondan boshlanadi ikki doʻstning sarguzashtlari, talabalik yillari, yoʻqchilik va toʻqchilik kunlari.
Vaqt oʻtib, zamon aylanib, oddiy bir choʻpon va boʻyoqchining farzandlaridan biri “yozuvchi” boʻladi, boshqasi esa yurtga “Ota”. Mansab pillapoyasidan tepaga chiqishar ekan, ikkisining ham qalbida ezgulik, insonlarga foyda keltirish, adolatli boʻlish va oʻz qishlogʻini “Lolazor”ga aylantirish niyati bor edi. Biroq bu amalga oshdimi? Zinapoyaning quyisida turgan vaqtda aytilgan soʻzlar, berilgan va’dalar tepaga chiqqanda ham esda turganmidi, aytilgandek bajarildimi? Yoki tepaning “muammo va shoʻvqini” tufayli hammasi unutib yuborildimi?!...
Asar bir qarashda oddiy doʻstlarning munosabatlari va hayotida roʻy beradigan voqealardan iboratdek koʻrinadi. Lekin yaxshilab nazar solinsa, romandagi voqealar XX asr oʻzbek jamiyatidagi davlat tuzumi, “tepada” sodir boʻlayotgan oʻyinlar va oddiy xalqning boshiga kelgan qora kunlarni oʻzida aks ettiradi.
Asarda Oshnoga ismi bilan murojaat qilinmasligi e’tiborimni tortdi. Keyin bilsam, boshqa “tepadagilar”ni ham ismlari tilga olinmagan ekan, ular haqida “u kishi”, “muhtaram janob” yoki shunga oʻxshash ifodalar ishlatilgan. Balki bu ham yozilmagan “qoida” boʻlishi mumkin, kimdan va qanaqa buyruq kelganini yashirish uchun.
Ommaviy axborot vositalari, jurnalist va yozuvchilar davlat tuzumida asosiy rolni oʻynashadi, chunki ular orqali insonlarga ma’lumot yetib boradi. Gazeta, radio va televideniyada bong urib kimnidir maqtashsa yoki qoralashsa — bu albatta ish beradi, kutilgan natijaga erishiladi, hatto aytilayotgan gaplar reallikka umuman toʻgʻri kelmasa yoki aksi boʻlib chiqsa ham. Vaqti kelib, davlat kimnidir “qurbon” qilishga toʻgʻri kelsa, yana oʻsha “maqtalganlar” asosiy rolga oʻtadi, faqat bu safar “qurbon” sifatida. Huddi shunday holat Aleksandr Shoymardonov bilan sodir boʻlishiga bir qadam qolganida, uning qoʻli va qulogʻi uzunlik qilib, buni oldini oladi.
Murod Muhammad Doʻst romanning asosiy mavzusida yolgʻon ustiga qurilgan davlat sistemasini koʻrsatmoqchidek. Romandagi qahramonlar “yolgʻonda yashayotgan” shaxslar, egallayotgan mansablari esa ularning “sehrli tayoqchasi”. Har bir qahramon eng boshida qanchalik pok, sof va ezgu niyatli boʻlmasin, “yolgʻon” ichida yashar ekan, ich-ichidagi “toʻgʻrilik”ni kerakli darajada saqlab qololmadi. Chunki yolgʻon gʻoya asosiga qurilgan jamiyatda odamning toʻgʻri boʻlishi deyarli imkonsiz.
Asar hajmi katta, ma’nosi chuqur, voqealari esa uzun (shuning uchun bir oydan ortiq muddatda tugatgan boʻlsam kerak). Birinchi marta kinoyalarga boy asarni uchratdim, rostakamiga kulgili, lekin boshqa tomondan achchiq haqiqatni mohirona oʻz ichiga yashirgan. Muallifning yozish uslubiga, gap ortiga gap qoʻyib bir olam ma’no yetkazish qobiliyatiga qoyil qolmaslikning iloji yoʻq.
Bir marta boʻlsa ham oʻqib koʻrishni tavsiya qilaman. "Lolazor" saviya jihatidan kam sonli oʻzbek kitoblari orasida muhim oʻrin egallagan boʻlsa, ajab emas. Asar tugagach, bir necha kunlab oʻylanib yurdim va anglab yetdimki, katta ehtimol bilan, "Lolazor"ni yana qayta oʻqiyman.
"har kishining oʻz zamoni va oʻz Oshnosi bor” - Murod Muhammad Doʻst
@mahliyo_umarjonova